Qozog‘istonda o‘zbekistonliklar YTHga uchradi

Mamlakatimizning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil 2 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:20 da Mang‘istau viloyati hududidagi “Tajen–Beyneu” avtomobil trassasida O‘zbekiston fuqarosi J.J. boshqaruvi ostidagi avtomobil halokatga uchradi. Yo‘l-transport hodisasi natijasida O‘zbekiston fuqarosi Sh.X. vafot etdi.
TIV xabariga ko‘ra, haydovchi va boshqa 5 nafar vatandoshimiz yengil jarohatlari olgan va davolanishga muhtoj emas.

Beyneu tumani ishki ishlar bo‘linmasi yo‘l-transport hodisasi yuzasidan tergov ishlarini olib bormoqda.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va Qozog‘istonning tegishli idoralari bilan tezkor aloqa o‘rnatgan.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning qarindoshlari va do‘stlariga ta’ziya izhor etadi va Qozog‘istonning Aqto‘be, Atirau, Mang‘istau va G‘arbiy Qozog‘iston viloyatlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Aqtau shahridagi Bosh konsulligiga +7-29-277-71-17 telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi.