Qora qozon va toza qozon
Bolaligimda guvoh bo‘lganman. Qishlog‘imiz chekkasidan uncha katta bo‘lmagan soy oqib o‘tardi. Soyning yassi toshlari ustida uy bekalari qozonlarni qum, yalpiz poyalari bilan tozalab yuvib turishardi.
– Onajon, o‘choqqa osib, ovqat pishirganingizda yana qop-qora bo‘ladi-ku! – derdim ajablanib.
– Ey, o‘g‘lim, bu o‘tin olovi qorasi, qozon qorasi emas, qozon hech qachon qora bo‘lmagan. Uni toza saqlash, bola-chaqani halol luqma bilan boqish ota-bobolardan qolgan udum, – derdi volidam.
Qozonning xosiyati bor. Avlod-ajdodlarimiz, ahil-inoq, qo‘shni bo‘lib yashaganlar. Tansiq taom pishirishganda qo‘ni-qo‘shniga ham ilinishgan. Mehmonlar, musofirlar ham bahramand bo‘lgan. Qo‘shnilar ham qarab turishmagan, ular ham ovqat chiqarish bahonasida qo‘shnilarning hol-ahvolidan xabardor bo‘lishgan. "Bor tovog‘im – kel tovog‘im" qo‘shnichilik va mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlagan. Keksalarimiz hozirda ham ko‘cha-ko‘yda hol-ahvol so‘rashib qolishganda, "Xudoga shukur, qora qozon qaynab turibdi", – deb javob berishadi. Bu javob zamirida katta hikmat – tinchlik-xotirjamlik, shukrona, sog‘-salomatlik mujassam.
Mana, xalqimiz asrlar orzu qilgan mustaqillikka erishdi. Halol mehnat qilaman, tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, degan yurtdoshlarimizning ko‘kragiga shamol tegdi, turmushi farovon, oilasi tinch.
Afsuski, qora qozonimni qaynatib, bola-chaqamni boqaman, deb davlat va xalq mulkiga ko‘z olaytirib, jinoyatga qo‘l urayotganlar ham uchrab turibdi. Ular davlatimiz yaratib berayotgan sharoit va imkoniyatlarni suiiste’mol qilib, toza qozonlariga dog‘ tushirishyapti. Istagimiz, qozonimiz hamisha toza bo‘lsin.
Mashrab Ali.