Qo‘shrabotda qo‘pol muomalada bo‘lgan bank xodimiga nisbatan tegishli intizomiy jazo chorasi qo‘llaniladi

“Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida Toshkent davlat yuridik universiteti talabasining ta’lim kreditini olishda duch kelgan muammolariga doir yozma murojaati e’lon qilindi.

Materialda qayd etilishicha, fuqaro Xalq bankining Qo‘shrabot tumani filialiga ta’lim krediti olish uchun murojaat qilgan. Garchi, mazkur filial rahbari masalani ijobiy yechish uchun tegishli xodimiga ko‘rsatma bergan bo‘lsa-da, mutaxassis kredit ajratilishini paysalga solib, fuqaroga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida quyidagilar aniqlandi.

Ayni paytda ushbu murojaat bankning Samarqand viloyati filiali tomonidan alohida nazoratga olingan. Fuqaroga ta’lim krediti olish uchun bankning Qo‘shrabot filialiga ariza bilan murojaat qilishi va uning masalasi qisqa muddatda ijobiy hal etilishi yuzasidan tushuntirish berilgan.

Xalq banki ushbu holat uchun mijozdan uzr so‘rab, unga qo‘pol muomalada bo‘lgan xodimga nisbatan tegishli intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishini ma’lum qiladi.