Oqdaryo yong‘oq yetishtiruvchi hudud bo‘lishi mumkin
Oqdaryo tumaniga tashkil etilgan press-turda jurnalistlar tumanning “Pichoqchi” mahallasidagi “Pichoqchi Dry Fruits” MChJda bo‘lib, eksportga yo‘naltirilayotgan mahsulotlar, yangi navli yong‘oqzor hamda mahallada bunyod etilayotgan logistika markazi faoliyati bilan tanishdi.
Ushbu markazga respublikamizning barcha viloyatlaridan yong‘oq mahsuloti yig‘iladi va saralanib, qadoqlanadi hamda xorijga eksport qilinadi.
- Bu serdaromad soha, - deydi MChJ rahbari Tolibxon Abdujalilov. – Eng muhimi, xotin-qizlar va yoshlar ish bilan band. 30 dan ortiq doimiy, 100 ga yaqin mavsumiy ishchimiz bor. Oqdaryo mahallasidan 104 xonadon bizga biriktirilgan. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirish hisobiga ularni ham doimiy ish bilan ta’minlashga harakat qilyapmiz.
Bu yerda tumanning barcha hududlaridan kelgan xotin-qizlar va yoshlar mehnat qilyapti. Ular yong‘oq mag‘izini saralab, qadoqlaydi.
- Kunlik ishimizga 60-70 ming so‘mdan ish haqi to‘laydi, - deydi ishchi ayollardan biri. - Ishimiz og‘ir emas, sharoitlaridan mamnunmiz. Ikki mahal ovqat ishxona hisobidan. Qatnov uchun transport tashkil qilingan.
“Pichoqchi Dry Fruits” MChJ logistika markaziga butun respublikadan yong‘oq mahsulotlari olib kelinadi. Yong‘oq, mayiz va boshqa turdagi quritilgan mevalar qadoqlanib, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston kabi davlatlarga eksport qilinyapti.
- 2019 yilda Turkiyadan chandler navli yong‘oq ko‘chati keltirib, 30 gektar intensiv bog‘ tashkil qildik, bu nav 4-5 yilda hosilga kiradi, - deydi Tolibxon Abdujalilov. - Istiqbolli rejalarimiz bor. Xususan, Oqdaryo tumanini yong‘oq yetishtirishga sohalashtirish bo‘yicha loyiha tayyorlaganmiz. Sababi, tuman iqlim sharoiti yong‘oq yetishtirish uchun juda qulay.
E’tiborlisi, hududda o‘ziga xos raqobat muhiti shakllangan. Bu yerdagi “Pichoqchi eksport savdo”, “Quruq mevalar tayyorlash”, “To‘rtayg‘ir quruq mevalar” MChJlar ham ayni shu faoliyat bilan mashg‘ul.
- Bugun jahon bozorida sifat jihatdan orqada qolyapmiz, - deydi “Pichoqchi eksport savdo” MChJ rahbari Ro‘zimurod Ismoilov. – Sara yong‘oq navlaridan ekib, mahsulot sifati va hosildorligi uchun ham harakat qilishimiz lozim. Buning uchun tadbirkorlarga yer ajratilsa faoliyatimiz yanada kengayar va jahon bozorida raqobatbardoshligimiz oshar edi.
Press-tur davomida jurnalistlar tumanning Baraka massivida tashkil etilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saralab, eksportga yo‘naltirayotgan “Hakan agro invest” MChJ faoliyati bilan ham tanishdi.
- Loyihamiz qiymati 5 milliard so‘m, - deydi korxona rahbari Mamadali Rasimov. – Yiliga 1,5 million AQSh dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltiryapmiz. Bugungacha 10 dan ortiq ish o‘rni yaratdik. Korxonamiz joylashgan hududda elektr energiyasida bo‘layotgan muammo o‘z yechimini topsa, mahalliy bozorlardan mahsulot qabul qilish va uni eksportga chiqarishda uzilishlar bo‘lmas edi.
Press-turdan anglashildiki, aholini ish bilan ta’minlash va daromadlarini oshirishda bu kabi korxonalarning o‘rni katta. Muhimi, mutasaddi va tadbirkor hamfikr ishlasa, aholi moddiy farovonligi yanada oshadi.
Sulaymon Mardiyev.