“Rashidovlar sulolasining malikasi” yoxud 28 yil avvalgi suhbatga so‘zboshi
Sharof Rashidov nomidagi xalqaro fond qaytadan tashkil topgani haqidagi xabarni eshitib, ich-ichimdan quvonib yurgan kunlarimning birida shu fond rahbariyatidan telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lib qoldi:
— Sharof aka, siz onamiz Xursan G‘afurovna bilan ochiq matbuotda birinchi va oxirgi marta suhbat qurgan jurnalistsiz, — dedi Gulnora Rashidova. — Yaqinda onamizning tavallud topganiga yuz yil to‘ladi. Shu munosabat bilan Jizzax viloyati gazetasi ana shu suhbatni ko‘chirib bosib, hamshaharlarga tortiq qilishmoqchi ekan... Shu suhbat matnini topishga yordam berolmaysizmi? Bizdagi gazeta nusxasi Sharof Rashidov muzeyining oynavand javoniga qo‘yilgan, muzey inventariga aylanib qolgan, joyidan qo‘zg‘atishga jur’at qilolmadik va shu munosabat bilan o‘zingizga murojaat qilishni lozim topdik...
Bu faxrli topshiriq munosabati bilan bundan o‘ttiz yilcha muqaddam kechgan o‘sha voqealar xayolimdan birma-bir o‘ta boshladi...
Ma’lumki, 1985 yil Markazqo‘mning mashhur XVI plenumidan keyin Rashidovni ommaviy qoralash boshlanib ketdi. Kecha otasi o‘rnida ota deb bilganlar ham bir yumalab, boshqa tusga kirdilar. Lekin o‘z odamiylik qiyofasini saqlab qola bilgan insonlar ham yo‘q emasdi. Bu og‘ir va musibatli jarayonni hech kim jurnalist, atoqli tarjimon va olim Asil Rashidovchalik chuqur tahlil qilmagan bo‘lsa kerak. Ustozimiz o‘zining “Akam haqida” deb nomlangan tahliliy-publitsistik risolasida o‘sha kunlarning tala-to‘p manzarasini shu qadar o‘ta sinchkovlik va odilona chizib berganki, qiyosi yo‘q!
1989 yilning yozidan Islom Karimov davri boshlandi va o‘sha yil avgustida o‘tgan respublika faollari yig‘ilishida respublika rahbari o‘z ma’ruzasida shunday chuqur va ma’nodor shiorni o‘rtaga tashladi: “Marhumlarning tili yo‘qligidan foydalanib, ularga tosh otishni bas qilaylik!...”.
Zalda gulduros qarsaklar yangradi, gap kim va nima haqida ketayotgani o‘z-o‘zidan ayon edi. Lekin bu masalada zalda to‘planganlarning bu qadar yakdilligi ko‘pchilikni, hatto Karimovning o‘zini ham hayratga solgan bo‘lishi mumkin. O‘sha paytda yig‘ilishda O‘zbekistonda “Rashidovchilik”ni tugatish uchun markazdan yuborilgan, xalq tilida “desantchi”lar deb nom olgan mal’unlarning kattagina guruhi ham qatnashayotgan edi. Ular ham boshqalarga qo‘shilib qarsak chalishga majbur bo‘lishdi! Ushbu nutq va mardona shior Sharof Rashidovga bo‘lgan munosabatning burilish nuqtasi bo‘lgan edi, nazarimda! Keyin esa yov qochib, botirlar ko‘payib ketdi... Shunga qaramay, Sharof Rashidov ustida qora bulutlar quyuqlashgan dastlabki kezlarda ajoyib hajvchi shoir va jangchi Zohidjon Obidov tomonidan yozilgan “Arslonning o‘limi” she’riy-feletonini (1985 yil, “Mushtum” jurnali) badiiy ijoddagi qahramonlik deb atash mumkin. Mazkur feleton jangchi-shoirning quvg‘in va tazyiq ostiga olinishi, o‘z navbatida, jurnal bosh muharriri Ibrohim Rahimning vazifasidan chetlatilishi bilan yakun topgan bo‘lsa, jurnalist Bobomurod Daminovning “Rashidov haqida so‘z” maqolasi dastlabki oqlov qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yodda qoldi.
Keyinroq denovlik deputat Ibrohim Fayzullayev Sharof Rashidov nomini oqlashni O‘zbekiston SSR Oliy Soveti sessiyasi kun tartibiga qo‘yish taklifini bildirganda, zal qarsaklardan larzaga keldi. Shu asnoda farg‘onalik bir guruh SSSR va O‘zbekiston SSR oliy Soveti deputatlarining Rafiq Nishonov nomiga yo‘llangan “Rashidovga tosh otishni bas qiling!” degan murojaati respublika matbuotida e’lon qilindi... O‘sha yillari respublika va hatto Moskva minbarlaridan SSSR Oliy Soveti deputatlari — yozuvchi Odil Yoqubov, akademik Erkin Yusupov va jurnalist Ahmadjon Muxtorovlarnig ta’sirchan so‘zlari bot-bot yangrab turdi.
Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekistonda “Paxta ishi”ni qayta o‘rganish yuzasidan respublika komissiyasi ish boshladi va kamina bu komissiya ishini yoritishga jalb qilindim. Ushbu jarayonda “Paxta ishi” komissiyasi raisi Ismoil Jo‘rabekov va komissiya raisi o‘rinbosari Abdusamad Polvonzodalar bilan baqamti ishlash nasib etdi. O‘shanda O‘zbekistonga nohaq yog‘ilgan malomat toshlari va aybnomalar chok-chokidan sitilib keta boshladi. Bir qator ishlar yakuniga ko‘ra, bevosita Sharof Rashidovga qilingan tuhmat va malomatlar xususida “Marhumlar so‘roq qilinmaydi...” (O‘zbekiston ovozi”, 1990 yil, 17 yanvar) maqolamni e’lon qilishga muyassar bo‘ldim. Maqola Islom Karimov nazariga tushganligini aytishganda esa yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Chunki “Toshkent oqshomi”—“Vecherniy Tashkent” gazetalari bosh muharriligidan ishdan chetlatilishimda “Rashidovchi”lar ro‘yxatida ekanligim asosiy “aybnoma” edi.
Lekin adolat yuzasidan aytganda, marhum Rashidovning nomini siyosiy oqlash Islom Karimovning chekiga tushdi. Tez orada O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining yangidan tuzilgan matbuot xizmati rahbari — matbuot kotibi vazifasiga tasdiqlanish jarayonida avvaliga Markazkom kotiblari Yefimov va Komil Yusupovlar suhbatidan va so‘ngra Birinchi kotib Islom Karimovning qariyb ikki soatlik “chig‘irig‘i”dan o‘tishimga to‘g‘ri keldi.
O‘tgan asrning 90-yillari boshida Markazqo‘mda va Prezident apparatida Rashidovga qarshi shiddatli hujum kampaniyasida faol qatnashgan guruhlarda ochiq va yashirin tarzda ish ko‘rgan bir qancha alamzadalar hali yuqori kursilarni egallab, Birinchi kotibni ham qanday qilib iligidan olish payida zimdan ish olib borishar, ayniqsa uning Moskvaga teskari tarzda qaror topgan “Prezidentlik” mavqeini bekor qilishni orzu qilishardi. Bu harakatga moskvalik “desantchi”larning hali bir muncha baquvvat sanalgan so‘nggi qoldiqlari rahnamo edi. Mamlakatning huquq-tartibot idoralari va ayniqsa kuch ishlatar tizimlari to‘laligicha ularning izmida edi. Yakson qilish mexanizmi so‘nggi kunlarda Boltiqbo‘yi respublikalarida va Kavkazda, xususan, Gruziyada qattiq va beshafqat ishga solingan edi. Islom Karimov bilan bo‘lgan ikki soatlik suhbatda davlat rahbari sadoqatli kadrlar suv va havodek zarur ekanligini yashirib o‘tirmadi. Bu suhbatda aynan Sharof Rashidov bilan ishlashganim va bu insonni hech qachon, hech qayerda sotmaganim va bunday imkoniyat bo‘la turib, bu “qulay imkoniyat”dan foydalanmaganim haqidagi “ma’lumot”lar bazasi asosiy rol o‘ynaganini sezmaslik mumkin emasdi.
