Qo‘shrabot tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlangan fuqaro nima sababdan vafot etgan?
Bu haqda viloyat prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tumani sudida Jinoyat kodeksining 122-moddasi (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash - tahririyat) 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rilishida O.Nazarov suddan yashiringanligi sababli sud ajrimi bilan 13 mayda unga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, ehtiyot chorasi sifatida sirtdan qamoq qo‘llanilgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida O.Nazarov 2 iyulda ushlanib, tuman IIBning vaqtincha saqlash hibsxonasi (VSH)ga joylashtirilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, marhum O.Nazarov 4 iyul kuni soat 10:00 larda VSH xodimiga ko‘zlariga har xil narsalar (ilon, chayonlar) ko‘rinayotganligini aytib, shikoyat qilgan. Shu asosda IIB VSH xodimlari tuman tibbiyot birlashmasi psixiatr-narkologini taklif qilgan va O.Nazarov shifokor ko‘rigidan o‘tkazilgan.
Shu kuni soat 21:00 larda O.Nazarov tuman IIBning VSHda to‘satdan vafot etgan.
Tuman IIB VSHdagi O.Nazarov saqlangan hujraga o‘rnatilgan videokamera tasvirlari ko‘zdan kechirilganida, O.Nazarov qo‘l oyoqlarini ko‘targancha talvasaga tushib qolganligi aks ettirilganligi aniqlangan. Marhum O.Nazarovning murdasi mutaxassis ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning tanasining tashqi tarafida tan jarohatlari aniqlanmagan.
Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasida O.Nazarovda o‘tkir o‘pka va bosh miya shishi oqibatida o‘lim kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan.
O.Nazarovning o‘limi holatiga aniqlik kiritish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasi narkolog-psixiatri, tuman IIB VSH va boshqa xodimlarning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.
Holat bo‘yicha Qo‘shrabot tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Bayonotda qayd etilishicha, tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.