Qurilishdagi qonuniy firibgarliklar
Inson borki yaxshi niyat qiladi. Bolam-chaqam deydi, ozroq pul to‘plasa to‘y qilib, elga osh beradi, keyin farzandlari uchun uy-joy taraddudiga tushadi. Bu endi o‘zbekchilik, qonimizga singgan odat. Oilasidan orttirib, yemay-ichmay pul to‘plab, farzandini uyli-joyli qolishni xohlaydi. Lekin yillar davomida to‘plagan pulini yangi uyga to‘lov qilib, oxirgi mablag‘ni topshirganda yangi vajlar paydo bo‘lib, orzular sarobga aylanib qolsa-chi?
Bulung‘ur tumani Lalmikor mahallasida yashovchi Nurali Norboyev ham shahardan uy olish uchun ko‘p yillar pul to‘pladi. Uy oldi ham. Keyin...
- 2019 yil 14 noyabrda "Pastdarg‘om qurilish mollari" MChJ qurilish korxonasi bilan Samarqand shahar Gagarin va Firdavsiy ko‘chalari kesishmasida qurilayotgan ko‘p qavatli uyning 8-blok, 2-yo‘lak, 9-qavatidan 60,8 kvadrat metrli 2 xonali kvartirani to‘liq ta’mirlanmagan va jihozlanmagan (kirish temir eshigi va deraza romlari oynalangan) holda olish uchun opam Gulasal Soatova nomidan shartnoma tuzdik, - deydi N.Norboyev. – Qurilish korxonasi tomonidan uyga suv, gaz, elektr energiyasi va oqova quvurlari kiritilib, uyning devorlari suvoq qilishga tayyorlangan holda topshiriladi, uyga isitish qozoni va gaz plitasi o‘rnatiladi. Shu holatda uyning 1 kvadrat metr qismi 3 million so‘m va to‘liq narxi 182 million 400 ming so‘m qilib belgilangan. Shartnomaga ko‘ra, uy uchun belgilangan mablag‘ning 67,71 foizini, ya’ni 123 million 500 ming so‘mni bo‘nak (!) sifatida va qolgan 58 million 900 ming so‘mni bir yil davomida bo‘lib to‘lashga kelishdik. Shu asosda, har oyda qurilish korxonasiga 4 million 908 ming so‘mdan pul to‘lashimiz lozim edi.
Bir yil davomida belgilangan to‘lovlarni to‘lab bordik. Karantin va boshqa sabablar tufayli belgilangan to‘lovlar biroz kechikkan paytlari bo‘ldi. 2020 yil 4 dekabrda qurilish korxonasi rahbari 2020 yilning 13 oktyabriga qadar 177 million 494 ming so‘m to‘laganligim va shartnomaga ko‘ra, 15 oktyabrgacha to‘lovlarni to‘liq amalga oshirishim lozimligi, 15 kun muddatda kechiktirilgan kunlar, penya va har kvadrat metr uchun qo‘shimcha to‘lov sifatida 54 million 30 ming so‘m to‘lovni amalga oshirmasam shartnoma bir tomonlama bekor qilinishi to‘g‘risida ogohlantirish xati yubordi. 2020 yil 12 dekabrda belgilangan oxirgi 4 million 915 ming so‘m mablag‘ni to‘lab bo‘lganimizda qurilish korxonasiga yana asosiy qarz uchun 9 ming so‘m, kechiktirilgan kunlar uchun 518 ming 364 so‘m penya, oylik to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmaganligi uchun uyning har kvadrat metr qismiga 800 ming so‘mdan 48 million 640 ming so‘m, jami 49 million 149 ming 364 so‘m mablag‘ to‘lov qilishimiz kerakligini aytishdi.
Nega axir? Belgilangan to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmay qolganda har bir kvadrat metr uchun 800 ming so‘mdan to‘lov belgilanishi qanchalik asosli? Biz koronavirus pandemiyasi davrida biroz kechikib bo‘lsa-da, to‘lovlarni amalga oshirdik.
