Qonun ustuvorligini ta’minlash – huquqiy davlat kafolati
Qonun ustuvorligi avvalo, Konstitutsiya ustunligini e’tirof etish va unga amal qilish bilan bevosita bog‘liq. Konstitutsiya eng oliy qonun sifatida davlat va jamiyat uchun har doim har narsadan ustun turadi.
Qonun ustuvor bo‘lgan davlatda demokratik qadriyatlar qaror topadi va mustahkam davlat boshqaruvi amal qiladi. Qonun ustuvorligini ta’minlash esa oson jarayon bo‘lmay bir qator muhim ishlar va chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Buning uchun har qanday qonun hujjati yaratilishidan oldin mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari chuqur anglanishi, davlat va jamiyat taraqqiyoti rivojlanishi yo‘lida qo‘yilgan vazifalar aniq idrok qilinishi lozim.
Bundan tashqari, jamiyatda tartibga solinmagan ijtimoiy munosabatlar aniqlanishi, fuqarolarning muammolari o‘rganilishi, muhokama va munozaralarga sabab bo‘layotgan turli qarashlar inobatga olinishi va ular ilmiy asoslanishi kerak. Davlat organlarida qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq jarayonlarda ochiqlikni ta’minlash, loyihalarni keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi hamda loyihalarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish muhim omillardan biri sanaladi.
Qonun hujjatlari faqat Konstitutsiyada belgilangan norma, qoida va prinsiplar asosida ishlab chiqilishi va qabul qilinishi, idoraviy va ichki me’yoriy hujjatlar qabul qilishni keskin kamaytirish, qonun hujjatlarida inson huquq va erkinliklarini turlicha talqin qilishga olib keladigan havolaki normalar kirib qolishining oldini olish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan normalar yaratilishi muhim.
Har bir kishida norma ijodkorligi qobiliyatini rivojlantirish, fikrlarni erkin bayon qilish muhitini shakllantirish, har qanday g‘oya va qarashlarni hurmat qilish, uni rag‘batlantirish, ilm-fan natijalari, olimlarning ilmiy xulosa va takliflaridan unumli foydalanish, qonun hujjatlarini yaratishning institutsional tizimini yo‘lga qo‘yish lozim.
Amaldagi qonunchilikni xatlovdan o‘tkazish, umumlashtirish, kodekslarga jamlashga keng yo‘l berish, qonun hujjatlarini ijro qilish mexanizmlarini yanada rivojlantirish, ularni jamoatchilikka o‘z vaqtida yetkazishda zamonaviy axborot kommunikatsiyalarini joriy qilish, mansabdor shaxslarning qonun hujjatlarini sharhlash, talqin qilish qobiliyati va bir xilda qo‘llay olish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish ijobiy natija va samara berishi mumkin.
Prezidentimiz muhim islohotlarning tashabbuskori sifatida so‘nggi paytlarda qonun ustuvorligiga erishishda mansabdor shaxslarning boshqaruv qobiliyatini rivojlantirish, qo‘l ostida ishlayotgan xodimlarning mehnat huquqlariga so‘zsiz rioya etish, ularning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazmaslik, xodimlarning ishchanlik qobiliyatini rivojlantirish va har tomonlama rag‘batlantirish haqida ogohlantirayotgani ham bejizga emas.
Bugungi kunda “davlat organlari va mansabdor shaxslarning xalqqa xizmat qilishi” asosiy boshqaruv prinsipiga aylanyapti. Qonun ustvorligini ta’minlashning asosiy shartlaridan yana biri - fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish va ularni ko‘rib chiqish tartiblarini takomillashtirishdan iborat. Mansabdor shaxslarning o‘z xizmat vazifalarini noto‘g‘ri bajarishi, vakolatidan chetga chiqishi, mas’uliyatsizligi, byurokratiyaga asoslanish, qog‘ozbozlik, majlisbozlik kabi zamondan orqada qolgan boshqaruv prinsiplari qonun ustuvorligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillar hisoblanadi.
Qonunchilik jarayoniga yangi “Tartibga solish gilotinasi” tushunchasi kirib keldi. Unga ko‘ra, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish va qayta ko‘rib chiqish orqali ularni saralash, tasdiqlash, o‘zgartirish yoki bekor qilinadi. Yuridik ta’siri past hisoblangan har qanday tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni maksimal darajada soddalashtirish “tartibga solish gilotinasi”ning asosiy tamoyillaridan hisoblanadi. Shunga ko‘ra, qonun hujjatlarini xatlovdan o‘tkazish orqali, ularni bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan uyg‘unlashtirish maqsadida davlat organlarida eskirgan, byurokratik g‘ov yaratayotgan qonun hujjatlari uni qabul qilgan idoralarning o‘zi tomonidan bekor qilinmoqda.
2021 yil 1 iyundan boshlab mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarini bekor qilish yo‘lga qo‘yildi, qonun hujjatlarini tizimlashtirish va ularni O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga kiritish, normativ-huquqiy hujjatlarni bazaga avtomatik tarzda joylashtirish mexanizmini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash” g‘oyasi nafaqat davlat boshqaruvini to‘g‘ri tashkil etishga, balki inson huquq va erkinliklarini amalda ta’minlash, odamlarda kelajakka ishonch hissini kuchaytirish, demokratik qadriyatlarni keng joriy etish, davlat va jamiyat boshqaruvida har bir kishining ishtirok etishiga imkon yaratish, muammolar yechimini ko‘rsatib beradigan qonun hujjatlarini qabul qilish, huquqiy davlat poydevorini yanada mustahkamlash, mamlakatimiz o‘z zimmasiga olgan xalqaro-huquqiy majburiyatlarini vijdonan bajarishi va uning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Gulnora XUDAYBERDIYeVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.