Samarqandning Cho‘ponota tepaligida yong‘oq, bodom yetishtiriladi. Ammo adirlikda sug‘orish tizimi qanday yo‘lga qo‘yiladi?

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyat bo‘yicha 10 million 243 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Kuz faslida rejadagi 6,2 million tup ko‘chat ekilgan. Bahorda esa avtomobil yo‘llari yoqasi, fermer xo‘jaliklari maydonlari chetlari, korxonalar, mahallalar, obodonlashtirish boshqarmalarining bo‘sh hududlari, ijtimoiy soha ob’yektlarining bo‘sh qismiga 10,2 million tup ko‘chat ekish ishlari olib borilyapti.

O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi va bo‘limlari tomonidan Cho‘ponota adirlik va tepaliklarida ham daraxtzorlar barpo etilmoqda.

Viloyat davlat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Cho‘ponota massivida jami 216 gektar maydon bor va uning 189 gektarida manzarali hamda yong‘oq daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Shuningdek, hududdagi 80 gektar maydonda bodom ekiladi.

Bodom uch-to‘rt yilda hosilga kiradi va har tupi o‘rtacha 5-10 kilogramgacha hosil beradi. 1 gektar maydonda 400 tupdan ekilayotgan bodom ko‘chatlaridan 1 kilogramdan hosil olinganda ham bo‘sh turgan adirlikda 40 tonna bodom yetishtiriladi.

Massivda o‘rmonzor barpo etish uchun viloyatdagi barcha o‘rmon xo‘jaliklari jalb etilib, ularning har biriga alohida hudud ajratilgan.

- Xo‘jaligimiz tasarrufida yaylov, toshloq, o‘rmon va boshqa toifadagi 10 241 gektar maydon bor va biz yaylov, toshloq yerlarni o‘zlashtirish hisobiga har yili 350 gektargacha grek yong‘og‘i, pista, bodom ekishni yo‘lga qo‘ydik, - deydi Nurobod tumanidagi "Saroyqo‘rg‘on" davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori Ne’mat Hamroyev. - Ko‘chatxonalarimizda qrim qarag‘ayi, mojevelnik, eldor qarag‘ayi, sharq archasi va ehtiyojdan kelib chiqib, yiliga 20 gektarda 300-400 ming tup ihota tutzorlar barpo etamiz.       

Adirlikda o‘rmonzor barpo etish, yana qo‘shimcha daromad keltiradigan  daraxtlar ekish ajoyib g‘oya, biroq bu hali daraxtlardan katta daromad olinadi, degani emas. Buning uchun avvalo, adirlikda sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish, yoz jaziramasida ko‘chatlarni qurib qolishdan asrashni tashkil etish lozim emasmi?

- Bu yerga ekilayotgan har bir ko‘chat tubiga yarim qopdan mahalliy o‘g‘it solib ekilmoqda, bu namlikni ancha vaqt saqlashga yordam beradi, - deydi “Darg‘om” davlat o‘rmon ishlab chiqarish korxonasi bosh o‘rmonbegi Subhon Abdusalomov. – Hozirda ekilgan ko‘chatlar Jomboy, Oqdaryo tumanlari va Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi maxsus texnikalar yordamida sug‘orilyapti. Doimiy foydalanish uchun Cho‘ponota yaqinidagi kanaldan nasos stansiya qurish loyihalari ishlab chiqilmoqda. Cho‘ponota hududining yuqori qismiga ekilgan ko‘chatlarni vegetatsiya davrida sug‘orish uchun M-37 avtomagis­tral yo‘li ustidan suv o‘tkazish ko‘prigi va 5 ta hovuz qurish loyihalari tayyorlanyapti.

Bu loyihalarning ijrosi ekologik barqarorlikni ta’minlash, bo‘sh turgan adirliklardan daromad olishga, asosiysi, o‘simlik va hayvonot olamining ko‘payishiga xizmat qiladi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.