Qozog‘iston Rossiya bilan koronavirusga qarshi vaksina yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma imzoladi

Rossiya Federatsiyasi Qozog‘istonga kafolatlangan hajmda, dunyodagi birinchi “Sputnik V” koronavirusga qarshi vaksinani yetkazib beradi. Bu haqda 26 avgust kuni Qozog‘istonning yagona dori-darmon davlat distribyutori “SK-Farmatsiya” va Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish fondi o‘zaro hujjat imzoladilar

Barcha sinov bosqichlari o‘z nihoyasiga yetganidan so‘ng, vaksina Qozog‘istonga yetkazib beriladi.

Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, vaksinaning barcha klinik sinovlari yakuniga yetganidan so‘ng, xavf guruhiga kiruvchi Qozog‘iston fuqarolari bepul va ixtiyoriy ravishda emlanadi.

Qozog‘iston hukumati delegatsiyasining Moskvaga xizmat tashrifi chog‘ida Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko va Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soy muzokaralar olib bordi. Uchrashuv chog‘ida koronavirus tarqalishiga qarshi hamkorlikdagi kurash chora-tadbirlari muhokama qilindi.