Qozog‘istonda 50 nafar o‘zbekistonlik buzilib qolgan avtobusdan evakuatsiya qilindi

O‘zbekistonning Aqtau shahridagi (Qozog‘iston) bosh konsulxonasi 2019 yil 14 dekabr kuni “Samara-Chimkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan va ichida 54 nafar yo‘lovchi, jumladan, 50 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan avtobus Aqto‘be viloyati Aytekebi tumani hududida texnik nosozlik tufayli to‘xtab qolgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan ma’lumotni tasdiqladi.

Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, tuman yo‘l-patrul xizmati yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish, ularni issiq ovqat bilan ta’minlash va avtobusni ta’mirlashda yordam ko‘rsatdi. Avtobus ta’mirdan keyin harakatni davom ettirgan.

Shu bilan birga, TIV Konsullik-huquqiy departamenti yana bir bor O‘zbekiston fuqarolari e’tiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qishki vaqtda Qozog‘istonga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rish zarurligiga qaratgan.

Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari, jumladan, tranzit bilan boshqa davlatga o‘tayotgan yurtdoshlarimiz, zarur hollarda mamlakatning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga (Nur-Sulton shahri, Aqmo‘la, Shimoliy Qozog‘iston, Pavlodar, Qo‘stanay va Qarag‘anda viloyatlari, tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10 (Telegram, Whatsapp, Imo); Aqtau shahridagi bosh konsulxonaga (Aqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston va Mangistau viloyatlari, tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi Bosh konsulxonaga (Olmaota shahri, Chimkent shahri, Olmaota viloyati, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari, tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tilgan.