"Qog‘ozbozlikni yo‘q ko‘rgali ko‘zim"
Shoir o‘sha – bizga ancha uzoq bo‘lgan yillarda ham mahkamalardagi qog‘ozbozlik va byurokratizmni ayovsiz qoralagan. Oddiy ishlarni bitkazish uchun odamlarni ovorayu sarson qilgan qog‘oz ortidan ish ko‘ruvchi to‘ralarni "ko‘rgani ko‘zim yo‘q" degan. Bunday holatlar yillar osha yaqin-yaqingacha hayotimizga suqilib kirib kelganligi, kundalik turmushimizning bir "bezagi" bo‘lib qolganligi kechagiday yodimizda.
– Qog‘ozbozlik uzoq yillar davomida bizning oyog‘imizga solingan tushov bo‘ldi, – deydi faxriy o‘qituvchilardan biri. – Biz ish yuritishdan qog‘ozbozlikka ko‘milib qolgandik. Buning sababi oddiy edi. O‘z haq-huquqini talab qilgan istalgan o‘qituvchining yuritayotgan daftar-jurnallaridan kamchilik topish mumkin edi-da. Masalan, sinf jurnali, sinf rahbari papkasi, sinf rahbari jurnali, sinf rahbarining tarbiyaviy ish (soat) hujjatlari, o‘quvchilarning kundalik daftari nazorati, ota-ona bilan ishlash daftari, dars konspekti, yillik reja, pedagogik soat, dars tahlili, fanga oid ko‘rgazmalar, past o‘zlashtiruvchilar, bo‘shliq bilan ishlash rejasi va daftari…
Sanayversak, u yog‘iga nafas ham yetmaydi. Bunday "papka"lar kelgan tekshiruvchilar uchun qulay edi. Keladi, yillik yuklamangizni oladi. Xohlagan paytda kamchilik topadi. Biroq bunday yuklamani ko‘tarish uchun o‘qituvchiga qancha kuch va bardosh kerak edi. Bundan ikki yil oldin vazirlikning buyrug‘i bilan o‘qituvchilar uchun 6 ta asosiy ish hujjati sanab o‘tildi. Har holda, pedagoglar uchun ajoyib o‘zgarish bo‘ldi. Bu buyruq chiqqaniga ikki yil o‘tgan bo‘lsa ham moliyaviy komissiyalar turli hisobotlarni so‘rashda davom etayotganligi ajablanarli.
Qog‘ozbozlikning xuddi shunday shaklini o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi o‘quv dargohlarida ham ko‘rish mumkinligini bildirishmoqda o‘qituvchilar. Bu dargohlarda ham qator-qator jurnallar, kundaliklar tutilar ekanki, ularni to‘ldirib borish o‘qituvchilar uchun og‘ir muammo bo‘lmoqda. Ya’ni, taqvimiy mavzular rejasi uchun jurnal, hisobot jurnali, guruh jurnali, yakka tartibdagi darslar jurnali, o‘zaro darslar tahlili jurnali, guruhlar uchun katta jurnal va hokazo. Achinarlisi, bu jurnallarni ayrim hollarda o‘qituvchilarning o‘zlari sotib olishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ochig‘i, bunga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmaysan kishi. Aytaylik, 100-250 ta jamoasi bor o‘quv yurtidagi har bir pedagogga 10-15 tadan jurnal kerakligini nazarda tutsak, bu ozmuncha pul bo‘ladimi? Xo‘sh, unda o‘qituvchilar bu mablag‘ni qayerdan va kimdan oladi?
Vaholanki, davlatimiz umumta’lim muassasalari hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini yanada takomillashtirish, ularni barcha o‘quv vositalari, oziq-ovqat bilan ta’minlash, tovar moddiy zaxiralari, yumshoq jihozlar bilan to‘ldirish chora-tadbirlarini yildan-yilga kuchaytirmoqda. Viloyat moliya bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda xalq ta’limi uchun viloyat byudjetidan 1 trillion 401 milliard 975 million so‘m, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi uchun respublika byudjetidan 341 milliard 691 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Shuning ichida tovar moddiy zaxiralar uchun yetarli miqdorda mablag‘ ham bor. Endi savol tug‘iladi. Yetarli darajada pul-mablag‘ bo‘la turib, ayrim o‘quv muassasalarida jurnallarni sotish yoki o‘qituvchilarga "topib kelasan" deyishga qaysi rahbarning vijdoni yo‘l qo‘yayapti ekan?
So‘zimizning avvalida qog‘ozbozlik, uning oqibati xususida fikr bildirdik. Har ikkala masala ham aynan bizga yakdil ma’noni anglatadi. Maqsad farzandlarimizni komil inson ruhida tarbiyalashda o‘qituvchi-pedagoglar mavqeini oshirish, sharafli mehnatining qadriga yetishdir. Shunday qilaylikki, buyuk shoirning tarixiy she’ri biz uchun moziyda qolsin.
Adham HAYITOV.