Qo‘shma ta’lim dasturi uchun kirish imtihoniga 193 nafar talaba kelmadi

Kecha Samarqand davlat universitetining Xalqaro hamkor oliy ta’lim muassasalari fakultetiga 2021-2022 o‘quv yili uchun ikkinchi bosqich test sinovi bo‘lib o‘tdi.

Imtihon Davlat test markazi tomonidan ikki navbatda tashkil qilindi va 197 nafar abituriyent chet tilidan imtihon topshirdi, 193 nafari imtihonga kelmadi, bir nafari kechikkanligi sababli kiritilmadi. Testda talabgorlarga 20 ta savol uchun bir soat vaqt ajratildi.

- Qo‘shma ta’lim dasturi asosida tarix yo‘nalishiga topshirganman, - deydi nurobodlik Ma’ruf Mansurov. - Birinchi bosqichda tarix, geografiya va matematika fanlaridan test topshirib, 170,9 ball to‘pladim. Bugun esa ingliz tilidan test topshirdim, savollar o‘rtacha tuzilgan, qiynalmadim.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro hamkor oliy ta’lim muassasalari fakultetida 9 ta yo‘nalish bo‘lib, 24-25 avgust kunlari mazkur yo‘nalishlarga ariza topshirgan 1700 nafar talabgor birinchi bosqichda mutaxassislik fanlaridan test topshirgan edi. Shundan test sinovining birinchi bosqichida 65,2 balldan yuqori ball to‘plagan 650 nafar abituriyent ikkinchi bosqichga o‘tgan.

Darvoqe, 2021-2022 o‘quv yilida qo‘shma ta’lim dasturi asosida Xalqaro hamkor oliy ta’lim fakultetining 9 yo‘nalishida 225 nafar abituriyent talabalikka qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Talabgorlar uchun test sinovlari bugun ham ikki navbatda bo‘lib o‘tmoqda.