Rashidov nomini oqlashda Islom Karimov chin jasorat ko‘rsatgan edi. Chunki bo‘ yo‘lda birinchi qadamlar tashlangan paytda hali “Politbyuro” qonli qilichini mustamlaka mamlakatlar boshi uzra bot-bot sermab turgan va Rashidovning bir qancha alamzada dushmanlari ichkarida, tashqarida, hatto Moskvaning og‘ushida davru davron surayotgan tahlikali zamonlar edi. Xuddi ana shunday kunlarda Islom Karimov Sharof Rashidovning muborak nomini oqlashga bel bog‘ladi.
1991 yilning kuzida bir guruh talabalar, asosan Toshkent davlat universitetida tahsil olayotgan bo‘lajak jurnalistlar Sharof Rashidov tavalludining 74 yilligini nishonlash yuzasidan Prezident qabulxonasiga murojaat qiladi. Biroq ularning “Sharof Rashidov — jurnalist” degan mavzuda tantanali yig‘ilish o‘tkazish haqidagi tashabbusi Toshkent shahar ma’muriyati tomonidan jiddiy qarshilikka duch keladi.
Prezident yordamchisi G.Kraynov topshirig‘iga ko‘ra, men talabalar “delegatsiya”si bilan qabulxonada uchrashdim. Ular uch kishi bo‘lib, “delegatsiya” rahbari kavkazliklarga o‘xshab ketadigan, serharakat, gapga chechan Husan ismli yigitcha ekan. Ular hatto “Taklifnoma” tayyorlashgan va eng birinchi raqamlisini Prezident Islom Karimovga topshirish va shaxsan marosimga taklif qilish uchun tashrif buyurishganini ma’lum qilishdi.
Respublikada o‘sha kunlarda “Erk”, “Birlik” va boshqa turli oqimlarning boshboshdoqligi tufayli talabalarning har qanday yig‘inlari hukumat tomonidan rag‘batlantirilmas, aksincha, to‘xtatilardi. Lekin “delegatsiyaning shashti baland edi, yo‘q desangiz, rasmiy javob bering, nega biz Rashidovni jurnalist sifatida olqishlashga haqimiz yo‘q ekan?” degan savol-javoblar ortidan men rasmiy javob uchun uch kun muhlat so‘rab, ular bilan xayrlashdim va o‘sha onda “delegatsiya” rahbarini alohida suhbatga tortib, ukajon, sen o‘zing qayerliksan, deb so‘radim. “Jizzaxlikman. Baxmal deb eshitganmisiz, Baxmal olmalarini yeb ko‘rganmisiz, o‘sha yurtdanman”, — deb javob qildi.
Mazkur suhbat yakunini men Prezident yordamchisi G.Kraynovga xotirjam yetkazdim. Kutilmaganda Islom aka chaqirib qoldi va talabalarning tashabbusi unga ma’qul ekanligini aytdi.
— Sen o‘zing talaba bo‘lganmisan, — deb so‘rab qoldi Islom aka ko‘tarinki kayfiyat bilan (ehtimol talabalik yillari yodiga tushgandir). Prezidentning kursdoshi bo‘lgan ustozimiz Rahim Rajabovdan ularning jo‘shqin talabalik yillari haqida eshitgan hangomalarim ko‘z oldimga keldi. Tikilib tursam, Prezidentning ko‘zlari navqiron yigitlarday yonib turibdi. O‘shanda aytgan gaplari yodimdan chiqmaydi: “Menga qara, Mavlonga ayt, birga boringlar, vaqti bo‘lsa, Rahim (Rahim Rajabov o‘sha yillarda respublikaning ikkinchi rahbari) borsin, aytib ko‘ringlar... Eh, vaqtim bo‘lsa, o‘zim borardim, mening nomimdan tabriklanglar, rahmat aytinglar. Umuman, Sharof Rashidov nomini talabalarga singdirish, yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatish — bu muhim siyosat! Sharof Rashidovdek insonlar yuz yilda, balki ming yilda bir marta tug‘iladi!..”
Sharof Rashidov tavalludiga bag‘ishlangan norasmiy, biroq mutlaqo yoshlar tashabbusi va talabalar qanotida o‘tgan tantanali kechada Prezidentning davlat maslahatchisi Mavlon Umurzoqov ularni olqishlar ekan, Islom Karimov nomidan yuksak tilaklar bildirdi. Aytishlaricha, bu Sharof Rashidovga bag‘ishlangan birinchi kecha bo‘lib tarixda qoldi. Chunki Sharof aka tiriklik paytida hatto 50 yillik, 60 yillik yubileylari munosabati bilan boshlangan barcha tadbirlarni o‘zlari to‘xtatib qo‘ygan edi...
Talabalarning yig‘ini tafsilotlari Islom Karimovni yanada to‘lqinlantirib yubordi. O‘shanda Islom aka Davlat kotibi Rahim Rajabov, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov, Davlat maslahatchilari Mavlon Umurzoqov, Temur Alimov, o‘sha yillar Oliy ta’lim vaziri bo‘lib turgan Oqil Salimov, Prezident bosh yordamchisi Georgiy Kraynov ishtirokida o‘tgan ixcham tarkibdagi yig‘ilishda atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning 75 yilligini butun mamlakat miqyosida tantanali o‘tkazish vazifasini qo‘yar ekan, “Yubiley komisiyasini tuzish kerak, barcha viloyat rahbarlari, Sharof Rashidov bilan ishlashgan veteranlarimizni bu komissiyaga kiritish kerak. Yubiley tantanalarini Jizzax shahrida o‘tkazsak, Xalqlar do‘stligi saroyida esa katta konsert bersak va butun sobiq Ittifoqdan Sharof Rashidov bilan birga ishlagan safdoshlarini taklif etsak, nima deysizlar? Hozir esa, yubiley komissiyasi raisini saylab olishimiz kerak, raisning qulochi Ittifoqqa yetadigan odam bo‘lishi kerak, aytinglar, kimni rais qilamiz?”
Hamma bir ovozdan “Raislikka faqat siz munosibsiz, Islom aka” degan taklifni shartta to‘xtatib, men faxriy rais bo‘lay, chunki bu vazifa vaqt talab qiladi, amaliy rais Jo‘rabekov bo‘lsin, u Rashidov bilan uzoq ishlashgan, eng muhimi, ustozini sotmagan, qamalishiga bir bahya qolganda ham, hatto Gdlyan do‘q-po‘pisa qilib va hatto shaxsan Nishonov shuni iltimos qilganda ham, sotmagan va sotilmagan, yuzini, vijdonini saqlab qolgan. Mavlon Umurzoqov, mayli, muovin bo‘lsin, chunki ancha-muncha tashkiliy masalalarni hal qilish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, endi yotib doimiy ishlaydigan, matbuotni ishga soladigan ishchan kotib kerak, asosiy yuk uning bo‘ynida bo‘ladi, agar bu inson Rashidov bilan ishlashgan va uni yaqindan biladigan odam bo‘lsa, yomon bo‘lmasdi!...”
Yubiley komisiyasi ma’sul kotibligi vazifasini mening zimmamga yuklar ekan, Islom aka qat’iy topshiriq berdi:
— Bugungi yig‘ilishimizni yubiley komissiyasining 1-majlisi sifatida rasmiy bayonlashtirib yozing, majlis shunday qaror qabul qiladi:
1. Sharof Rashidov nomini abadiylashtirish va uning oilasiga belgilangan barcha imtiyozlarni olib tashlagan KPSS Markaziy Komiteti va Politbyuro qarorlarini bekor qilish hamda nohaq qaror sifatida tubdan qoralash.
