“Qo‘rg‘on siti”ga bir keling
Yoshi oltmishdan oshgan odamni uncha-buncha mo‘’jiza lol qoldirishi qiyin. Ammo chekka Qo‘shrabot tumanining Oqtov va Qoratov oralig‘idagi olis Qo‘rg‘on qishlog‘ida ko‘rganlarim meni chindan hayratga soldi.
Ochig‘i, ishim ham, yashashim ham Toshkent shahrida bo‘lgani bois Qo‘shrabotga tez-tez kela olmayman. Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan nevaram – yosh shaxmatchi Javohirni yonimga olib, qishloqqa keldim. Quvonganim - nafaqat Qo‘rg‘on, balki shu atrofdagi Qorakissa, Qo‘shtamg‘ali, Chinoq, Tov qishloqlariga ham ichimlik suvi kelibdi. Jo‘mrakdan chiqayotgan muzdek suvdan qonib icharkanman yuragim hayajondan gupirib urib ketdi. Ko‘nglim cheksiz g‘ururga to‘ldi. Beixtiyor bolalik chog‘larim, qo‘lim qavarib, quduqdan suv tortgan paytlarim, belangi bo‘lib tortgan chelak-chelak suvlarni simirayotgan sigirlarga qarata “bas endi, buncha ochofot bo‘lmasanglar, senlarni to‘ydiraman deb charchab ketdim-ku” deb yolvorganlarim yodimga tushdi... Baxshi bobom Ergash Jumanbulbul o‘g‘li tirik bo‘lganida qanday suyungan bo‘lardi... Do‘mbirasini qo‘lga olib, zamonamizni madxiga bir ajib doston kuylagan bo‘lardi...
Olti asrlik tarixga ega baxshilar diyori Qo‘rg‘on qishlog‘ida amalga oshirilayotgan yangilanishlar chindan ham har qanday insonni hangu mang qilib qo‘yadi. Bir necha yil ichida qoloq bir qishloq shaharga aylanib qolganday: qishloqqa kiraverishda milliy va zamonaviy usulda qurilgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li nomidagi kattagina muzey ko‘zga tashlanadi. Atrofidagi yam-yashil bog‘, turfa xil anvoyi gullar, kamalak jiloli favvoralar, ulug‘ baxshiga o‘rnatilgan chiroyli haykal, mahobatli mavzoley qishloq ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. Bu dargohga kelayotgan maxalliy va xorijiy ziyoratchilar oqimi uzilmaydi...
Ko‘chaning ikki tarafini bir tekisda qurilgan shinam hovli-joylar, do‘konlar, oshxonalar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bezab turibdi. Asfalt yo‘lning cheti piyodalar yo‘lakchalariga ulashib ketgan. Ko‘cha bo‘ylarida o‘rnatilgan yoritgichlar kechalarini kunduzga aylantirganday... Aholi mag‘rurlanib, qishloqni “Qo‘rg‘on siti” deb nomlapti...
- Bular xali holva, - deydi qishloq oqsoqollaridan biri, - men Oqtovning biqinida turaman, bir umr o‘nqir-cho‘nqir yo‘lda changga botib yurdik, yaqinda yo‘limiz asfaltlandi, asfalt yo‘l uyimgacha bordi-ya, odamning ishongisi kelmaydi! Har eshikda bitta-ikkitadan mashina. Zamonangday aylanay, xo‘p ajoyib zamon bo‘ldi-da!
- Ha, o‘lmang, - deydi boshqa bir qariya, - avvallari bir kunda bir soat chiroq yonardi. Kunimiz shamga qolgandi. Xudoga shukr, endi tunu kun charaqlab turibdi. Ro‘zg‘orga biror narsa kerak bo‘lsa, chang kechib, tuman markaziga borardik... Pensiyani vaqtida ololmay sarson bo‘lib yurganlarimiz-chi. Shuni ham hayot deb yurgan ekanmiz-da! To‘rt-besh yilda qilingan ishlarning sanog‘i yo‘q... Odamning qarigisi kelmay qolyapti...
Chindan ham ajoyib zamon bo‘ldi-da! Yurtimizning eng chekka, bir paytlar hammaning “yodidan chiqqan” qoloq tumanlari, olis qishloqlarida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning naqadar chuqur ildiz otganligidan, yangilanishlar barcha jabhalarga, barcha hududlarga kirib borganidan darak emasmi? Asosiysi, odamlar shod, davlatdan rozi, yurtboshidan minnatdor!
Yo‘l-yo‘lakay tuman hokimi bizni tuman markazida qad ko‘targan “Yoshlar markazi”da “Xalqaro grossmeyster Javohir Sindorov shaxmat klubi”ning ochilish marosimiga taklif qildi. Qatnashdik. Lol qoldik. Juda zamonaviy, so‘nggi texnika va asbob-uskunalar bilan bezatilgan klub. Ochig‘i, unaqasi na Toshkentda, na Samarqandda bor... Javohir yosh shaxmatchilar bilan master-klass o‘tkazdi... Bu klubdan hali qanchadan-qancha jahon chempionlari chiqishiga umid qildik.
Qishloqdan bir olam taassurot bilan qaytdik... Darvoqe, yo‘lingiz tushsa, siz ham “Qo‘rg‘on siti”ga bir keling, o‘tgan vaqtingizga achinmaysiz.
Komil Sindorov,
yuridik fanlar doktori, professor.