Qo‘ziqorin foydali, deb undan zaharlanib qolmang!

Bahorda yomg‘ir yog‘ib sel kelish, suv toshqinlari kabi ofatlar odamlarni xavotirga solsa, tabiat mo‘’jizalari erta bahordan tog‘larda qir-adirlarda boychechak, lola, qizg‘aldoq va boshqa gullar adirlarimizni bezaydi. Bundan tashqari, yog‘ingarchilik davrida tog‘ yon-bag‘irlarida, dasht-u dalalarda turli ko‘rinishdagi katta-kichik qo‘ziqorinlar paydo bo‘ladi. Ko‘pchilik ulardan tayyorlangan taomlarni sevib iste’mol qiladi. Ammo bu o‘simlikning hammasi ham iste’molga yaroqlimi?

To‘g‘ri, qo‘ziqorinlarning tarkibida odam organizmi uchun o‘ta muhim bo‘lgan uglevodlardan tashqari A, V5, R hamda S vitaminlari, kaliy, fosfor, natriy va temir moddasi bor. Shu jihatdan, foydaliligi jihatidan qo‘ziqorin oqsili mol go‘shti oqsilidan ikki, baliqnikidan esa uch marta ustun turadi. Iste’mol qilinadigan zamburug‘lardan dasht zamburug‘i va dala shampioni ancha xushta’m va mazali hisoblanadi.

Aynan shu sababli bugun bozorlarda bu mahsulot ko‘paymoqda. Biroq uni sotayotganlarning hammasi ham mahsulotini laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazmaydi. Oqibatda iste’molga yaroqliligi aniqlanmaydi.

Ushbu holatlarning oldini olish maqsadida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazi hodimlari tomonidan Samarqand shahridagi “Temir yo‘l”, “Siyob dehqon bozor”larida aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishdi.

Istemolga yoroqliligi bo‘lmagan qo‘ziqorin mahsulotlarini sotib olmaslik to‘g‘risida bozor radiosi orqali hamda mahsulot xarid qilishga kelgan fuqarolarga tushunchalar berilib, 250 dan ortiq eslatmalar tarqatildi. Bozor ma’muriyatiga ushbu turdagi mahsulotlar sotilishi jarayonlariga alohida e’tibor berish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Sizga ham tavsiyamiz shu - bozor, do‘kon va boshqa joylarda sotilayotgan sifati va xavfsizligiga kafolat bo‘lmagan, shuningdek, noma’lum kishilar tomonidan sotilayotgan yangi terilgan, quritilgan va marinadlangan qo‘ziqorinlarni xarid qilmang!

A.TURDIQULOV,

viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazi o‘qituvchisi.