2. Sharof Rashidov oilasining barcha huquq va imtiyozlarini tiklash, shaxsan Xursan Rashidovaning holidan xabar olish va tez kunlarda u bilan Sharof Rashidov haqida batafsil suhbat qilib, matbuotda yoritish (shu yerda Islom aka ajoyib bir xotirani esga oldi: bilasizlarmi, men Samarqandda Bibixonim ko‘chasida tug‘ilganman. Bu ko‘cha sovetlar davrida “8 mart” deb o‘zgartirilgan bo‘lsa-da, kattayu kichik Bibixonim ko‘chasi deb ataydi va buni faxru iftixor bilan aytadi.
Bibixonimni biz, samarqandliklar Temur bobomizdan kam yaxshi ko‘rmaymiz, chunki, Temurni Temur qilgan Bibixonim bo‘ladi! Bu donishmand va oqila ayol Temurni ko‘pdan-ko‘p balolardan saqlab qolgan, barcha yaxshi ishlarida madadkor bo‘lgan. Temuriylar avlodining tarbiyachisi — onaxoni bo‘lgan! Bibixonimsiz biz Ulug‘bekday buyuk olimga ega bo‘lolmasdik... Men Xursan opada Bibixonimning barcha xislatlarini ko‘raman! Bu zahmatkash ayolsiz biz Sharof Rashidovday barkamol rahbarga ega bo‘lolmasdik, deb ayta olaman! Bu donishmand ayol millatning onasi, millatning tarbiyachisi bo‘lishga arzigulik! Qirq yil Sharof Rashidovday buyuk insonning soyasi bo‘lib yashash, qirq yil parda ortida turish, qirq yil oilada temir intizomni saqlay bilish tarixda bo‘lmagan hodisa, bu faqat Xursan opaning qo‘lidan keldi. Mana, bizning davr, bizning zamonning Bibixonimi! Bu xokisor va oqila ayolning o‘xshashi yo‘q, bundan keyin ham bo‘lishi qiyin, chunki bunday musaffao va pokiza qalb bo‘lishi uchun, Xursan opa bosib o‘tgan yo‘lning hech bo‘lmaganda yarmisining yarmini bosib o‘tish kerak! Buning uchun buyuk sadoqat, buyuk vafo, buyuk sabru toqat kerak! Sharof Rashidovday buyuk zotning boshidanoq peshonasi yarqiragan bo‘lgan, nazarimda.
Yigirma besh yoshida qirg‘inbarot urushdan omon chiqib viloyat gazetasining bosh muharrirligidek katta maqomga erishgan, yurtga taniqli shoir va jurnalist, ko‘rkam va kelishgan yigit ming-minglar ichidan Xursan opaday ota-onasiz yolg‘iz qolgan bir qizni o‘ziga yor qilib tanlar ekan, u o‘zining uzoqni ko‘ra bilishini, yoshligidanoq naqadar zukkoligini yana bir bor ko‘rsatgan va adashmagan edi! Keling, bizning avlodimiz Xursan opani deyarli ko‘rmay-bilmay, tanimay o‘tdik, endigi avlodimiz tanisin, bilsin, yoshlarimiz u kishidan ibrat olsin! Mana, bizga Xursan opa namunasi nima uchun kerak, shuni unutmaylik, u kishi birinchi navbatda millatga kerak! Bunday insonlar — mildlatning ko‘rki, millatning baxti! Xursan opa Rashidovlar oilasining malikasi bo‘lganlar va ayni paytda, hech shubhasiz, Xursan G‘afurovna — zamonamiz farishtasi! — deb yakunladi Islom aka o‘z so‘zini. Yana bir voqea yodimda, shu gapdan keyin Samarqandda ham shoshilinch o‘zgarish qilindi, “8 mart” ko‘chasiga o‘zining tarixiy — Bibixonim nomi qaytarildi...)
3. Sharof Rashidov oilasini German Lopatina ko‘chasidagi o‘z qonuniy uyiga tez kunda ko‘chirish vazifalari yuklansin...
Talabalarning tashabbusi asnosida Sharof Rashidovning 75 yillik yubileyiga asos solindi. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga Sharof Rashidov yubileyiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha keng qamrovli dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi va tez kunda dastur dunyoga keldi va yanada boyitildi.
Shu ma’noda hech ikkilanmay aytishim mukinki, Xursan Rashidova bilan bo‘lgan ushbu tarixiy suhbatning asl muallifi Islom Karimov bo‘lgan edi. O‘shanda bu jur’atni Islom aka bermaganida, bizga qanot bag‘ishlamaganida, umrimizning yana ko‘p qismini majlisbozlik bilan o‘tkazgan bo‘larmidik... Lekin ushbu bayonnomaning 3-bandi bajarilmay qoldi. Mamlakat Prezidenti bu uyni, kerak bo‘lsa, militsiya orqali bo‘shatinglar, ularga (ya’ni Sharof Rashidov uyini egallab turganlar nazarda tutiladi) aytgan joyidan uy beramiz, xohlasa kotej beramiz... Bu uy kelajakda Sharof Rashidovning uy-muzeyi bo‘lishi kerak, degan bo‘lishiga qaramay, salkam o‘ttiz yildirki, Islom Karimovning topshirig‘i bajarilmay qoldi... Mana, hozirgacha, Sharof Rashidovday buyuk zot qayerda yashagan edi, degan savol hamon ochiq — javobsiz.
Xullas, Prezidentning shunday tashbehlaridan keyin men Xursan opaning huzuriga oshiqar ekanman, intervyu qanday kechishi, zamonamiz Bibixonimining qalbiga yo‘l topish tashvishlari, tabiiyki, yelkamdan yergacha bosib turardi. Xudoga ming shukr, o‘shanda kutilmaganda Oqil Umurzoqovich xonamga kirib keldilar va dabdurustdan “Xursan opadan bildim, sen hali ham bormabsan-ku” deb qoldilar va bundan bir necha yil burun Markazqo‘mda ishlagan kezlarmizdagidek, oldilariga solib olib ketdilar...
Hozir bundan roppa-rosa 28 yil avval yozilgan, “Saodat” jurnalining 1992 yil 10-sonida e’lon qilingan o‘sha suhbatni e’tiboringizga havola etarkanman, unda tilga olingan fikrlar bugun ham g‘oyat muhim deb o‘yladim. Zero, sadoqat, nafosat, mehru vafo, matonat va fidoyilik — ayol ko‘rki. Bunday xislatu fazilatlar sohibalari esa har bir zamonda, har bir makonda ulug‘lanadi, e’zozlanadi. Xursan Rashidovaning mazmunli hayot yo‘li nafaqat buyuk davlat arbobi, yetuk ijodkorning rafiqasi, balki jonfido ayol sifatida ham ibratga loyiq.
Shu o‘rinda o‘z davrida mazkur suhbatning o‘quvchilar qo‘liga yetib borishida shoira, o‘sha paytda “Saodat” jurnali bosh muharriri bo‘lgan Halima Xudoyberdiyevaning katta mehnati va ijodiy yordami borligini mamnuniyat va qarzdorlik tuyg‘usi bilan yodga olishdan baxtiyorman.
Rashidovlar sulolasining malikasi
“— Men 1920 yilda Jizzax rayonining hozirgi Navoiy nomli kolxozida o‘rik gullagan faslda tug‘ilgan ekanman, — deydi Xursan Rashidova. — Onam, Norbuvi Haydarova asli sarbazorlik (hozirgi G‘allaorol rayoni) bo‘lib, savodsiz, oqko‘ngil o‘zbek ayoli edi. Otam Abdug‘affor hoji Boymatov uch marta haj ziyoratini bajo keltirgan, ma’lumotli kishi edilar. Hatto Oktyabr inqilobidan keyin ham haj safariga ulgurgan ekanlar. Otamning otalari — bobom Boymatboy hojining hoki tuprog‘i Makkada qolgan, haj safarida bandalikni bajo keltirgan ekanlar. Otam qazo qilganda men 7 yoshda edim. Onam rahmatlik ham mening to‘yimni ko‘rolmadilar. 1942 yil oxirida frontdan qaytgan muallim Sharof Rashidov bilan turmush qurdik. To‘rt qiz — Sayyora, Dilorom, Gulnora, Sveta va Ilhomjonning onasi bo‘ldim. Sharof Rashidovdek buyuk insonning hayotiga hayotim tutash bo‘lganidan baxtiyorman. Men baxtli ayolman...
