Qishloqlarda arzon uy-joylar quriladi
Xalqaro ekspertlar tomonidan olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, aholini munosib turar-joy bilan ta’minlash maqsadida oxirgi uch yilda 104 mingta, jumladan, qishloqlarda 63 ming va shaharlarda 41 ming xonadonga mo‘ljallangan arzon uy-joylar foydalanishga topshirilgan. Biroq yildan-yilga aholi sonining o‘sishi uy-joyga bo‘lgan talabni to‘liq qondirmaydi.
Buni joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda uy-joy masalalari bilan bog‘liq murojaatlarning haddan ortiq ko‘p kelib tushayotganidan bilishimiz mumkin. Shuningdek, murojaatlarda uy-joylarning sifati talabga javob bermasligi, qurilgan ayrim binolar muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanmaganligidan norozilik bildirilmoqda.
Bu kabi kamchiliklarning sababi, arzon uylarning barqaror moliyaviy manbasi mavjud emas. Asosan byudjet mablag‘lariga bog‘lanib qolgani tufayli tizimda raqobat to‘la shakllanmagan va xususiy sektor ishtiroki yetarli emas edi.
Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrda qabul qilingan “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida uy-joy qurish bo‘yicha birmuncha tajriba orttirgan xususiy korxonalarni bu jarayonga jalb qilish, mazkur yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga davlat tomonidan kerakli shart-sharoitlarni yaratish belgilandi.
Shu sababli joriy yilning 1 yanvaridan boshlab, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida yangi tizim joriy etilishi yo‘lga qo‘yilib, uylar davlat tomonidan emas, to‘liq xususiy sektor tomonidan qurilishi belgilandi. Ya’ni, davlat aholiga ipoteka kreditlarini maqbul shartlarda berish orqali uy-joyga bo‘lgan talabni qo‘llab-quvvatlaydi.
Yangi tartib bo‘yicha davlat buyurtmachi hisoblanib, loyihani o‘zi tayyorlab, uyni o‘zi qurmaydi. Balki, bu ish to‘liq xususiy pudratchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish uchun yer uchastkalari qishloq joylarda tender savdolarida yutib chiqqan tadbirkorlik sub’yektlariga beg‘araz ajratib beriladi. Aholining uy-joyga muhtoj qismini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi tartibda uy-joylar aholi talabidan kelib chiqqan holda, massiv shaklida quriladi.
Avvallari qishloq joylarida qurilayotgan ko‘p qavatli arzon uylar tarqoq joylashganligi sababli ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish va ularni saqlash xarajatlari hamda infratuzilma ob’yektlarini (yo‘l, ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi) o‘tkazish ishlariga ko‘p miqdorda mablag‘ talab etilardi. Oqibatda qurilgan uylar uzoq muddat o‘z xaridorlarini topolmasdi. Endilikda uy-joylar viloyat va tuman (shahar) markazlariga tutash hamda infratuzilma ob’yektlari mavjud hududlarda kamida 200 ta xonadondan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli uylar shaklida quriladi. Buning natijasida infratuzilma xarajatlari kamayib, yerlardan samarali foydalaniladi.
Shuningdek, qishloq joylarda ko‘p kvartirali uy-joylarni quruvchi tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘yiladigan malaka talablaridan, tanlov savdolarini o‘tkazishda “qiymat-miqdor” mezonlaridan foydalanilishi, ya’ni xalqaro amaliyot inobatga olingan holda quriladigan uy-joylarning 1 kvadrat metr narxidan kelib chiqib tanlovlar o‘tkazilishi sog‘lom raqobat muhiti shakllanishiga, uylar arzonlashishiga olib keladi.
Bahodir QARShIYeV,
Samarqand viloyati hokimligi yuridik xizmati bosh yuriskonsulti.