Rag‘bat – shoir va yozuvchilarni yanada ilhomlantirdi
Viloyat hokimligi tomonidan bir guruh faxriy ijodkorlar rag‘batlantirildi.
Shu munosabat bilan viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari X.Ochilov, O‘zbekiston Qahramoni H.Normurodov hamda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri, senator F.Toshevlar so‘zga chiqib, jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi badiiy asarlari bilan nafaqat Samarqand balki respublika adabiy muhitida munosib o‘rniga ega bo‘lib kelayotgan ijodkorlarning safi yildan-yilga ortib borayotganini ta’kidladi.
- Bunday e’tibor biz ijod ahlini qo‘limizga qalam olib, yanada ilhomlanib ijodiy asarlar yaratishga undaydi, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Hosiyat Bobomurodova. – Ayniqsa, viloyat hokimining bu tashabbusi, ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi taqsinga loyiq. Samarqand ijodiy muhitini yanada oshirayotgan yosh shoirlarimizning safi kengayaversin. Biz ularga ustozlik qilib charchamaymiz.
Tadbir davomida pandemiya sharoitida ham qizg‘in ijod qilib kelayotgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 21 nafar a’zosiga viloyat hokimligining qimmatbaho esdalik sovg‘alari, hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan kitoblar topshirildi.
Shuningdek, “Zarafshon” gazetasi kutubxonasidan” turkumida chop etilgan “Zarafshon” zarvaraqlari” kitobining ham taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda gazetaning uzoq yillik faoliyati davomida chop etilgan eng qaynoq, kishini ham o‘ylantiradigan, ham o‘rtantiradigan, ba’zan achchiq, ba’zan shirin kuldiradigan lavhalar saralanib, kitob holiga keltirilgani aytib o‘tildi.
Xususan, “Zarafshon” gazetasi tahririyatida o‘z davrida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Sadriddin Ayniy, Sharof Rashidov, keyinchalik Barot Boyqobilov, Normurod Narzullayev, Oqiljon Husanov, Ahmadjon Muxtorov, Asad Dilmurod kabi el ardog‘idagi ijodkorlar faoliyat yuritgani ta’kidlandi. Bundan tashqari, Chustiy, Habibiy, Komil Yashin, G‘afur G‘ulom, Zulfiyaxonim muntazam ijodiy uchrashuvlar o‘tkazgani, kitobda ularning ijod namunalari yoxud ular bilan bog‘liq lavhalar o‘zgacha tashbehlar bilan berilgani e’tirof etildi.
Husan ELTOYeV.