Qozog‘iston universitetlari yangi o‘quv yilini masofaviy ta’lim bilan boshlaydi

Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat tufayli Qozog‘istondagi universitet va kollejlar yangi o‘quv yilini masofaviy ta’lim tizimida boshlaydi. Bu haqda 14 iyul kuni respublika Ta’lim va fan vaziri Asxat Aymagambetov ma’lum qildi.

Biroz oldin Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soy maktab o‘quvchilari ta’limini ham masofaviy davom ettirish taklifi bilan chiqish qildi. Ushbu taklifni Ta’lim va fan vaziri qo‘lladi. Taklifga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun alohida sanitar talablarga javob bera oladigan navbatchi sinflar tashkillashtiriladi.

“Kollejlar yangi o‘quv yilini masofaviy ta’lim tizimida boshlaydi. An’anaviy o‘qitish usuli asosan boshlang‘ich va bitiruvchi kurslar uchun individual grafik asosida ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, chekka qishloq joylarda kollejlar mavjud, epidemiologik vaziyatga qarab, biz o‘sha yerlarda an’anaviy usulda darslar davom ettirilishini ta’minlaymiz”, dedi Aymagambetov.

Shu bilan birga, oliy ta’lim bo‘yicha ham yangi o‘quv yili asosan masofaviy davom ettiriladi. “An’anaviy format: laborator ishlar, doktorantura, ishlab chiqarish ta’limi, kasbiy amaliyot va boshqa mutaxassisliklar uchun individual darslar grafik asosida tashkil etiladi”, deya qo‘shimcha qildi vazir.