— Xursan G‘afurovna, rozi bo‘lsangiz, suhbatimizni siz Sharof Rashidov hayotiga, Sharof Rashidov sizning hayotingizga kirib kelgan, ta’bir joiz bo‘lsa, yulduz-yulduzga mos tushgan — muhabbat bog‘idan gul tergan ilk kundan, ilk voqeadan boshlasak...
— Bu “bog‘”ga kim qachon kirgani va kim qachon gul tergani o‘zimizga ham ayon emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, bizda muhabbatdan boshqa yana bir qudratli kuch bo‘lganki, men buni ta’riflay olmayman. Chunki hali taqdirimizni bog‘lamay turib Sharof aka men uchun ham ota, ham ona, ham og‘a, ham suyanchiq rolini o‘taganlar. Aniqroq aytsam, Sharof aka Jizzax pedagogika texnikumini yaqindagina bitirib bizga adabiyotdan dars berardilar. Men o‘shanda 7-sinfda o‘qir edim. Butun sinfni u kishi o‘zlariga mahliyo qilib olgandilar. Sinfda 36 o‘quvchi bo‘lib, shundan 10 nafari qizlar edi. Yodimda A.S.Pushkinning yuz yilligi arafalari edi. Sharof aka Pushkinning o‘nlab she’rlarini yod bilar va hayratlanib o‘qirdi. U kishi tufayli adabiyot fani bizni o‘z sehriga olgandi. Bir safar hamma g‘o‘r o‘quvchilar kabi men ham o‘z o‘qituvchimning sehri bilan kalovlanib, undan so‘raganim yodimda “Muallim (biz Sharof akaga shunday murojaat qilardik), nega hamma sizni birday Sharofjon deydi. Nega hamma sizni yaxshi ko‘radi?”, “Chunki men hammani yaxshi ko‘raman, Xursanoy, — degandilar Sharof aka. — Odamlarga qanday munosabatda bo‘lsangiz, odamlar ham sizga shunday munosabatda bo‘ladilar...”.
Sharof akaning nafaqat o‘ziga yaqin tutgan odamlarni, balki bir ko‘rishgan odamlarni ham sehrlab qo‘yguvchi ohanrabosi bor edi. Shu jihatdan mening onam bilan bo‘lgan ularning ilk uchrashuvi ko‘zim oldiga kelaveradi... 1937 yil Sharof aka biz, yetti yillik maktabni bitirayotgan bir guruh qizlarni O‘zGU (hozirgi SamDU)ga o‘qishga yuborish tashabbuskori bo‘lgan edilar. Men ham maktab a’lochisi sifatida ana shu ro‘yxatga tushgan edim. Lekin o‘qishga jo‘nashim uchun onamning roziligini olishim shart edi. Mening yolg‘iz qiz boshim bilan Samarqanddek azim shaharga jo‘nashimni onam xayoliga ham sig‘dira olmasdilar. Sharof aka onamni maktabga taklif qilib, meni o‘qishga jo‘natishga ko‘ndirganda, bu suhbatning naqadar yengil ko‘chganiga lol qolgan edim. Sharof aka bilan onamning suhbatini eshik tirqishidan ham ko‘rib, ham hayajon bilan quloq solib turardim. Sharof aka aynan qaysi so‘zlari bilan onamga murojaat qilganlari hozir yodimda yo‘q. Biroq “Xursanoy o‘qishi kerak, a’lochi, qobiliyatli va hokazolar” deganlarini eslayman. Shu bilan bir qatorda onamning javobini eshitib, men “shu gapirayotgan mening onammi?”, deb yoqa ushlab qolgandim. “Mayli, Sharofjon, o‘g‘lim, qizimni sizga, sizni xudoga topshirdim”. Eshik tashqarisida turib uyalgandan yuz-ko‘zim lovullab qizarib ketgan edim.
Yo‘lda esa “Nega unday dedingiz, ona? Nega meni “birov”ga topshirdim, deysiz, — dedim uyalganimni yashirolmay. — Nega darrov endi ko‘na qoldingiz?”. “Bu yigitning shunday ohanrabosi” bor ekanki, men unga yo‘q degan so‘zni ravo ko‘rmadim, —degandilar onam. — Bu yigitda o‘ziga xos xislat bor, qizim. Xizir ko‘rgan yigit. Menga shunday tuyuldi. U yigit kam bo‘lmaydi. Unga suyanganlar ham...”
1937 yil kuzida 15 ta jizzaxlik yigit-qiz O‘zGU qoshidagi ishchilar fakultetiga o‘qishga bordik. Sharof aka o‘sha yili O‘zGUning filologiya fakultetiga o‘qishga kirib, ayni paytda “Lenin yo‘li” gazetasida ham ishlardilar. Sharof aka oliyjanob inson edi. U gazeta redaksiyasidan olgan maoshidan turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan bir guruh talabalarga doimiy yordam ko‘rsatib turardi. Dugonalarim Nishonbuvi, Zaynab va kursdoshlarimiz Hayitboy, Sulton va boshqalar bu yordamdan bahramand edilar.
1941 yil urush boshlangan kezdanoq Sharof aka bizning taqdirimiz haqida, ayniqsa, qattiq qayg‘ura boshladilar. O‘sha yili avgust oyida Sharof akani Samarqand vokzalidan frontga kuzatib qo‘ydik. Jizzaxdan otalari Rashid bobo va tog‘alari Hamroqul Nosirov keldilar. Poyezd vokzali perronida jo‘nash oldidan Sharof aka biz bilan birma-bir xayrlashdi. Shunda kutilmaganda otalari va tog‘alari tomonga o‘girilib, iltimos ohangida so‘z qotdilar: “Tog‘a, sizdan iltimos, ota, sizdan ham, Xursanoyni Jizzaxga olib ketsalaringiz... U yoqdan omon-eson qaytsam, biz birga bo‘larmiz”. U paytda men ota-onasiz va yolg‘iz o‘z muallimimga suyanib qolgan edim. Balki mana shu siz aytgan ilk muhabbatdir. Balki mana shu yulduzi-yulduziga duch kelishidir. Balki mana shu taqdirdir. Xudoga ming qatla shukr, taqdirimdan mamnunman.
— Sharof Rashidovning taqdir yo‘li o‘ziga xos mo‘’jiza bo‘lgandi. Va hamon shundayligicha qolmoqda: 25 yoshida u obkom kotibi, 30 yoshida “Qizil O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri, 32 yoshida Respublika Yozuvchilar uyushmasining raisi, 33 yoshida respublika Oliy Soveti Prezidiumining Raisi, 42 yoshida O‘zbekistonning birinchi rahbari! Qariyb 24 yil “birinchi rahbar”likda og‘ishmay turishning o‘zi bo‘ladimi?! Hayotlik paytidayoq unga haykal qo‘yilgandi. Xursan G‘afurovna, Sharof Rashidov benazir kishimidi? Tabiat unga alohida qanday xususiyatlar baxsh etgandi? “Xudo bergan” tomonlari nimada edi?
— 1942 yilda Sharof aka jangdan yarador bo‘lib qaytgach, Farhod GESi qurilishiga jalb etildi. Mana shu qurilishda u kishi Akop Abramovich Sarkisov, yurtdoshlari Mamanazar Tursunov, Zokir Normatov va boshqalar bilan birga bo‘lganlar. Qurilishda partiya tashkilotchisi bo‘lib qatnashayotgan Sharof aka Farhod GESi qoshidagi boy kutubxonada bosh ko‘tarolmasdi. Odatdagidek kutubxonada mutolaaga sho‘ng‘ib turganida kimningdir g‘oyibdan kelgan momaqaldiroq gulduragidek ovozi yangraydi. “Bu yigit kim?”.
