Qozog‘istonda politsiya xodimlari yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan qurollarni sotgan

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligining ichki xavfsizlik boshqarmasi bilan birgalikda foydalanishdan chiqarilgan va yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan qurollarni qayta sotish kanaliga barham berdi, deb xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati.

Qo‘mitaning bugun e’lon qilingan press-reliziga ko‘ra, jinoiy guruh tarkibida huquq-tartibot idoralarining amaldagi va sobiq xodimlari, shuningdek, qurol va o‘q-dorilarning ikkilamchi muomalasi bilan shug‘ullangan ularning sheriklari bo‘lgan.

"Jinoyat sxemasi yaroqsiz bo‘lgan o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar va portlovchi qurilmalarni keyinchalik sotish bilan soxta yo‘q qilishdan iborat bo‘lgan", deyiladi press-relizda.

Qo‘lga olish va tintuvlar chog‘ida 347 qurol, 13 granata va 7387 o‘q-dori musodara qilindi. Bundan tashqari, sobiq politsiyachi tomonidan tashkil etilgan qurollar modifikatsiyasi bo‘yicha yer osti ustaxonasi tugatilgan.

Olma-Otaning Olmali tuman sudi qarori bilan jinoyatchilar turli muddatlarga — ikki yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan.

O‘z xizmat vazifalariga loqaydlik bilan munosabatda bo‘lgani, shaxsiy tarkib ustidan nazoratni susaytirgani uchun bir qator huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlari xizmatdan ozod etilgan.