Qo‘shrabot tuman XTBda birovning nomiga ish haqi yozib kelingan, buning ortidan fuqaro “daromadi borligi uchun” yarim yildan beri bolalar nafaqasi ololmagan
Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan mahallalarda aholining muammolarini o‘rganishga qaratilgan yangi loyiha amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha asosidagi o‘rganishlar chog‘ida Qo‘shrabot tumanidan yuqoridagi mazmunda murojaat kelib tushgan. Tumanning Boytup mahallasida yashovchi R.Qobilova 4 nafar farzandi borligi va uning turmush o‘rtog‘i Z.Xolboyev hech qayerda ishlamasa-da, elektron tizimda unga ish haqi hisoblanayotganligi, shu sababli 6 oydan buyon bolalar nafaqasi uchun topshirayotgan arizalariga rad javobi olayotganini bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Z.Xolboyevga tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan oylik ish haqi hisoblanib, daromad bo‘yicha soliq organiga hisobot berib kelingan.
Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida soliq hisobotlari bilan bog‘liq tushunmovchilik bartaraf etilgan. Shu orqali fuqaro R.Qobilova farzandlariga bolalar nafaqasi olishga erishdi, deyiladi viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmati xabarida.