Kitob dunyosiga sho‘ng‘ib turgan Sharof aka o‘girilib salom beradi. Shunda odamlar qurshovida kelayotgan pahlavon kelbatli, baland bo‘yli, soyabonli shapka kiygan noma’lum kishi o‘zidan o‘zi so‘ragandek savolga tushadi: “Muncha yulduzi isig‘-a, bu soldat yigitning? Kimsan o‘g‘lim?”.
Sharof Rashidovning Farhod GESiga tashrif buyurgan Usmon Yusupov bilan ilk uchrashuvi mana shunday kechgan ekan. Bu haqda Sharof aka keyinchalik bir necha bor to‘lqinlanib hikoya qilgan edi. Usmon Yusupov qayta-qayta savolga tutgan va savol-javob nihoyasida yonidagi yordamchisiga qarab: “O‘rtoq Rashidovning koordinatlarini yaxshilab yozib oling, Toshkentga borgandan keyin menga eslatasiz”, — deydilar.
1942 yil kuzida Sharof aka bilan turmush qurdik. Narziqul aka degan Jizzax raykomining birinchi kotibi to‘yimizga bosh bo‘lganini eslayman. 1943 yil avgustda qizimiz Sayyora tug‘ildi. Sayyora to‘rt oylik bo‘lganda bizni rahmatlik qaynotam Rashid buva va u paytlarda o‘smir bo‘lgan O‘ktam Oripov Jizzaxdan Samarqandga ot-aravada ko‘chirib olib keldilar. Samarqandda “Sovetskaya” ko‘chasidagi 19-uyda yashadik. Bu paytda Sharof Rashidov “Lenin yo‘li” gazetasining mas’ul muharriri edi. Keyinchalik u tez orada Samarqand obkomining kadrlar bo‘yicha kotibi bo‘ldi. 1946 yilning boshlari edi. Usmon Yusupov Sharof akani Toshkentga shoshilinch chaqirib qoldi. Usmon ota negadir Sharof Rashidovni Fatxiddin Shamsiddinov va Najimovlar bilan birgalikda qabul qilganlar. Ular ham Usmon Yusupov suhbatiga chaqirilgan ekan. U.Yusupov Sharof Rashidov bilan eski tanishlardek quyuq so‘rashib, “Komsomol ishiga qanday qaraysiz, o‘g‘lim?” deb so‘raydilar. Sharof Rashidov esa dabdurustdan qo‘yilgan taklif girdobidan chiqib ketish o‘ng‘ay emasligini sezgach, yurakdagi asl muddaosini ro‘y-rost aytishga o‘tadi. Va ijodiy ishga mayli zo‘rroq ekanligini va iloji bo‘lsa, uni viloyat gazetasida qoldirishlarini so‘raydi. “Nima, obkom og‘irlik qilyaptimi, o‘g‘lim?” — so‘raydi Markaziy Komitet birinchi kotibi. “Gazeta yuragimga yaqinroq? — javob qaytaradi Sharof aka. Shunda fikrlari bir joydan chiqmaganini ko‘rib, Usmon ota Nosir Mahmudov (Samarqand viloyati partiya qo‘mitasining birinchi kotibi)ga qo‘ng‘iroq qiladi. “O‘rtoq Rashidovni respublika komsomol qo‘mitasiga birinchi kotib qilib tavsiya etish taklifiga siz qanday qaraysiz, Nosir Mahmudovich?”, deb so‘raydilar. Telefonda bir fursat davom etgan suhbatdan keyin Usmon ota trubkani qo‘yar ekan, “Xayr, men sizni tushundim, Nosir Mahmudovich” — deydi-yu va suhbatda qattiq qarshilikka duch kelganini yashirolmaydi: “Nosir Mahmudov ham o‘risning o‘zginasi, o‘jar odam. Komsomolga bo‘lsa, bermayman deyapti. Mayli, Samarqandda ishlab turgin, o‘g‘lim, senga munosib ish topamiz”. Oradan bir yil o‘tib Sharof aka “Qizil O‘zbekiston” gazetasiga muharrir bo‘lib keldilar. Oilamiz Toshkentga ko‘chib keldi. Sharof Rashidov ongli hayotining asosiy davrini — 36 yilini mana shu shaharda yashadi. Sharof aka Jizzaxda tug‘ildi. Samarqandda bilim oldi, lekin mening nazarimda, u kishi Toshkentda kamolotga yetdi.
Mening nazarimda, u Toshkentni Jizzax va Samarqanddan kam sevmasdi. U kishi Jizzaxni qadrlar, Samarqandni ulug‘lar, biroq Toshkentni jon dilidan sevardi. Bir kuni vaqti-soati yetib hoki tuprog‘i mana shu shahar tuprog‘iga singib ketishini bu odam his qilgan bo‘lsa ajab emas.
“Xudo bergan” tomonlaridan biri shunda ediki, ko‘p narsalarni Sharof aka oldindan ko‘ra bilardi. Hayotda kechgan ko‘pdan-ko‘p voqealarni u kishi avval tushda ko‘rganlarini aytganlari yodimda. Hatto, o‘z o‘limini ham. Sharof aka 1983 yil oktyabr fojiasidan ancha oldin yarim tunda meni uyg‘otdilar. Uyg‘otib, ancha vaqtgacha gap boshlamay turib qoldilar. Keyin esa “Xursanoy, men tush ko‘rdim, ertalab hammasini sizga aytaman”, — dedilar-da, yana yostiqqa bosh qo‘ydilar. Sezib yotdim, qaytib u kishining ko‘zlariga uyqu kelmadi. Keyin o‘zlarining aytib berishlaricha, o‘sha tunda u kishi choptirib kelayotgan oq ot avval qoqilib yiqiladi-yu, Sharof aka yerga qulaydi. Yana birozdan keyin qanot paydo qilgan ot Sharof akani olib osmonga ucha boshlaydi. Ulardan ham oldinda oppoq kiyingan, soch-soqoli ham oppoq bo‘lgan mo‘ysafid uchib boradi...
— Xabardor kishilarning karomat qilishlariga ko‘ra, Sharof Rashidov umrining oxirini butunlay yozuvchilika bag‘ishlamoqchi bo‘lgan ekanlar. Davlat arbobi va ijodkorlik uning qalbiga qay darajada yaqin edi? U kishining qalbida zamondoshlari o‘qib ulgurmagan va payqamagan qanday maqsadlar bor edi?
— Sharof Rashidov 1959 yil mart oyida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi qilib saylanganini biz qanday “kutib” olganimizni” aytsam, ko‘p jihatdan o‘rinli bo‘lar, deb o‘ylayman. Shuni ta’kidlashim kerakki, Sharof aka bilan hamma narsani gaplashish mumkin edi, biroq, u kishidan “axborot” olish oson emasdi. U davlat ishini oila ishiga sira-sira qo‘shmasdi. Sharof aka birinchi kotib bo‘lib saylangan kunlari biz oilamiz bilan mutlaqo bexabar edik. O‘sha kuni Sharof aka kech soat 12 dan oshganda uyga qaytdilar. Biz doimo Sharof aka qayerdaligini bilar va undan xabardor bo‘lar edik. Lekin o‘sha kuni bu sirni hech kim yecholmadi. “Sharof aka qayerdalar?” degan savolimizga, u kishining hamma ishidan xabardor yordamchilaridan “majlisdalar” degan javob oldik. Lekin bu qanday majlis ekanligini keyin bildim. Uyga juda horg‘in qaytgan Sharof aka “Nega buncha kech qoldingiz?” degan savolimga “Bolalar uxlashyaptimi?”, deb savolga savol bilan javob qaytardilar. “Allaqachon” dedim men. “Bo‘lmasa bolalarni uyg‘oting”, — dedilar kutilmagan buyruq ohangida. “Hammasinimi?” — so‘radim ajablanib. “Ha, hammasini uyg‘oting”. Eng kichigimiz o‘shanda 7 yoshda, hali maktabga bormagandi. “Hammasini uyg‘oting! Hammasini yuvintiring!” — deb yana takrorladilar. U kishining horg‘in chehrasidan biror bir ma’no o‘qish uchun ko‘z yugurtirganimda, zo‘r-bazo‘r jilmayib qo‘ydilar: “Oilaviy majlis qilamiz”.
