Qozog‘istonda koronavirus bilan kurashda 1400 nafar shifokor, 1700 nafar o‘rta tibbiyot xodimi yetishmayapti

Qozog‘istonga koronavirus bilan samarali kurash olib borish uchun 1,4 ming nafarga yaqin shifokor va 1,7 ming atrofida o‘rta tibbiyot xodimi yetishmayapti. Bu haqda bugun Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ajar Giniyat ma’lum qildi.

So‘nggi kecha-kunduzda mamlakatda 1962 nafar koronavirus holati qayd etildi. Kasallanganlarning umumiy soni 53 021 nafarni tashkil etmoqda.

“Bugungi kunga kelib, epidemiyaga qarshi kurash olib borish uchun 46 ming nafar tibbiy xodim jalb etilgan, ulardan 9 ming nafari shifokorlar. Shifokorlar yetishmayapti, bugungi kunda shifokorlarga bo‘lgan ehtiyoj 1400 nafarni, o‘rta tibbiy xodimlarga bo‘lgan ehtiyoj 1700 nafarni tashkil etmoqda”, deb ta’kidladi Giniyat.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, barcha xususiy klinikalar ham shu ishga jalb qilingan.

8 iyul kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev mamlakat markaziy televideniyesida xalqqa qilgan murojatida koronavirus infeksiyasi oqibatida halok bo‘lganlar xotirasi uchun 13 iyul sanasini umumxalq motam kuni, deb e’lon qildi.