Shartnoma tayyorlanganda tegishli organlar tomonidan uning qonun hujjatlariga muvofiqligi tekshiriladimi yoki korxona manfaatlari ko‘zlangan holda tuzilgan shartnomalar oddiy odamlarga ziyon keltirsada qonuniy hisoblanaveradimi? Bu masalada aziyat chekkan bir men emas, biz qatori uy olish uchun muddatli to‘lovni amalga oshirib, qolgan to‘lovlarda kechikkan boshqa fuqarolar ham bor. Endi ular ham bunday qonuniy firibgarlikka qanday yechim topishni bilmayapti.
Xaridor va korxona o‘rtasida tuzilgan shartnomaning 2.1 bandida “Xaridor”ning “Ob’yekt” qurilishidagi bo‘nak to‘lovi tanlangan kvartiraning har bir kvadrat metri uchun 3 (uch) million so‘mga baholanadi va maydonning umumiy miqdori, ya’ni 60,8 kvadrat metrda, umumiy summasi 182 million 400 ming (bir yuz sakson ikki million to‘rt yuz ming) so‘mni tashkil etishi belgilangan. Shartnomaning 2.2 bandiga ko‘ra, 2.1 bandda ko‘rsatilgan pulning 67,71 foizi, ya’ni 123 million 500 ming so‘mni xaridor uch kunda to‘lashi va qolgan qismi 58 million 400 ming so‘mni to‘lov jadvaliga asosan shartnoma tuzilgan sanadan keyingi oydan boshlab har oyning 5-15 sanasigacha to‘lashi shart. “Xaridor” oylik to‘lovlarni har bir kechiktirilgan kun uchun oylik to‘lovlar to‘lanmagan summasini 0.1 foizi miqdorida penya to‘laydi, lekin penya summasi to‘lanmagan summaning 50 foizidan oshib ketmasligi lozim. “Xaridor” tomonidan oylik to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda shartnomaning 2.1 bandida shartnomadagi har bir kvadrat metr uchun 800 (sakkiz yuz) ming so‘m qo‘shimcha to‘lov to‘lashi shart, aks holda shartnoma bir tomonlama bekor qilinadi.
Shartnomaning mazmuniga qaraydigan bo‘lsak, hujjat asosan bir tomon manfaatini ko‘zlab tuzilganligi oydinlashadi. Chunki quruvchining majburiyatidan ko‘ra xaridorning javobgarligiga ko‘p urg‘u berilgan. Bu degani agarda quruvchi o‘z majburiyatini vaqtida bajara olmasa ham shartnomada unga nisbatan aytarli javobgarlik ko‘rsatilmagan. Yana bir jihat. Shartnomada to‘lov kechiktirilganda har bir kvadrat metr uchun 800 ming so‘mdan qo‘shimcha to‘lov undirilishi belgilangan, bu summa nimaning hisobidan kelib chiqqan? To‘g‘ri, bank kreditlari va boshqa ishga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar tufayli deyilgan, lekin bu qanchalik asosli? Shartnomaning 2.2 bandiga ko‘ra, penya to‘lanmagan summaning 50 foizidan oshib ketmasligi kerak. Nega unda xaridorga uy uchun yana 49 million 149 ming 364 so‘m to‘lash talabi qo‘yilyapti, bu to‘lanmagan summaning deyarli 90 foizi-ku, shartnomada esa 50 foizidan oshmasligi belgilangan.
Yana o‘sha shartnomaning 4.1 bandida “Ob’yekt”ni Davlat qabul komissiyasiga topshirish muddati 3 (uch) oydan o‘tib ketsa “Jamiyat” “Xaridor”ga har bir kechiktirilgan kun uchun uy narxining 0.1 foizi miqdorida penya to‘lashi, lekin penya to‘lash muddati 6 (olti) oydan oshib ketmasligi lozimligi ko‘rsatilgan. E’tibor berdingizmi, uyni topshirish olti oydan oshsa jamiyat penya to‘laydi, xaridor esa har bir kechiktirilgan kun uchun penya to‘laydi. Bu yerda kimning manfaati ko‘proq?
