Qo‘lda yozishning 4 foydasi

Bugun qo‘lda maktub bitish uzoq o‘tmishga aylanib qolgandek. Nafaqat oddiy odamlar, balki yozuvchilaru jurnalistlarning ham ko‘pchiligi bugun qog‘oz, qalamdan yiroqlashdi. Uyali telefonlarning kichik katakchalari yoxud kompyuter klaviaturasida harf terishga barmoqlarimiz moslashib ketdi. Vaholanki, qo‘lda yozishning bir qator afzalliklari, hatto sog‘liqqa foydali jihatlari borligini olimlar isbotlashgan.

1. Qo‘lda yozish miya yarim sharlari faolroq ishlashiga turtki bo‘ladi. Diqqatni jamlash, hissiyotlarni jilovlash oson kechadi va jumlalar qog‘ozga ravon tushadi.
2. Qo‘lda yozilgan ma’lumotlar, xat-xabarlar xotirada yaxshi saqlanib qoladi. Shu sabab ham ta’lim muassasalarida o‘quvchi va talabalarga dars mavzulari va uy vazifalarini qo‘lda yozish so‘raladi.
3. Yosh bolalarning barmoqlar motorikasi rivojlanishi hamda nutqi tezroq chiqishiga ham qo‘l bilan yozish ko‘mak beradi.
4. Inson xatiga qarab, shifokorlar unda qanday xastaliklar mavjudligini taxmin qilishlari mumkin. Masalan, so‘zlar ketma-ketligini adashtirib, so‘zlarda xatoga yo‘l qo‘yib yozish Alsgeymer (shuningdek, savodsizlik) kasalligi belgisi bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Katta-katta harflar bilan yoza boshlab, keyin ularning maydalashib ketishi esa Parkinsonning ilk alomatlari bo‘lishi mumkin. Albatta, aniq xulosani shifokor to‘liq tekshiruvlar natijasiga qarab beradi.