Raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlay olyapmizmi?

Xudoynazar Yunusov uzoq yillar Rossiyada yashab, oliy ta’lim muassasalarida tahsil oldi, talabalarga dars berdi. Moskva davlat universiteti biologiya-kimyo fakulteti dekani sifatida mehnat qilayotgan professor 2018 yilda vataniga taklif qilindi va shu yildan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori vazifasida faoliyat yuritmoqda. U bilan suhbatimiz oliy ta’limdagi islohotlar, yutuq va kamchiliklar haqida bo‘ldi.


- Xudoynazar Beknazarovich, keyingi yillarda ba’zi yo‘nalishlarga kam ball bilan ham oliy ta’lim muassasalariga talabalar qabul qilinyapti. Shuningdek, tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt asosida ham talabgorlarni oliy ta’limda tahsil olishiga imkon yaratildi. Bunday holatlar ertaga ushbu sohada mutaxassislikni qo‘lga kiritadigan kadrlarning saviyasini tushirib yubormaydimi?

- Juda og‘ir savol berdingiz, yumshoq javob berishga harakat qilaman. Fransiya va boshqa Yevropa davlatlarida hujjatni topshirsangiz universitetga qabul qiladi. O‘qishga kirish uchun tanlov yo‘q, lekin o‘qish jarayonida talabga javob bermaydiganlarni talabalar safidan chiqarishadi. Shuning uchun ularda talabalar safidan chiqarish holatlari ko‘p. Bizda maktabda yaxshi o‘qimagan, lekin boshqalarga qarab men ham o‘qishga kirishim kerak, deydiganlar ko‘p. Shu toifadagilarni qaysi darajada o‘qita olish imkoniyatimiz borligini belgilab olishimiz kerak. Biz ularni o‘qitib, bakalavr darajasiga yetkaza olamizmi? Ular ertaga ishlab chiqarishga borganidan keyin qanday mutaxassis bo‘lib ishlay oladi, degan savollarga javob topishimiz lozim.

Umumiy qilib aytadigan bo‘lsam, oliy ta’lim muassasalari oldida bitta vazifa bor: sohani rivojlantirish uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlab berish. Mutaxassis bugun diplomni olganidan keyin ertaga ishlaydigan joyida “Boshliq, nima qilaman?” deb so‘ramasligi kerak. Birinchi ish kunining kompetensiyasi degan talab bor. Bizning mutaxassislarimiz o‘sha talabga javob beradigan bo‘lishi kerak. Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydigan talabalarni bu darajaga olib chiqish oson emas. Ammo menda bu borada boshqa taklif bor. Bunday talabalarni ikki bosqich o‘qitib, ish faoliyatini boshlashi uchun texnikum darajasidagi diplom berish kerak.

Shuningdek, biz ikki narsa bilan bir vaqtda to‘qnashdik. Birinchisi, qamrab olish, ya’ni xohishi bor yoshlarni imkon darajada oliy ta’limda o‘qitish. Ikkinchisi, mutaxassislar sifatini oshirish. Bu ikki vazifani bir vaqtda bajarish juda qiyin. Shuning uchun biz boshida qamrab olishni birinchi o‘ringa qo‘ydik. Hozir qamrov 30 foizdan oshdi, 2030 yilga kelib 50 foizdan oshadi. Endi shu qamrab olgan talabalarimizning barchasi talabga javob beradimi? Menimcha, sifat birinchi o‘ringa qo‘yilishi kerak.

2018 yilda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti ochildi. Institut universitetga aylantirilib, bugungi kunda tayanch oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat olib boryapti. Shu bilan birga veterinariya meditsinasi yo‘nalishida O‘zbekistonda yana to‘qqizta oliy ta’lim muassasasi talaba qabul qilyapti. Ushbu institut va universitetlarda deyarli professorlar va o‘qitadigan baza yo‘q. Ushbu muammoga yechim topish maqsadida oxirgi uch yil ichida veterinariya meditsinasi yo‘nalishidagi institutlar uchun seminarlar o‘tkazib kelyapmiz. Ularga “Biz raqobatbardosh mutaxassislar yetishtirishimiz kerak, sizda bunga imkoniyat chegaralangan. Shuning uchun tabalaringizni ikkinchi kursdan keyin mutaxassislik fanlaridan bizning universitetimizda o‘qitishingiz lozim”, deb kelyapman.