Uy oldi-berdi hujjatlarida yana bir jihat e’tiborimizni tortdi. Agarda xaridor uyni olishdan bosh tortsa mablag‘ning 10 foizi ushlab qolinadi. Demak, dastlab kichik xatoga e’tibor qilinmaydi, keyin esa o‘sha xatolar jamlanib katta mablag‘ga aylanadi. Oddiy aytganda, jamiyat xaridorning mablag‘idan bir yil davomida beminnat foydalangan va endi uy uchun yana qariyb 50 million so‘m qo‘shimcha to‘lov talab qilyapti. Bu qaysi taroziga to‘g‘ri keladi? Qonuniy kuchga ega hujjat bor, lekin bu hujjat qaysi huquqiy organ yoki iste’molchi manfaatini himoya qiluvchi tashkilot bilan kelishiladi?
- Bunday holatga tushgan birgina men emas, o‘sha korxonadan uy olgan juda ko‘p mijozlar vaziyatdan norozi, - deydi N.Norboyev. – Qurilish korxonasi bir yil davomida mijozlarning kattagina mablag‘ini ishlatib, endi yana qo‘shimcha to‘lov talab qilyapti. Men 9-qavatdagi ta’mirlanmagan va jihozlanmagan uyga to‘lov qilganman. Qo‘shimcha to‘lov sabab pulimizni qaytarib olish uchun ariza yozdik. Qurilish korxonasi to‘lagan mablag‘imizning 10 foizini ushlab qolib, qolganini 60 kun ichida bank plastik kartochkasiga tushirib berarkan.
Anglaganingizdek, qurilish korxonasi mijozlarning mablag‘idan foydalanib qurilishni amalga oshirgan va endi qo‘shimcha to‘lov talab qilmoqda, agarda mijoz to‘lovdan bosh tortsa mablag‘ning 10 foizi ushlab qolinadi va o‘sha paytda kvadrat metri 3 million so‘m bo‘lgan uy hozirgi bozor narxida boshqa mijozga sotiladi. Bu xalq tilida “enidan ham, bo‘yidan ham urish” deyiladi. Qurilishdagi bu kabi qonuniy firibgarliklarga yechim topiladimi?
O‘ktam Xudoyberdiyev.
Tahririyatdan: Maqola chop etilish arafasida viloyat qurilish boshqarmasi axborot xizmatining ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan ma’lumotiga ko‘ra, Samarqand shahridagi Firdavsiy ko‘chasi 84-manzilda qurilgan yangi ko‘p qavatli uy shaharning tarixiy muhofaza zonasida joylashganligi sabab 7 qavatdan yuqori qismi buyurtmachi tomonidan buzilar ekan.
“Pastdarg‘om qurilish mollari” MChJ tomonidan qurilgan ushbu ko‘p qavatli uy respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqilib, Samarqand shahri tarixiy markazining muhofaza hududida joylashganligi sababli 8-9 qavatlari buzilishi belgilangan. Qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlanmaganligi va respublika ishchi guruhi tomonidan qo‘yilgan talab bajarilmaganligi bois mazkur ob’yekt inspeksiya tomonidan foydalanishga qabul qilinmagan.
Samarqand shahar hokimligi tomonidan 2019 yil 13 martda shahar iqtisodiy sudiga binoning 8-9-qavatlarini buzish to‘g‘risida da’vo arizasi kiritilgan. Sudning 2019 yil 8 maydagi ajrimi bilan ish yuritish tugatilgan.
Madaniyat vazirligi hamda “ToshkentboshplanLITI” DUK bilan birgalikda bino balandligi hamda shaharsozlik normasi bo‘yicha xulosa berilgan. Binoni buzish bo‘yicha buyurtmachi tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda mulk egasi tomonidan buzilish belgilangan.
Endi bir savol: Samarqand shahar hokimligi 7 qavatga ruxsat bergan, sud ajrim chiqargan, respublika ishchi guruhining talabi bajarilmagan. Yana 2019 yilning 14 noyabrida ob’yektning 9-qavatidan uyni sotish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Quruvchi ochiqchasiga o‘zboshimchalik bilan bo‘lsa-da, qurilgan 8-9 qavatlarni buzolmaysizlar demoqchimi yoki?..