Qo‘sha qarigan baxtli oilalar
Samarqand shahar Bog‘imaydon mahallasida 50-65 yil birga yashagan o‘n oilaning “oltin to‘yi” o‘tkazildi.
– Gap to‘yda emas, asosiy maqsadimiz oilaviy ajrimlar ko‘payib ketayotgan hozirgi vaqtda yarim asr va undan ko‘p vaqt ahil-inon birga yashab, mustahkam oila qurgan, farzand va nabiralar tarbiyalagan va ayni paytda nafaqat el o‘rtasida hurmat-e’zozda bo‘lgan nuroniylarning hayot tajribalarini ommalashtirish, ularni yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatishdan iborat, – dedi bizni ushbu to‘yga taklif qilgan Bog‘imaydon mahallasi raisi Toshpo‘lat Rahmatullayev. – Ayrim oilalar shu shartmikan, degandek ikkilanib turgandi “o‘zim ham sizlar qatori shu tadbir qatnashchisi bo‘laman” dedim. Chunki biz ham yangangiz – Safiya Mo‘minova bilan 52 yildan buyon baxtli oilaning egalarimiz. Xudoga shukur, uch farzandimizdan bugun 12 nafar nevara, 5 nafar evaramiz bor. Xullas, avvalo o‘zimiz ibrat bo‘lib shu xayrli ishni boshladik.
Mahalla markazida tashkil etilgan “oltin to‘y”, ya’ni “Qo‘sha qarigan baxtli oilalar – mahallamiz iftixori” deb nomlangan ma’rifiy tadbirda mahalla ahli, shahardagi boshqa mahallalardan vakillar qatnashdi.
Qo‘sha qarigan baxti oilalar sohiblarini Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi o‘rinbosari D.Toshmuxammedova, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Rahmonova, Samarqand shahar hokimi F.Umarov tabrikladi. Ularga hokimlik va boshqa tashkilotlarning sovg‘alari topshirildi.
Baxtli nuroniylar o‘z hayot yo‘llari, ahil va mustahkam oila qurish asoslari haqida gapirib berishdi.
– Hayot bir tekis emas, past-balandi, achchiq-chuchugi bo‘ladi, – deydi Subhon Mavlonov. – Er-xotin bir-birini hurmat qilsa, qo‘llab-quvvatlasa ana shu sinovlardan o‘tib mustahkam oila yaratadi. Biz ham turmush o‘rtog‘im bilan 65 yil davomida ko‘p shunday sinovlardan o‘tdik. Qiyinchiliklarni, ro‘zg‘ordagi yetishmovchiliklarni halol mehnat bilan yengdik, bir-birimizni tushunib, yashadik. Shuning ortidan to‘qqiz farzandni voyaga yetkazib, elga qo‘shdik. Hozir yetmishdan ortiq nevara, evaralarimiz bor. Shu kunlarga yetkazganiga shukur.
Bog‘imaydon mahallasi faollarining mazkur tashabbusi viloyat va shahar hokimliklari, viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda boshqa tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Tadbirda ushbu tashkilotlar mas’ullari ham ishtirok etib, bunday ibratli ishlarni viloyat miqiyosida ommalashtirish zarurligini ta’kidladilar.