Biz oldin veterinariya vrachini mol do‘xtiri, deb tushunardik. Lekin veterinariya meditsinasining mutaxassisi bugun odamni davolaydigan vrachdan kam salohiyatga ega bo‘lmasligi kerak. Balki undan ham baland salohiyatga ega bo‘lishi lozim. Sababi, shifokorga borsak qayerimiz og‘riyotganini aytib beramiz. Hatto, sababini ham tushuntirib berishimiz mumkin. Biroq, biz parvarish qiladigan hayvonlar qayeri og‘riyotganini aytib bera olmaydi. Veterinariya vrachi hayvonning ko‘zidan, uning holati va harakatidan qayeri og‘riyotganini aytib bera oladigan salohiyatga ega bo‘lishi kerak. Mana shu kamchiliklarimizni to‘g‘rilaydigan bo‘lsak, o‘shanda sifat darajasi yuqori bo‘ladi.

- Ta’lim sifatini oshirish uchun oliy ta’limda qanday islohotlar qilinyapti?

- Ta’lim sifatini oshirish uchun keyingi 2-3 yil ichida oliy ta’limda tizimli harakatlar bor. Oxirgi yillarda tayanch universitetlarga ishonch kuchaydi. Oldin O‘zbekistondagi sharoitdan kelib chiqib oliy ta’limni rivojlantirgan bo‘lsak, hozir qaysi yo‘nalish bo‘lishidan qat’iy nazar, xorijiy mamlakatlardagi mingtalikka, besh yuztalikka kiradigan reytingdagi universitetlarning o‘quv rejalarini olib, o‘z o‘quv rejalarimizga moslashtirish topshirilyapti. Bundan tashqari, keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalariga yangi binolarning qurib berilishi, zamonaviy laboratoriyalarning kirib kelishi, professor o‘qituvchilarni rivojlangan mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalariga stajirovkaga borib kelishlari va hokazo.

Oliy ta’limdagi islohotlarning natijasi birdaniga ko‘rinib qolmaydi. Bugungi bo‘ladigan islohotlarning natijasi ertaga ko‘rinadi. 2018 yilda universitetimizda mendan boshqa professor-o‘qituvchilarning stajirovka haqida ma’lumoti ham, reyting bali ham yo‘q edi. Bugungi kunda professor-o‘qituvchilarimizning yuzdan ortig‘i h-indeksiga ega bo‘ldi. Ellikdan ortiq professor-o‘qituvchilarimiz o‘tgan o‘quv yilida stajirovkalarga borib keldi. Bundan tashqari, bizning professor-o‘qituvchilarimiz O‘rta Osiyodagi oliy ta’lim muassasalariga dars beradigan darajaga keldi. Bugungi kunda Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilarimiz onlayn va oflayn shaklda dars o‘tyapti. Shuningdek, talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Qozog‘iston milliy agrar universiteti, G‘arbiy Qozog‘iston agrar texnika universitetidan talabalar kelib, semestr darajasida o‘qib ketishyapti.     

- Xorijlik ekspertlar bizdagi ta’lim dasturlari ancha qoloqligini tasdiqlamoqda. Shuning uchun ham bizning diplomlarimiz xorijiy davlatlarda tan olinmaydi. Jahon standartlariga mos kadrlar tayyorlashimiz uchun nimalar qilishimiz kerak?