Bolalar yuvinib, kiyinib davra tortishdi. Shunda Sharof aka bir necha yillar burun bizni Jizzaxdagi Lenin nomli maktabda o‘qitgani kabi dona-dona so‘z boshladi: “Bolajonlarim, men bugun katta bir majlisdan hozirgina chiqib kelyapman. Bugun bizda byuro bo‘ldi. Meni respublikaning birinchi kotibi qilib sayladilar. Endi bu og‘ir vazifada men kimga suyanaman? Birinchi navbatda siz — bolajonlarim, mening yordamchim bo‘lishingiz kerak. Buning uchun nima qilishimiz kerak? Birinchi navbatda, maktabda a’lo bahoga o‘qishingiz kerak. Xulq-atvorimiz hammaga namuna bo‘lishi kerak. Oilada temir intizom bo‘lmay turib, men qanday qilib ko‘chada intizom haqida gapira olaman?”.
Biz o‘shanda Toshkent shahrining Uritskiy mahallasidagi Krenkel ko‘chasi, 5-uyda turardik. Bolalar qayta-qayta va’da berishib, xonalariga kirib ketdilar. Keyin biz Sharof aka bilan yolg‘iz qoldik. Shunda men dabdurustdan aytgan so‘zimni qarang-a: “Sharof aka, bo‘yningizga og‘ir vazifa olibsiz-ku?” desam u kishi: “Xursanoy, qo‘yishmadi, lekin to‘rt-besh yil ishlab, keyin yozuvchiligimga qaytaman. Vazifa og‘ir. Respublika misoli botqoqqa botib yotibdi. Amal talashuvlar respublikani xarob qilyapti. Vatanni o‘ylaydigan rahbar kam. Poytaxtning ahvoliga qarab achinaman. Shunday respublikaning poytaxti qanday bo‘lishi kerak? Qo‘limdan kelguncha Toshkentni jahonga taniqli shahar, Sharqning buyuk shahri qilishga bor kuchimni ayamayman”. “Sog‘lig‘ingiz ko‘tararmikan, Sharof aka?”. Bu savolga ham asosim bor edi. 1952 yilda Sharof aka Moskvada o‘t pufagini oldirib tashlashga majbur bo‘lgan edilar. Keyingi yillarda ham o‘t pufagi yo‘qligi o‘z kasrini ko‘rsatib tez-tez jigarda o‘t yig‘ilib qolar va bu Sharof akaning rangi-ro‘yida ham o‘z asoratini ko‘rsatib turardi. “Sog‘liqni endi xudodan tilaymiz, Xursanoy”, — deb qo‘ydilar.
Sharof Rashidov oradan sal kun o‘tib, Markaziy shifoxona doktorlarining qat’iy talabi bilan 1-statsionarda uch kun yotib chiqishga majbur bo‘ldilar. Doktorlar jigarda yig‘ilib qolgan o‘tni obdon yuvdilar. Men ham u kishining yonida bo‘lishimga to‘g‘ri keldi. Sharof akaning statsionarga tushgani qattiq sir tutilganiga qaramay, ertasi kuni palataga mashhur rais Hamroqul Tursunqulov kirib keldilar. Hamroqul Tursunqulov Sharof aka uchun o‘z o‘g‘lidek g‘amxo‘rlik qilishini men o‘sha suhbatda his qildim. Hamroqul Tursunqulovning Sharof akani ogohlantirib aytgan bir so‘zi o‘shanda meni ancha-muncha taajjubga solgan bo‘lsa ham, vaqti-soati kelib keksa dehqonning so‘zi to‘g‘ri chiqdi. “Sharofjon, O‘zbekistonni uchta-to‘rtta “chipqon”dan xalos qilish kerak, bolam. Bu “chipqon”larni davolayman, deb ovora bo‘lmang. Siz uchini davolasangiz, boshqa joyida chipqonning bolachalari yana chiqaveradi. Ularni ildizi bilan sug‘urib tashlamasangiz, O‘zbekiston pokiza bo‘lmaydi”, — deb keksa dehqon o‘sha uch-to‘rt “chipqon”ning nomini sanagan edi.
Sharof Rashidov esa xato qilgan odamga o‘z xatosini tuzatish uchun imkoniyat berish kerakligini va o‘zi ham shunday yo‘l tutajagini keksa raisga uqtirib turganda, Hamroqul Tursunqulov go‘yo portladi: “Iye, siz qiziq ekansiz, Sharofjon! Ikkita kasalni davolab bo‘lmaydi. Siz ham davolayman, deb ovora bo‘lmang. Bu men aytgan odamlar o‘sha har ikki kasal bilan bab-baravar og‘rishgan. Bu poraxo‘rlik va xotinbozlik kasali. Bu kasal ularning oyog‘idan chalgan. Xotinboz borki — poraxo‘r bo‘lishi turgan gap. Bu bir-biri bilan bog‘lanib ketgan dard. Bu chipqonlarni tuzataman, deb urinmang. Bu xato bo‘ladi. Keyin kech bo‘ladi!”.
Hurmatli raisni kuzatib qo‘ygach, Sharof aka og‘ir o‘yga toldilar. Respublikaning beshigini tebratib turgan hukmdor kishilarini ro‘y-rost poraxo‘r va xotinboz deb dangal tilga olish o‘sha paytning o‘lchovi bilan aytganda, katta aybnoma edi. Sharof Rashidov, yaqinda respublikaning “birinchiligiga” saylangan kishi bunday aybnoma bilan qiziqmasligi mumkin edimi? Bu aybnomani o‘rtaga qo‘ygan odam respublikaning birinchi dehqoni, uch marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni edi. Sharof aka bir xulosaga kelishi uchun vaqt kerak edi, albatta.
Biroq asosiy sabab vaqtmidi? “Bu “chipqon”larni men ham yaxshi bilaman, — degandi Sharof aka bir safar menga ham yuragini yorib. — Lekin ulardan ham kattaroq “chipqon”lar Moskvada turishibdi. Bu “chipqon”lar markazdagi “chipqon”lar bilan ildizi-ildiziga tutashib ketgan. Ular uchun bu dunyo faqat ayshi-ishratdan iborat. Ular go‘yo faqat shuning uchun tug‘ilgan”.
Sharof aka respublika “birinchi”ligiga saylangan yillarda respublika rahbariyatidagi ma’naviy turmush naqadar og‘ir kechishi bilan bir qatorda, Moskvaning ham mahalliy sharoit bilan mutlaqo hisoblashmagan valyuntaristik qarorlari ahvolni yanada tang qilardi. Sharof aka yangi ish boshlagan yillarda bir kun tong mahali uyimizda uch rais oldinma-keyin to‘qnash kelib qoldilar. Avval Jizzaxdan Hamroqul tog‘a kelgandi. Keyin Yangiyo‘ldan Hamroqul Tursunqulov bilan Abdulla Ortiqov kelishdi. O‘sha kezda N.S.Xrushchevning tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligini “ixtisoslashtirish” bo‘yicha Ittifoq hukumati qabul qilgan qaror yuzasidan norizolik mashhur raislarni tong mahali Toshkentga Sharof aka huzuriga otlanishga majbur qilgan edi. Bu qarorga ko‘ra hamma xo‘jalik o‘z doirasida yetakchi bo‘lgan soha bilan shug‘ullanishi, paxtakor paxta bilan, chorvador esa faqat chorva bilan shug‘ullanmog‘i darkor edi. Ana shu qarorga asosan kolxozlar ixtiyoridagi qo‘ylar sovxozlarga o‘tkazilishi shart qilib qo‘yilgan edi. Sharof aka uydan turib o‘sha paytda qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlab kelgan N.J.Xudoyberdiyevga qo‘ng‘iroq qildilar, “Normuhammad Jo‘rayevich, kolxozlarimizdan qo‘ylar batamom olib qo‘yilsa, ularning holi nima kechadi? Ularning qozoniga tosh solib qaynatamizmi? Kolxozlarda chorva tuyog‘ining bir qismini saqlab qolishga erishmoq kerak, yordam qiling, kerak bo‘lsa, Moskva bilan gaplashing. Men ham gaplashaman”.
