Qon bosimini oshirmaslikning yo‘llari bormi?

Ota-onam qon bosimidan aziyat chekadi. Ko‘pchilik bu xastalik nasldan o‘tadi, deyishadi. Qon bosimi xastaligining oldini olish uchun ko‘proq nimalarga e’tibor berish kerak? 

D.MALIKOV,

Samarqand tumani. 

Arterial gipertoniya – qon bosimi ko‘tarilish sindromi xafaqon kasalligidir. Sistolik qon bosimi 140 millimetr simob ustuni, diostalik qon bosimi 90 millimetr simob ustuni bo‘lib, u muqim saqlanib tursa va undan baland bo‘lsa, arterial gipertoniya tashxisi qo‘yiladi. Kasallik 90 foiz holatda birlamchi gipertoniya yoki xafaqon kasalligi hisobiga, 10 foiz holatda boshqa a’zo va tizim xastaliklari natijasida paydo bo‘ladi.

Xafaqon xastaligida bemorlar asosan bosh og‘rig‘iga, bosh aylanishi, xotira buzilishi, boshda shovqin, ko‘z oldi qorong‘ilashishi, yurak sohasida og‘riq, yuz va oyoqlarda shish, ta’sirchanlik, tez charchash, tushkunlikdan shikoyat qiladilar. Yuqoridagi shikoyatlar bezovta qilsa, shifokorga murojaat qilish kerak. Xafaqon xastaligiga chalingan bemorlar osh tuzi iste’molini kamaytirishi, taomnomasidan yog‘li ovqatlarni chiqarishi, jismoniy faollikni oshirishi, ortiqcha vaznni kamaytirishi, qonda qand va xolesterin miqdorini kamaytirishga harakat qilishi lozim. Xafaqon xasatligini davolashda bu tadbirlarning ahamiyati kata. Hatto 50 foiz holatda bu amallar yumshoq gipertoniya holatida bemorlarning qon bosimini tushirishi mumkin. Kasallikni davolash uchun ayni paytda klinikamizda Su Djok terapiya va biologik faol nuqtalarga ta’sir etish usuli orqali samarali natijalarga erishilmoqda.

Savolga Samarqand viloyati kardiologiya dispanseri kardiologi Akram NURMURATOV javob berdi.