- Bunday tushuncha besh-olti yil oldin bor edi. Biz o‘tgan yillardan samarali foydalandik va Yaponiya, Koreya, Amerika, Germaniya, Italiya, Portugaliya, Rossiya, Belarus kabi davlatlarning ilg‘or universitetlari o‘quv dasturlari bilan tanishib, o‘zimizdagi o‘quv dasturlarini moslashtirishga erishdik. Shuning uchun ham bizning professor-o‘qituvchilarimiz qo‘shni davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida dars o‘tishyapti. Masalan, Qozog‘iston milliy agrar universiteti 500 talik universitetlar qatoriga kiradi. Shunga qaramasdan ularda veterinariyaning rivojlanishi bizning universitetimizga teng. Bizdagi professor-o‘qituvchilar ularda, ularning professor-o‘qituvchilari bizga kelib dars o‘tishyapti. Ayni kunda Latviyadan kelgan professor talabalarimizga dars bermoqda. Uning aytishicha, bizdagi laboratoriya jihozlari jahon standartlariga mos darajada, o‘quv dasturlarimiz ham xuddi ularniki singari ishlangan ekan. Qaysi talabangiz tilni yaxshi biladigan bo‘lsa, biz uni o‘qitishga tayyormiz, dedi u. Shuningdek, latviyalik professor bizning talabalarimizda bilim olishga xohishi balandligini aytdi. Menimcha, bugun universitetimizning diplomini barcha davlatlar inobatga olsa kerak, deb o‘ylayman. Sababi, shu darajaga yetib keldik.

- Bugun ba’zi talabalar ham o‘qib, ham ishlaydi. Davlatimiz tomonidan ham talabalarning darsdan keyin ishlashiga ruxsat berildi. Sizningcha, talaba ishlashi kerakmi yoki o‘qishi?

- Talabalik davrimda men kimyo mutaxassisligida o‘qirdim. O‘qishdan tashqari vaqtimda kimyo laboratoriyasida ishlardim. Bu menga juda katta yordam bo‘ldi, chunki dars o‘tishga laboratoriya ishlarini tayyorlab qo‘yishim kerak edi. Shuning uchun men talabalardan bir qadam oldin bo‘lishim shart edi. Bundan tashqari, talabalik davrimda qorovullik ham qilganman. Yotoqxonaga borib dars qilsam ham, qorovulxonada dars qilsam ham hech narsa yo‘qotmasligimni tushunib yetganman. Ota-onamga ozgina bo‘lsa ham yordam qilish niyatida har bir vaqtimdan samarali foydalanganman.

To‘g‘risi, men dual ta’lim tarafdoriman, albatta, hamma yo‘nalishlar uchun emas. Masalan, veterinariya yo‘nalishida dual ta’limni amalga oshirish og‘irroq, lekin zooinjeneriyada yengil. Zooinjeneriya yo‘nalishida hayvonlar texnologiyasi bilan shug‘ullanadigan talabalar ko‘proq ob’yektning oldida bo‘lishi kerak. Nazariyadan o‘qitishimizda muammo yo‘q, ammo amaliyotda bo‘lishlari yaxshi bo‘ladi. Oddiy javobim talaba ham o‘qib, ham ishlashi kerak.

- Ba’zida oliy ta’lim muassasalarida ayrimlar ilmiy ish qilmasdan sotib olingan dissertatsiyani himoya qilganini eshitib qolyapmiz. Bunday ko‘zbo‘yamachiliklarning oldini olish uchun nima qilish kerak?

- Men ushbu lavozimda ish boshlagan paytim, ya’ni 2018 yilning may oyda magistratura talabalariga bitiruv ishlari boshlangan ekan. Himoyaga qatnashib, magistr dissertatsiyasini ochib qarasam, kirish qismida “KPSSning 28-s’yezdida ko‘rsatilgan talablarga nisbatan...” degan jumlalarni o‘qib, qo‘rqib ketdim. Kechirasiz, mustaqilligimizga 27 yil bo‘lgan bo‘lsa, nima uchun haligacha shu narsa o‘zgarmadi, deb so‘radim. Hamkasblar bilan birgalikda yuqori darajali talabga javob beradigan zamonaviy jihozlarni ishlatadigan magistr dissertatsiyalarini himoyaga qo‘ymasdan, balki oddiy, kuzatib borsa bo‘ladigan, o‘zlari natijasini ko‘rib himoya qila oladigan dissertatsiyalarni himoyaga qo‘yishga kelishib oldik.

