Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi raisi iste’foga chiqdi

Murat Nurtleu Qozog‘iston prezidenti ma’muriyatining yangi rahbari etib tayinlandi

Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi (majilis) spikeri Nurlan Nigmatulin deputatlik vakolatlarini tark etish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qildi, deyiladi respublika Markaziy saylov komissiyasi xabarida.

Avvalroq prezident Qosim-Jomart Tokayev Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi rahbari, mamlakat birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning qiziga sovchi bo‘lgan Berik Imashevni ishdan bo‘shatgan edi.

Nigmatulin 2012 yildan buyon parlament quyi palatasiga ikki yillik tanaffus bilan rahbarlik qildi. 2014-2016 yillarda u prezident ma’muriyatini boshqargan. Bundan tashqari, Nigmatulin “Nur Otan” partiyasi fraksiyasi rahbari lavozimida ishlagan. Sobiq deputat 31 yanvar kuni yangilangan partiya siyosiy kengashi byurosi tarkibiga kiritilmagan.

Qozog‘istonda bir qator ishdan bo‘shatish va hibsga olishlar yanvar oyida suyultirilgan gaz narxining ikki baravar oshishi sabab bo‘lgan ommaviy tartibsizliklardan so‘ng boshlandi. Norozilik harakatlari tezda qirg‘in-barotga aylandi, talonchilar faollashdi, ular ma’muriy bino va politsiya uchastkalariga bostirib kirishdi.

Tokayev sodir bo‘layotgan voqealarni terrorchilik tahdidi deb atadi va yordam so‘rab KXShTga murojaat qildi. Shuningdek, u hukumatni iste’foga chiqardi va yangi vazirlar mahkamasini tuzdi. Shu bilan birga, avvalroq mamlakat birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev boshqargan Xavfsizlik kengashini Tokayevning o‘zi boshqara boshladi. Keyinroq Senat Nazarboyevning Qozog‘iston Xalq Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi tuzatishlarni ma’qulladi.

Tokayev Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi Milliy statistika byurosi rahbari Nurbolat Aidapkelovni ishdan bo‘shatdi. Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Karim Masimov va uning ikki o‘rinbosari vataniga xiyonatda gumon qilinib, hibsga olindi. Yanvar oyida ham sobiq energetika vaziri Jumbay Karagayev hibsga olingan edi.

1 fevral kuni Qozog‘iston prezidenti bungacha respublika Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Murat Nurtleuni o‘z ma’muriyati rahbari etib tayinlash haqidagi farmonni imzoladi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.