Keyinchalik bu suhbat Sharof Rashidovga qanchalik qimmatga tushganligini ham aytib o‘tish kerak. Moskva qarorlarini yetarlicha bajarmaganligi uchun O‘zbekiston markazda qattiq “muhokama”dan o‘tdi. Bu respublikada o‘z paytida sug‘urib tashlanmagan “chipqon”larning Moskvadagi “chipqon”lar bilan hamkorlikda Sharof akaga va unga yaqin kishilarga markaz qo‘li bilan berilgan ilk zarbalardan biri bo‘ldi.
— Sharof Rashidov o‘z zamondoshlaridan kimning suhbatini ardoqlar va kimning maslahatini ayniqsa qadrlar edi? Yaxshi kunlarning hamrohi ko‘p. Lekin og‘ir damda u kishi kimga ko‘ngil yorardi?
— 50-yillarning ikkinchi yarmi Sharof Rashidov uchun yengil kechmadi. Sharof Rashidov Oliy Sovet Prezidiumi Raisi bo‘lib ishlab turganda bir yilda 300 kunga qadar komandirovkada bo‘lardilar. Ivanov degan shofyorlari bo‘lardi, hozir ham hayot, biz bilan, oilamiz bilan yaqin aloqasini saqlab qolgan. Sharof akaning komandirovka chemodanini aeroportga chiqib, almashtirib berib kelardi. Sharof aka bir viloyatdan uchib kelib, bir samolyotdan ikkinchi samolyotga o‘tirardilar. 1952 yili Sharof akaning sog‘ligi yomonlashib, bizni qattiq tashvishlantirdi. O‘shanda Toshkentda respublika rahbariyatidagi ma’naviy turmush ham u kishini ozmuncha ezmas edi. O‘sha yili Sharof Rashidovni Kreml kasalxonasiga yotqizishga to‘g‘ri keldi. Hamon esimda, uni aeroportda respublika aktividagi ikki kishi — M.M.Musaxonov va S.K.Ziyodullayevlar kuzatib qo‘yishdi.
Sharof aka sog‘ligi yaxshi bo‘lgan yillarda ishlab charchamasdilar. 70-yillarda yodimda bor. Ayni saraton mahalida Toshkent obkomining birinchi kotibi M.M.Musaxanovni zo‘rlab dam olishga jo‘natar va u kishiga Mirzamahmudovich “Biz shu kundan e’tiboran Toshkent obkomi kotibi bo‘lib ishlab turamiz. Siz xotirjam bo‘lib dam olib keling: hordiq chiqarib qaytgan kuningiz ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, o‘rningizni bo‘shatib beramiz” deb hazil-mutoyiba qilardilar.
So‘nggi yillarda sir emaski, Sharof Rashidov qishloq xo‘jaligiga taalluqli asosiy masalalarni N.J.Xudoyberdiyev, M.M.Musaxonov, Y.R.Qurbonov va viloyat rahbarlari bilan bamaslahat hal qilardilar. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida suyagi qotgan tajribali dehqonlarning maslahatlariga quloq osishni o‘z burchi deb bilardi. Sharof akaning ishdan keyin ham uyda turib ko‘p marta Mahmud Mirzayev, Mahmud Ismatov, Jo‘ra Xonazarov, Andijondan Abdusamat Tillaboyev, Samarqanddan Joniqul Yusupov, Shamsi Nazarov, Surxondaryodan Bobomurod Omonov, Namangandan Ahmadjon Odilov, Yuqori Chirchiqdan Xvan va boshqalar bilan telefonda tez-tez suhbatlashib, fikrlashib turganlarining ko‘p bor guvohi bo‘lganman. Madaniyat sohasida esa u kishi Oqil Umrzoqovich Salimovga batamom ishonardilar.
Biroq men shu o‘rinda Sharof Rashidovning do‘stlari va shogirdlari uning ishonchini qay darajada oqlay olishdi, degan bir qo‘shimcha savolga aniqlik kiritishni istar edim. Ayrim birovlar Sharof Rashidovning “Falonchi safdoshi uni turmada sotibdi, byuroda yoki plenumda u haqda noxush so‘z aytibdi” degan mayda-chuyda gaplarni tashib yurishni o‘zlariga ep bilmoqdalar. Kim nima aytgan bo‘lsa, bu ularning vijdoniga havola. Biroq men shunga dalolat berishim kerakki, Sharof Rashidov boshida qora bulutlar aylangan dastlabki kezlardayoq men uning safdoshlaridan va shogirdlaridan bir qanchasini bo‘lajak og‘ir kunlar yuzasidan qattiq ogohlantirganman. Ularga iloji boricha bizning xonadonimizga bog‘langan tomonlarni unutishlarini va og‘ir kunlarda o‘z boshlarini omon saqlashlarini ta’kidlaganman. Sharof akaning chin do‘stlarini, safdoshlarini saqlab qolishning boshqa yo‘lini topmaganman. Shu boisdan men bugun Sharof Rashidov haqida aytilgan u yoki bu gapning zamirida nimalar yotganligini anglagan holda xulosa qilish kerakligini iltimos qilardim. Aytmoqchimanki, bir nokas Sharof Rashidovni ulug‘layman, deb markazdan kelgan jallodlarning qilichiga duchor bo‘lgandan ko‘ra men Sharof akaning do‘stlari va safdoshlarining jonini saqlab qolishni afzal bilganman. Bugun aytishga oson, o‘sha kezlarda Sharof Rashidovning do‘stlari va safdoshlari boshida qatag‘on qilichi hech nimani ayamagan holda beshafqat qayralgan edi. Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi jallodlar odamlarni ne ahvolga solishganini men o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, 25 kun meni ham tinimsiz tergov qilishgan, so‘roqqa tutishgan. Asosiy savol nimadan iborat edi deng? Sharof Rashidov oilasining yaqinlari kim edi? Sharof Rashidov oilasining to‘ylarida kimlar taklif qilinardi? Qarang-a, Sharof Rashidov oilasining yaqini bo‘lishning o‘zi har qanday jazoga loyiq degan hukm uchun yetarli asos bo‘lib qolgandi. O‘z-o‘zidan shunday bo‘lgani yo‘q, albatta. Respublikada va markazda in qurib o‘z paytida sug‘urib tashlanmagan va buning uchun eng avvalo Sharof Rashidovning marhamatidan minnatdor bo‘lish kerak bo‘lgan “chipqon”lar bunga birinchi navbatda sababchi bo‘ldi! Ular o‘zlarining iflos o‘tmishini oqlashning boshqacha yo‘lini topolmadilar. Respublikada Usmonxo‘jayev hukmronlik qilgan davrda shunday bo‘ldi. Sharof Rashidovning do‘stlari va safdoshlari, shogirdlari va izdoshlariga og‘ir kunlarni boshidan kechirishga to‘g‘ri keldi. Bu qatag‘on Nishonov davrida avjga mindi. Lekin men aminmanki, Sharof Rashidovning nazari tushgan haqiqiy insonlar o‘z qiyofasini zarracha o‘zgartirmadi. Sharof Rashidov hayotda mayda gaplardan o‘zini yiroq tutardi. Bugun ham Sharof aka ruhini hurmat qilgan har bir inson u kishi haqidagi mayda-chuyda gaplardan saqlanishsa, yaxshi bo‘lardi.
