Quvaytlik tadbirkorlar Bulung‘urda yong‘oq yetishtiradi
Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida navbatdagi investitsiya kuni tadbiri o‘tkazildi.
Unda 4 nafar tashabbuskor tadbirkor umumiy qiymati 8,5 million dollarlik loyihalari bilan qatnashdi. Tadbirkor Hoshim Aliyev Bulung‘ur tumanida yong‘oq plantatsiyasi tashkil etmoqchiligini bildirgan bo‘lsa, "Samarkand Protect Oil Group" mas’uliyati cheklangan jamiyati vakillari Urgut tumanida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda 6 million dollarlik g‘isht zavodi qurish taklifini bildirdi. "Ray¬hon-tur biznes" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Umida Soliyeva mehmonxona qurish uchun bank krediti ajratilishida amaliy yordam so‘radi. AQShdan tashrif buyurgan investor "Pamir Group" Inc kompaniyasi rahbari Muhammadnaim Sharifzoda Samarqand shahrida mehmonxona qurish uchun 1 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritishini ma’lum qildi.
Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov va viloyat hokimining o‘rinbosari O.Xodjayev har bir taklifni o‘rganib chiqib, investorlarga tegishli tavsiyalar va mas’ul xodimlarga loyihalarni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
- Biz quvaytlik hamkorlar bilan birgalikda Bulung‘ur tumanida 30 gektar lalmi maydonda AQShning "Chandler" navli yong‘og‘ini yetishtirish loyihasini taklif etdik, - deydi Hoshim Aliyev. - Buning uchun 1,5 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritishni rejalashtirganmiz. Keyinchalik mahsulotni eksport qilish va shu yerning o‘zida qayta ishlash ham ko‘zda tutilgan. Uchrashuvda taklifim yaxshi qabul qilindi. Tumanning iqlimi, maydonlarning joylashuvi va boshqa jihatlarini e’tiborga olgan holda bir necha hududdagi yer maydonlarini tavsiya etishyapti. Taklif etilgan va bizga ma’qul bo‘lgan maydonlardan birida tez orada ish boshlash niyatidamiz.
O‘z muxbirimiz.