Qozog‘istonda majburiy niqob taqish joriy etildi
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘chada majburiy tibbiy niqob taqilishini joriy etdi. Talabni bajarmagan fuqarolar jarimaga tortiladi. Bu haqda vazirlik rahbari Aleksey Soy ma’lum qildi.
“2020 yil 30 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan buyruq chop etildi. Unga binoan, fuqarolar, ko‘chada va jamoat joylarida doimiy ravishda niqobda bo‘lishlari shart. Biz nafaqat Qozog‘istonda, balki bir qator xorijiy davlatlarda majburiy niqob taqish joriy etilganini ko‘rsatib turuvchi xalqaro tajribani o‘rganib chiqdik”, dedi Soy matbuot anjumanida.
Shu bilan birga, vazir ushbu talabni bajarmagan shaxslarga nisbatan jarima qo‘llanilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ehtiyot chorasi kasallik dinamikasini ijobiy tomonga o‘zgartirish maqsadida qabul qilingan.
Qozog‘istonda so‘nggi kecha-kunduzda 1 472 nafar koronavirus holati qayd etildi, kasallanganlarning umumiy soni 87 664 nafarga yetdi. Ulardan 57,8 ming nafar bemor sog‘aydi va 793 nafar o‘lim holati qayd etildi.