Qo‘shrabotga «O‘zMobayl» 2021 yilda boradi, internet yaxshilanadi

Joriy yilning 16 dekabr kuni Zarnews.uz saytida “Qo‘shrabotga «O‘zMobayl» qachon keladi?” sarlavhasi bilan e’lon qilingan xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashi, 30-Jonbuloq saylov okrugi deputati Omon Hayitov tomonidan Qo‘shrabot tumani, Jonbuloq mahallasiga “O‘zMobayl” operatorining GSM standartidagi baza stansiyasining o‘rnatib berilishida amaliy yordam so‘ralgan murojaati ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida Qo‘shrabot tumani Jonbuloq mahallasi hududida barcha mobil aloqa operatorlarining signal sathlari o‘rganilgan. O‘lchov natijalariga ko‘ra ma’lum bo‘lishicha, Jonbuloq mahallasi tog‘li hududda joylashgani va hududning relefi notekis qirliklardan tashkil topganligi sababli, mazkur hududda barcha mobil aloqa operatorlarining GSM standartidagi signal sathlari mavjud emas. Ammo ushbu hududda “O‘zMobayl” filialining CDMA standartidagi signal sathlari aloqa o‘rnatish uchun yetarli darajada. Shuningdek, filialning EVDO texnologiyasidagi signal sathlari ham bu yerda internet xizmatlaridan foydalanishda qo‘l keladi.

“O‘zMobayl” filiali tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, Jonbuloq mahallasi hududida filialning yangi GSM standartidagi baza stansiyasini o‘rnatish 2021 yil tarmoqni kengaytirish rejasiga kiritilganligi bildirilgan.

D.XO‘JAMBERDIYeV,

Axborot texnologiyalari va komunikatsiyalarni rivojlantirish Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi.