Qulaylikdan quvongan qalblar
Darsdan so‘ng poyezdga chipta olish maqsadida vokzalga yo‘l oldim. Bekatda tramvay turgan ekan. Oxirgi bekatligi uchun tramvaylar bu yerda 9 daqiqalik oraliqni saqlab, biroz tin oladi. Vaqtdan foydalanib, haydovchining kabinasiga bosh suqdim.
O‘zini Muhammadjon Toshmirzayev, deb tanishtirgan yigit asli toshkentlik, ko‘p yillar poytaxtda tramvay boshqargan ekan.
– Ishimni yaxshi ko‘raman, – deydi u. – Tramvaylar yangi, xorijdan keltirilgan. Saloni keng, oynalari katta, atrof yaqqol ko‘rinadi, boshqarish qiyin emas.
Tramvay ohista o‘rnidan jildi.
Ikki bekat yurishimiz bilan salon yo‘lovchilar bilan gavjumlashdi. Ular orasida yoshlar ko‘pchilik. Sezishimcha, aksariyati tramvayning doimiy yo‘lovchilari. Litseydagi guruhlardan biridagi o‘quvchilardan kim tramvayda o‘qishga kelishini so‘raganimda 10 nafarga yaqini qo‘lini ko‘targandi.
– Men vokzal tarafdan kelaman, – dedi o‘quvchilardan biri. – Tramvay juda katta qulaylik yaratdi. Chipta narxi arzon. O‘qishga, uyga kechikmasdan, qiynalmasdan borib kelyapman.
Litseyda 23 ta guruh bor. Tramvay liniyasi bo‘yicha Sartepa massivida joylashgan huquqshunoslik kollejida 1 ming 720 nafar, turizm kollejida 1 ming 262 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bu ta’lim maskanlarining minglab o‘quvchilari tramvay xizmatidan foydalanmoqda.
Mahalliy aholi uchun ham tramvay xizmati birmuncha qulaylik yaratdi.
Tramvaydan kuzatib kelyapman. Endilikda bozor va eski hovlilar o‘rnida qad rostlagan ko‘p qavatli uylar salobat to‘kib turibdi. Bu yerdagi musiqa va san’at maktabi kishi e’tiborini tortadi. Yana ozroq yursangiz, yaqinda foydalanishga topshirilgan "Atlas" media markazi.
Bu joydan o‘tayotib, 3 ta qurilish kraniga ko‘zim tushdi. Bir paytlar Samarqand shahrida bunaqa kranlar ko‘rinmay qoluvdi. Borlari ham yillab ishlatilmasdi. Bugun Samarqand shahri va uning atrofini aylansangiz, tinimsiz harakat qilayotgan yuzlab qurilish texnikalariga ko‘zingiz tushadi. Bu esa shaharda katta hajmda bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganidan dalolat.
Amir Temur va Buyuk ipak yo‘li ko‘chalari tutashgan chorrahani samarqandliklar "Mikrorayon halqasi" deb atashardi. Endi bu xalqa yo‘q, nomi qoldi, xolos. Sartepadan kelayotgan tramvay temiryo‘l vokzaliga qarab buriladi. Ko‘p qavatli uylar, "Registon" supermarketi, ajib me’morchilik uslubida qad rostlagan "Samarqand" choyxonasi va boshqa inshootlar bir-biri bilan uyg‘unlashib ketgan.
Tramvay Buyuk ipak yo‘li bekatida to‘xtadi. Chamamda 10-12 kishi tushgan bo‘lsa, ko‘proq yo‘lovchi chiqdi. "Damariq" bekatida esa bu holat bir necha hissaga ko‘paydi. Barcha o‘zining manzili tomon oshiqardi.
"Damariq" bekati bilan "Tarix muzeyi" bekati oralig‘i besh yuz metr atrofida. Ilgari bu joyda avtomobillar bir tomonlama harakatlanardi. Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidan vokzal tomon yurmoqchi bo‘lsangiz ikki ko‘cha aylanib, so‘ngra Beruniy ko‘chasiga chiqishingiz va vokzal tarafga yurishingiz zarur edi.
Endilikda ko‘chaning bu qismi kengaytirilib, ikki tomonlama avtomobil qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Yo‘lning bu qismi tor bo‘lishi bilan birgalikda, pastqam, ko‘rimsiz, asosan, bir qavatli xo‘jalik mollari do‘konlaridan iborat edi. Do‘konlar torligidan sotuvchilar tovarlarning ma’lum qismini piyodalar yo‘lagiga chiqarib olar, bu esa tirbandlikni yuzaga keltirardi.
Qisqa vaqt ichida bu yerdagi manzara tamoman o‘zgardi. Ko‘cha kengaytirilishi munosabati bilan ko‘rimsiz do‘konlar buzildi. Ularning o‘rnida 5 ta uch-to‘rt qavatli inshoot qad rostladi. Yana 2 ta 9 qavatli va 4 ta ko‘p qavatli bino barpo etilmoqda.
