Qutblar siljishi nima bilan tahdid soladi?

Yerning shimoliy magnit qutbi Rossiya chegaralariga jadal siljimoqda, deb yozadi "Mir novostey" (2019 y. 12-son) haftanomasida ilmiy sharhlovchi Vladimir Gubarev. - Keyingi vaqtlarda shu va shunga o‘xshash xabarlar bizni aql bovar qilmas o‘zgarishlar kutayotganidan tahdidli ogohlantirishlar bilan tarqalmoqda.

Xo‘sh, aynan nima? Butunjahon suv toshqinimi? Yong‘in, zilzila, sunamimi? Yozda qor, qishda jaziramami? Bularning bari hali oldindami yoki allaqachon boshlandimi?

Yerning magnit qutbiga keladigan bo‘lsak, u haqiqatan siljimoqda. Ilgari shimoliy qutb bir yilda besh (maksimum - to‘qqiz) kilometr siljigan bo‘lsa, keyingi vaqtda bu raqam, turli ma’lumotlarga qaraganda, 15 dan 50 kilometrgachani tashkil etmoqda. Bu esa odamlarni kelajakdan xavotirga solib, turli farazlarga sabab bo‘layotir.

V.Gubarev suhbati ana shu haqida bo‘ldi.

- Magnitosfera to‘g‘ridan-to‘g‘ri sayyoramiz yadrosi tuzilishi bilan bog‘liq, - deydi akademik Yuriy Balega. - U bilan global hech narsa ro‘y berayotgani yo‘q. Ammo olimlarni sodir bo‘layotgan hodisalarni tasavvur qilish jihatlari qiziqtirmoqda.

- Xo‘sh, nimalar bo‘lyapti?

- Biz Yer qa’rida nimalar bo‘layotganini taxmin qilsak-da, aslida u yerda jarayonlar qanday kechayotganini yaxshi bilmaymiz. "Albatta, magnitosfera hodisalari ularni o‘rganishda bizga yordam beradi. Biroq, sizni ishontirib aytamanki, hech qanday fojiali va g‘ayrioddiy hodisa ro‘y berayotgani yo‘q. Yerdagi hayotga ulkan ko‘lamda ta’sir etishga qodir holat kuzatilmayapti.

- Nega kuzatilmayapti? Magnit qutbi allaqachon "yuryapti" emas, "yuguryapti"…

- U hamisha shunday qilgan, kelajakda ham shunday qiladi… Bu normal hodisa. U o‘zining yadrosi ichidagi tok taqsimlanishi munosabati bilan harakatlanadi. U yerda shunday ko‘lamda jarayonlar kechyaptiki, biz uni faqat taxmin qilishimiz mumkin.

- Plitalar to‘qnashyaptimi?

- Yo‘q, bu o‘nlab kilometr qatlamni tashkil qiladigan "tuxum qobiq" holati, xolos. Gap esa, minglab kilometr chuqurlikda kechayotgan jarayonlar haqida bormoqda…

- Nima, ushbu "tuxum"ning "sarig‘i"ga yetolmaymizmi?

- Yo‘q, albatta. Biz sayyoramiz qa’rida qudratli magnit maydoni ichra tok qanday taqsimlanishini yaxshi bilmaymiz. Ochig‘ini aytsam, oyog‘imiz ostidagi zamin qa’rida qanday jarayonlar kechayotganidan ko‘ra, yulduzlar va galaktikalardagi jarayonlarni yaxshiroq bilamiz.

Yuriy Yurevich ko‘p yillar Fanlar akademiyasining maxsus astrofizika observatoriyasini boshqargan, hozirda Rossiya Fanlar akademiyasining ilmiy rahbari va vitse-prezidenti. Uning fikrlari mantiqli va asosli, kishida shubhaga o‘rin qoldirmaydi. Lekin baribir fanni bahs-munozarasiz rivojlantirib bo‘lmaydi. Men ko‘p marta guvohi bo‘lganim va hayratda qolganim qutb yog‘dusini nazarda tutyapman, deya davom etadi Vladimir Gubarov. Haqiqatan ajoyib va hayratomuz hodisa.

Ammo biz ilmiy bilimlarga mahkummiz. Bilamiz, bu hodisa - quyosh shamoli, Yer atmosferasiga urila turib turli balandliklarda zarralarning yorishishini hosil qiladi. Quyoshda chaqnoq yuz berganida qutb yog‘dusi kuchayadi, uni o‘rta kengliklarda ham kuzatish mumkin. Bir kuni moskvaliklar Yerdan osmonga qadar tutashib ketgan qudratli qizil ustunni ko‘rishgan… Biologlarning ta’kidlashlaricha, sovuq mamlakatlardan issiq o‘lkalarga yo‘l olgan qushlar galasining yo‘ldan adashmay manzilga yetib borishiga yordam beruvchi ham qutblar magnit kuch chizig‘i ekan.

- Yer magnitosferasini o‘rganish davom etayotgandir…

- Albatta, hozirda sun’iy qutb yog‘dusi hosil qilish bo‘yicha tajribalar olib borilmoqda. ARAKS deb nomlangan tajribani rossiyalik va fransiyalik mutaxassislar amalga oshirdilar. Hind okeanining janubiy qismida Kergelen orolidan raketa uchirildi. Undan 200 kilometr balandlikda qudratli elektron nur tarami tarqatildi. Kergelen oroli ustida va Arxangelsk oblastida qutb yog‘dusi paydo bo‘ldi. Bu tajriba Yer magnitosferasi qanday hosil bo‘lishini o‘rganishda qo‘l keladi.

- Ehtimol, o‘sha hodisa qutblarning siljishiga ta’sir etayotgandir. Sizning xulosangiz…

- Barchani tinchlantirmoqchiman. Insoniyat bir necha ming yil xotirjam yashashi mumkin, keyin nima bo‘ladi, buni bilmayman…

Shundoq qilib, eng katta xavf magnitosferadagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Bu - radiatsiya. Agar Yerdagi tirik jonzotlar himoyasi susaysa, qudratli kosmik nurlanish hammasini yo‘q qiladi. Magnit qutb­larining siljishi inversiya - o‘rin almashish jarayoni boshlanganligini bildiradi. Ammo magnitli inversiya davri odamlar va butun tabiat uchun halokatli ta’sir qilishi mumkin emas.

To‘g‘ri, boshimizga ko‘p kulfatlar kelishi mumkin. Bular - iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar, Antarktida va Arktikada qor erishi, zilzilalar, ekologik fojialar… men dunyoning turli burchaklarida sodir bo‘layotgan urushlarni aytmadim. Bularning oldida magnitosfera va uning siljiyotgan qutblari keltiradigan kulfat hech narsa bo‘lmay qoladi, biroq uni unutish ham kerakmas.

Qisqartirilgan holda T.SHOMURODOV tayyorladi.