Qurilish ob’yekti tomonidan atrofda yashovchi aholi uy-joylariga tug‘dirilgan xavf qachon bartaraf etiladi?

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyuldagi “Samarqand viloyat ichki ishlar hodimlarining turar-joy sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori 1-bandida Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi kinologiya xizmatiga tegishli bo‘lgan, Samarqand shahar Chuqur ariq ko‘chasida joylashgan 1,2 gektar yer maydonida “Aziza Credo Max” MChJ tomonidan qurilish ishlari olib borilmoqda.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi deputati Shohruh Jo‘raqulovning Zarnews.uz’ga xabar berishicha, mazkur qurilish ishlari yon-atrofda yashaydigan fuqarolarning uy-joy mulkini jiddiy xavf ostiga qo‘ygan. Xususan, qurilish ob’yektining poydevor qismini qurish oqibatida Anhor ko‘chasi 82-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Zera Hamidovaga tegishli uyning yon tomonida baland jarlik hosil bo‘lgan. Uyning quyi qismi faqat tuproqdan iborat bo‘lib, shahrimizda kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida mazkur jarlik tobora yemirilib bormoqda va uyning kutilmaganda qulash xavfini oshirmoqda.
O‘rganishlar jarayonida fuqarolar idorama-idora yurib holdan toyganliklarini, har yomg‘ir yoqqanida yuragini hovuchlab yashayotganliklarini bildirishgan.
Fuqaro Zera Hamidova va uning qo‘shnisi Qurbonali Kazimov qator mutasaddi idoralarga takror-takror murojaatlar yo‘llagan va holat mutasaddilar tomonidan joyida bir necha bor o‘rganilgan, tegishli xulosalar berilgan, hujjatlar rasmiylashtirilgan. Lekin shikoyat mana bir necha yildirki, bartaraf etilmayapti. Barcha idoralar “hamdard”, ammo chora ko‘rishga kelganda jim.
Mazkur qurilish tashkiloti 2019 yilning 16 iyun kuni fuqaro Zera Hamidovaga uyining jarlik tomonini 2019 yilning 15 iyul kuniga qadar ta’mirlab berishini va’da qilib, kafolat xati rasmiylashtirilgan. Xatga bir necha qo‘shnilar va faollar imzo qo‘ygan. Shuningdek, qurilish tashkilotining rahbari B.Rajabov 2019 yilning 9 iyul kuni Samarqand shahar hokimligi tomonidan rasman ogohlantirilgan. Shunga qaramasdan, vaziyat o‘zgarishsiz qolgan.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi deputati Sh.Jo‘raqulovning ta’kidlashicha, ushbu masala deputatlik nazoratiga olingan:
- Kerak bo‘lsa, ushbu masalaga jamoatchilik e’tibori ham qaratiladi, - deydi deputat. - Inson hayotining qadri haqidagi gaplar faqat so‘zda emas, amalda ham bo‘lishini kutib qolamiz va ushbu mavzuga yana qaytamiz.