Qoradaryo hududidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al aralashmasini qazib olgan shaxslar jarimaga tortildi

Ayni kunlarda Samarqandda yer osti va yer usti tabiiy boyliklari, qora qum, tuproq va qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy talon-taroj etilishini oldini olish maqsadida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan “Zarbdor oylik” tadbirlari o‘tkazilmoqda.

29 aprel kuni Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Oqdaryo tuman nazorat inspeksiyalarining davlat inspektorlari tomonidan hududida o‘tkazilgan kuzatuv reyd tadbiri davomida bir qator qonunbuzarliklar aniqlandi.

Xususan, Qoradaryo daryosining Oqdaryo tumani hududidan kesib o‘tuvchi qismida fuqaro O.Z., Ishtixon tumani hududidan kesib o‘tuvchi qismida fuqaro X.L. va  Kattaqo‘rg‘on tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida fuqaro Q.F.lar o‘zlariga tegishli bo‘lgan yuk ortuvchi texnika vositasi yordamida noqonuniy ravishda qum-shag‘al aralashmasini qazib, yuk tashuvchi avtomashinalarga ortib berayotganligi aniqlandi.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabar berishicha, qonunbuzarlarning har biriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 70-moddasi 1-qismiga binoan bazaviy hisoblashning 10 barobari miqdoridan, ya’ni 2 million 450 ming so‘mdan jarima qo‘llanildi.