Qutqaruvchilar qanday tayyorlanadi?
Bugun ko‘pchilik favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganida qanday harakat qilish, hatto o‘z xavfsizligini ta’minlash shartlarini ham bilmaydi.
Lekin shunday kasb egalari borki, ular ayni vaziyatlarda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, boshqalarni qutqarish bilan shug‘ullanadi. Albatta, bu vazifani bajarish uchun ular maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘t va suvda toblanadi.
Respublikada yagona hisoblanadigan Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markaziga tashkil etilgan press-turda jurnalistlar qutqaruvchilar tayyorlanish jarayoni bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Samarqand shahrida joylashgan muassasa 8,5 gektar maydonni egallagan. Unda shu kunlarda respublikamiz favqulodda vaziyatlar tizimining kuch-qudratini ifoda etuvchi 22 toifadagi qutqaruvchilar tayyorlanadi.
Markazda alohida toifa mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun maxsus o‘quv binolari mavjud bo‘lib, har biri zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Jumladan, suvda qutqarish mashg‘ulotlari suv havzasida olib boriladi. Unda tinglovchilar maxsus qurilmalar yordamida suv tagida qutqaruv ishlarini olib borishni o‘rganadi. O‘quv dasturi yakunida ular tabiiy sharoitlarda, loyqa va oqar suvlarda imtihon topshirib, egallagan bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazadi.
— Keyingi vaqtda yurtimizda tez-tez kuzatilayotgan holat - fuqarolarni tashish transportida yong‘in yoki boshqa favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ham o‘quv nuqtalari tashkil etilgan, - deydi markazning o‘quv jarayonini tashkil qilish bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sherali Tojiboyev. – Ularda qutqaruvchilar haqiqiy samolyot va boshqa transport vositalari bilan ishlaydi. Shu orqali real vaziyatlarga tayyor bo‘lib boradi. Umuman, o‘quv dasturi ham favqulodda vaziyatlar bo‘limlari kun tartibiga moslab tayyorlangan. Yaqin hududda favqulodda vaziyat sodir bo‘lsa, unga tinglovchilarimiz ham jalb qilinishi mumkin. Maqsadimiz, ular markazni qutqaruvchilik kasbi va hayotiga to‘liq tayyor holda tark etsin.
Markazda boshlang‘ich tayyorgarlikdan o‘tayotganlar ikki oy, malaka oshirish tayyorgarligidan o‘tayotgan tinglovchilar esa bir oy o‘qitiladi. Har yili unda 2 ming nafardan ortiq qutqaruvchi tayyorlanadi.
Markazni ko‘zdan kechirish davomida xizmatchilarni ruhan chiniqtirishga mo‘ljallangan ruhiy to‘siq yo‘laklari, yopiq o‘q otish binosi, o‘quv yong‘in xavfsizlik qismi, ochiq va yopiq sport maydonchalarida olib borilayotgan mashg‘ulotlarni kuzatdik. Hatto o‘zimiz ham ularda ishtirok etib, qutqaruvchilik kasbining mashaqqatini his qilib ko‘rdik. Misol uchun, tog‘ sharoitida qutqaruv ishlarini olib borish mashg‘ulotlarida tinglovchilar skaladromga bir necha soniyalarda chiqib ketishiga ko‘zimiz o‘rgangan. Bu oson ish deb o‘ylaymiz. Ammo bir necha urunishdan keyin unga zarur tayyorgarliksiz chiqish imkonsiz ekanligini angladik.
— Qutqaruvchi istasa-istamasa ish faoliyatida turli ruhiy ta’sirlarga uchraydi, - deydi markaz boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Ochilov. – Insonlarning halok bo‘lishi bilan bog‘liq, oddiy inson tafakkuri ko‘tara olmaydigan vaziyatlar bo‘ladi. Biz tinglovchilarni shunday holatlarga tayyorlashga, ularni ham jismonan, ham ruhan chiniqtirishga alohida e’tibor qaratamiz. Buning uchun maxsus o‘quv kurslari va mutaxassislar bor. Qutqaruvchilik faoliyatida ruhiy bosim bir muammo bo‘lsa, fuqarolarning qutqaruv ishiga aralashishi va xalaqit berishi ikkinchi muammo hisoblanadi. Shu bilan bog‘liq og‘ir oqibatli holatlar yo‘q emas.
Ta’kidlanganidek, qutqaruvchining asosiy vazifasi insonlarning hayoti va sog‘ligini himoya qilish. Ikkinchi vazifa — ofat hududi kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik. Aytaylik, yong‘in sodir bo‘lganida, ular birinchi navbatda o‘tni o‘rab olish chorasini ko‘radi. Bu vaziyatda esa ayrim fuqarolar ularni o‘tni o‘chirmayotganlikda ayblab, faoliyati xalaqit beradi. Markaz tinglovchilari shunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutish va fuqarolarni to‘g‘ri boshqarish bo‘yicha ham bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishmoqda.
Asqar BAROTOV.