Atrofni kuzatib borarkanman, yo‘nalishni o‘ziga xos turistik marshrut, deb atagim keldi. Samarqandlik mezbon mehmonini tramvayda aylantirsa, shuning o‘ziyoq zamonaviy shaharsozlik haqida mehmonda katta taassurot uyg‘otadi. Agarda shu yo‘nalishdagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyiga kirib o‘tilsa, o‘tmishga, ota-bobolarimizning aql-zakovati, turmush tarzidan hikoya qiluvchi nodir manbalar dunyosiga sayohat qiladi. Negaki, bu ma’rifat dargohi mamlakatimizdagi eng nufuzli muzeylar sirasiga kiradi. Uning ko‘rgazma zallarida 235 mingdan ortiq eksponatlar mavjud bo‘lib, ularning 25 mingtasi noyob sanaladi.
Respublikamiz Prezidenti o‘tgan yilning 15 aprel kuni mana shu bekatdan temiryo‘l vokzaligacha tramvayda borib, tramvay qatnovining ochilishida ishtirok etgan edi.
Tramvay marshrutining uzunligi 7,2 kilometr ekan. Jami 14 ta bekat bo‘ylab bu masofani 20 daqiqada qanday bosib o‘tganimizni sezmay ham qolibman. Qarshimda salobatli Samarqand temiryo‘l vokzali turibdi.
Bu yerdan shaharga kirib kelayotgan mehmonlarning oxiri ko‘rinmaydi. Har kuni necha yuzlab sayyohlar, xorijliklar shu yerdan qadimiy kent zaminiga oyoq qo‘yadilar. Tezyurar "Afrosiyob" poyezdining qatnovi mehmonlar oqimini bir necha hissa oshirdi. Shunga monand vokzal binosi va uning atrofida ko‘plab qurilish va obodonchilik ishlari qilindi. Ayniqsa, vokzalning o‘zida yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar diqqatga sazovor. Kutish zallari, poyezdga chiqish va tushish yo‘laklari har jihatdan qulay. Ekilgan turfa daraxtlar, anvoyi gullar maydon chiroyiga chiroy qo‘shdi. Vokzal hududidagi bog‘ga kirsangiz, bahri dilingiz ochiladi.
Vokzaldan shahar tomon chiqishingiz bilan ilk duch keladiganingiz Rudakiy va Beruniy ko‘chalari kesishadigan chorraha. 4-5 yil ilgarigi holatni ko‘rgan kishi bugun bu joyni mutlaqo taniyolmaydi. Chorrahadan Siyob bozori tomon ketadigan Rudakiy ko‘chasining chap tomonidan qurilishi yangidan boshlangan ko‘p qavatli uylar, ularning o‘ziga xos me’moriy bichimi kishining havasini keltiradi. Bu uylarning har biri o‘rtacha 100-120 oilaga mo‘ljallangan. Shu atrofda bir yil ichida bunday uylardan o‘ndan ziyodi qurildi va yana yangilari qad rostlamoqda. Endi ularga qancha oilalar ko‘chib kirib, yashashini tasavvur qilib ko‘ring-chi. Ertaga ularning ham aksariyati tramvay yo‘lovchilari safiga qo‘shilishi turgan gap.
– Yashaydigan uyim bilan ish joyim tramvay marshrutidagi hududda joylashgan. Deyarli har kuni shu transport vositasidan foydalanaman, – deydi yo‘lovchi ayollardan biri yonidagi juvonga yuzlanib. – Juda qulay bo‘ldi-da. Ko‘p kutmaysiz.
Tramvay ichi issiq, shinam, chiqib-tushish oson.
– Nimasini aytasiz, – deydi ikkinchi suhbatdosh. – Men ham, bolalarim ham ko‘pincha tramvaydan foydalanamiz. Ertalab soat 6:00 dan kechasi 11:00 gacha qatnarkan. "Temiryo‘l vokzali – Siyob bozori" yo‘nalishi ham bitib qolibdi. Yaqinda ishga tusharkan.
Temiryo‘lchilar ilk ish boshlagan kezlarda tramvay liniyasi qurilsa, ko‘chalar avtomashinalar uchun tor bo‘lib, qatnov qiyinlashib ketmasmikan, deguvchilar ham bor edi. Bunday gap-so‘zlar ko‘p marta quloqqa chalinganiga guvoh bo‘lgandik. Temiryul bitib, tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yilgach, bu shubha-gumonlarning bari behuda ekanligi kundek ravshan bo‘ldi. Yo‘l sirayam toraymadi, aksincha, asfalt yo‘llar to‘liq ta’mirlandi va kengaydi.
Temiryo‘l vokzalidan Sartepa tomon qaytayotib, ushbu marshrutda kechasi ko‘rgan manzaralarim ko‘z o‘ngimga keldi. Tramvay liniyasi tortilgan beton ustunlarga ikki taraflama o‘rnatilgan yoritqichlar ko‘chani charog‘on aylagan. Yo‘ldagi avtomashinalar bir zum tinmaydi. Alohida did bilan qurilgan bekatlarda odamlar gavjum.
Huquqshunoslik kolleji bekatiga kelib, tramvaydagi yo‘lovchilar soni birmuncha kamaydi. Oxirgi bekatda bir necha yo‘lovchi tramvaydan tushdik. Biroq tramvay bir qatnovida o‘nlab, balki yuzlab kishilarning manzilini yaqin qilganiga, eng muhimi, hamyurtlarimiz, shahrimiz mehmonlari bundan behad mamnun ekanliklariga guvoh bo‘ldim.
Amrillo AHMEDOV,
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot
texnologiyalari universiteti
Samarqand filiali litseyi
direktori o‘rinbosari.