Bugun men universitet jamoasidan juda ham minnatdorman. Bilasizlar, o‘tgan yillarda tizimda qancha xatoliklar bo‘lganini. Shu xatoliklar ichida yashab kelgan hamkasblarimiz tubdan o‘zgardi. Shuning uchun bizda yuqorida aytilgan ko‘chirma himoyalar va hokazolar, o‘ylaymanki, tarixda qoldi. Biz magistr va doktorantlarimizga yengillik bo‘lishi uchun jahon miqyosida o‘zining samarasini ko‘rsatgan loyihadan foydalanishni lozim, deb bildik. Bundan 70 yillar avval universitetlarning tez o‘zgarishi ko‘zda tutilgan biznes-inkubator degan loyiha kiritilgan edi. Shu loyiha asosida 500 talikka kiradigan universitetlar o‘zlarini tiklab oldi. Biz shu biznes-inkubator loyihasiga ilmiy biznes-inkubator degan narsani qo‘shdik va 2023 yilning iyul oyidan loyihani boshladik. Loyiha doirasida vivariy laboratoriyamizga 14 turdagi qishloq xo‘jalik hayvonlarining nazorat guruhini olib keldik va bir yo‘la ikki narsaga erishdik. Birinchidan, bizda ilmiy ishlarni olib boradigan barcha hamkasblarimiz nazorat guruhidagi laboratoriyadan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi va tajriba guruhi uchun xo‘jaliklar bilan shartnomalar tuzib, xo‘jaliklarga ham xizmat ko‘rsatishni boshladik. Ikkinchi yutug‘imiz, jonli o‘tadigan darslarimizni laboratoriyalarda o‘tadigan bo‘ldik. Bunday darslar talabalarda qiziqish paydo qildi.  

- Keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalarida korrupsion holatlar ancha kamaydi, ammo talabalar kredit-modul tizimidan norozi. Ularning fikricha, kredit-modul tizimi talabadan pul undirishning zamonaviy usuli emish. Shuning uchun a’lo baholarga o‘qiydigan talabalar ham imtihondan yiqilayotganmish. Bu borada sizning fikringiz qanday?

- Kredit-modul tizimi eng yaxshi xorijiy mamlakatlarning rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Kredit-modul tizimi haqiqatda talabalarning tushunganidek bo‘lganida, bu tizim ishlab keta olmasdi. Talabalarning bunday xulosaga kelishiga kredit-modul tizimini hali oxirigacha yetib tushunmaganligimiz sabab bo‘lishi mumkin. Biz to‘laqonli kredit-modul tizimini ishlatamiz deganimiz bilan ishlata olmaymiz. Sababi, bu o‘zimizning mentalitetimizga borliq.

Kredit-modul tizimining talabiga ko‘ra, talaba mustaqil o‘qiydi. Professor-o‘qituvchi jadvalga qo‘yilgan dars soatiga ko‘ra, belgilangan vaqtda auditoriyaga kelib talabalarni kutib o‘tiradi. Talabaga dars kerak bo‘lsa kelib o‘qiydi, o‘zlashtirishini tushungan talaba kelmasa ham o‘qib ketaveradi, faqatgina oxirida shu modulni o‘tib, kreditini ololsa bo‘ldi. Bizda jarayon boshqacha. Talabalarni yomonlamoqchi emasman, ular hali bu tizimni tushunib yeta olgani yo‘q.

Biz ushbularni hisobga olgan holda talabalarga imkon qadar yordam beryapmiz. Avvallari imtihondan o‘tolmaganlarga ikkinchi vedomost, uchinchi vedomost qo‘llanilardi. Endi kredit-modul bo‘lganidan keyin bu tizim yo‘q, lekin talabalarning tarafini olgan holda ulardan yana bir marta imtihon olishni har bir kafedraga topshiriq berganman. Agar shu imkoniyatdan ham foydalana olmasa, uchinchi semestrga qoladi.

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor, hamkasblarim bu gapimdan xafa bo‘lishmasin. Masalan, men guruhdagi o‘ttiz nafar talabaga dars o‘tsam, fanim tugagach, imtihondan barcha talaba yiqilsa, bu kimning aybi bo‘ladi? Ularning loaqal 50 foizi imtihondan o‘tolmasa, demak, bilimim unchalik yuqori emas ekan, deb xulosa qilaman va o‘z ustimda qattiqroq ishlayman. Kredit-modul tizimining ichiga kirib, to‘g‘ri ishlata olsak, muammo o‘zidan o‘zi yechilib ketadi. Buning uchun ozroq vaqt kerak. 

Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.