Qozon sudi maktabga hujum qilganlikda ayblangan shaxsni ikki oyga hibsga oldi
Qozon sudi 175-maktabga hujum qilganlikda ayblanayotgan Ilnaz Galyaviyevni ikki oyga hibsga oldi, deya xabar bermoqda TASS muxbiri sud zalidan.
"Ayblanuvchiga nisbatan ikki oylik muddatga, 2021 yil 11 iyuliga qadar hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llansin", deb e’lon qildi sudya.
Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, Galyaviyev jinoyatdagi aybini to‘liq tan oldi. "Unga ayblov e’lon qilindi va u jinoyatni sodir etishda o‘z aybini to‘liq tan oldi", dedi prokuror.
Tatariston Respublikasi prokurorining o‘rinbosari Aleksey Zaika sud majlisida Galyaviyevning aql-idrokini aniqlaydigan ekspertiza kamida ikki oy davom etishini aytdi. "Agar zarur bo‘lsa, ikki oyni uzaytirish mumkin", dedi u ekspertiza muddati haqidagi savolga javob berib.
Zaikaning ta’kidlashicha, hozirda ayblanuvchining psixotrop moddalarni ishlatgan-ishlatmagani to‘g‘risida ekspert xulosasi yo‘q.
Sud Galyaviyevga nisbatan ehtiyot chorasini tayinlash paytida ommaviy axborot vositalarining suddagi ishtirokiga ruxsat berdi. Ayblanuvchi bunga qarshi bo‘lmadi. Sud boshlanishidan oldin jurnalistlar unga savollar berishga urinishdi, ammo u ularning hech biriga javob bermadi.