— Vaqti-soati yetib, inson bu dunyoning barcha koshonasi bilan, shu jumladan toju taxt bilan vidolashuvi aniq. Shu jihatdan Sharof Rashidov o‘z vorisini tanlab ulgurmaganmidi? Ayrim taxminlarga ko‘ra, Sharof Rashidov bir paytlari o‘z o‘rniga Nishonovni, keyinchalik Salimovni va nihoyat Usmonxo‘jayevni munosib ko‘rgan emish! Siz bu taxminlar haqiqatga qay darajada yaqin deb bilasiz?
— Men suhbatimiz boshidayoq aytib o‘tdim. Sharof Rashidov oqko‘ngil odam edi, odamlarga o‘ta ishonuvchan, soddafe’l kishi edi. Biroq undan, davlat ishiga oid axborot olish osonmasdi. Shu boisdan men ham uning “voris”lik haqidagi vasiyati qanday bo‘lganligini aniq aytolmayman. Lekin yuqorida keltirilgan nomzodlar ustida Sharof akaning munosabatlari qay darajada bo‘lganligi hususida fikrimni aytishim mumkin. Nishonov “voris”lik darajasiga yetmaganligi aniq. Qolaversa, uning basharasini Sharof Rashidov juda barvaqt bilib olgandi. Tabiatan mutlaqo halol va pokiza hayot tarafdori bo‘lgan Sharof aka Nishonovning hayot tarzidan hazar qilar va qattiq nafratlanar edi. Rafiq Nishonovning marhum xotini o‘z erining munofiqligi, riyokorligi va xiyonatlari ustida Sharof Rashidovichga murojaat qilganida u kishi bir necha kun oromini yo‘qotgan va bizning ichimizda kimlar yashab, kimlar ishlayapti, deb to‘lg‘anib yurgan edilar. Usmonxo‘jayev haqida esa ko‘p gap eshakka yuk deb o‘ylayman. Chunki Usmonxo‘jayevning Oliy Sovet Raisligiga munosib nomzod bo‘lolmaganini ham Sharof aka hayotligidayoq tan olgan edilar. Bir safar Usmonxo‘jayev ichib, uyda bo‘kib qolganidan Sharof Rashidov xabardor bo‘lgach, telefonda: “Uka, o‘zingizni qo‘lga oling, doktorlarni ovora qilmang. Hali bironta doktor alkash rahbarni davolay olmagan!” — deb qattiq tanbeh berganlarini eslayman.
O.U.Salimov haqida nima deyishim mumkin? Nazarimda, u hech qachon katta rahbarlikka intilmagan.
— Yozuvchi Sharof Rashidov kimni sevib o‘qib, kimni o‘qib hayratlanardi? Adib sifatida u kimlarni qadrlar edi?
— Sharof akaning adabiyot, san’at va madaniyat arboblari ichida astoydil hurmat qiladigan do‘stlari ko‘p edi. Yashin aka, Ibrohim Mo‘minov, Obid Sodiqov, Vohid Zohidov, Sadriddin Yo‘ldoshev, Abduvali Imomaliyev, Vosil Qobulov, Sa’di Sirojiddinov, Erkin Yusupov, O‘ktam Oripov, Hamroboyev, Sodiq Mirahmedov, Uyg‘un aka, Rahmat Fayziy, Aleksandr Udalov... Eh-he, qay birlarini sanay. Sharof aka ularga o‘ziga ishongandek ishonar va ularni fanimiz va madaniyatimizning jonkuyarlari, deb e’tirof etgandilar. Lekin katta adabiyot haqida gap ketganda, Sharof aka “o‘zbek adabiyotining ufqida uch yulduz balqib chiqmoqda”, — deb qo‘yardilar. Ularning har bir yangi satri Sharof akaning e’tiboridan chetda qolmasdi. Bular: “Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva... “Ular ustozlaridan o‘tib ketishdi!”... — bu ham Sharof akaning aynan so‘zlari. Adabiyotimizning bu uch yorqin yulduzi Sharof akada katta umid uyg‘otgandi. O‘ylaymanki, ular o‘rtasida bo‘lgan ijodiy muloqotni ularning o‘zlari uchun qoldirsak yaxshi bo‘lardi. Abdulla Oripovning kitoblarini Moskvada nashr ettirish, unga munosib va moyil tarjimon topish xususida bosh qotirganlarini Abdullajonning o‘zlari yaqinda gazetda ishonarli qilib yozdilar va Sharof akaning Moskvaga yo‘llangan dastxatigacha e’lon qildilar. Ayni paytda Erkin Vohidov ham Sharof akaning mehr ardog‘ida edi. Uning mashhur “O‘zbegim” she’ri atrofida turli kimsalar o‘z hukmini o‘tkazishga uringanlarini yaxshi bilaman. Tun yarmidan oqqanda yotoqxonada telefon jiringlab, Sharof aka allakimningdir Erkin Vohidov haqida bildirgan e’tirozlariga: “Qo‘ying, Erkin Vohidovni sizdan ko‘ra yaxshiroq bilamiz, tegmang, shoirni bezovta qilmang”, — deganini yaxshi eslayman. Keyin bilsam, bu bemahalda sim qoqqan respublika Davlat xavfsizlik qo‘mitasining raisi ekan... Biroq muddaosiga yeta olmadi... Halimaxon haqida nima deyish mumkin? Men o‘ylaymanki, Halimaxon Sharof Rashidovning chin qizi edi va shunday bo‘lib qoldi. Sharof Rashidov Halimaxonni kashf etganida bu jingalak soch, kelajagi porloq qizcha hali o‘rta maktab o‘quvchisi edi.
— San’at olamida Sharof Rashidov ardoqlagan kishilar ko‘p, albatta. Lekin o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolganda Rashidov kimni tinglashni yoqtirardi?
— Sharof akaning san’at olamiga bo‘lgan munosabati haqida so‘z aytganda, yodimga birinchilar qatorida Rahim Ahmedov, Sora Eshonto‘rayeva, Shukur Burxonov, Zikir Muhammadjonov, Galiya Izmaylova va boshqalar keladi. Ajoyib hofizimiz, akademik Yunus Rajabiyga Sharof akaning hurmatlari benihoya zo‘r edi. Kompozitorlardan Ulug‘bek Musayev, rassom Bahodir Jalolovlarni bizning kelajagimiz deb bilardilar. Bahodirni erkalab “xudo bizga Kamoliddin Behzodni qaytarib berdi” deb faxrlanib gapirganlari yodimda. Agar Sharof Rashidov qay kuy va musiqani tinglashni xush ko‘rardi, desangiz, aytishim mumkin. U hayotida kamdan-kam bo‘ladigan hordiq onlarida Turg‘un Alimatov mahorat bilan chalgan tanbur kuylarini tinglab hayolga cho‘mardi. Hatto bir safar: “Agar pensiyaga chiqsam, albatta, tanburni o‘rganaman”, deb ishtiyoq bilan aytgandilar.
— Fan olami bilan Sharof Rashidovni kimlar va nimalar ko‘proq bog‘lab turardi?
— Sharof Rashidov fan olamining muammolari bilan hech erinmay ertayu kech shug‘ullanishga tayyor edi. U Muhammadjon O‘rozboyev, Ubay Oripov, Ibrohim Mo‘minov, Sodiqjon Azimov va boshqalarning muammolari bilan Moskvaga tez-tez qo‘ng‘iroq qilar, masalalar yechimini shaxsan iltimos qilardi. Akademik Korolev bilan uydan turib ko‘p so‘zlashganlari yodimda. Sharof aka Korolev e’tiborini O‘zbekistonga tortishga e’tibor berardi. Ayni paytda turli sohalarning muammolari bilan akademiklar Fedoseyev, Keldish, Aleksandrov, Ovchinnikov va boshqalar bilan tez-tez telefon suhbati qurardi.
Ayni paytda Sharof Rashidovning yuragida buyuk armonlari ham bor edi. (Biz bir safar akademik Ibrohim Mo‘minovning xonadoni mehmoni edik. Ikki quda biz ular bilan yaqinda qudalashgan edik). Amir Temur buyukligi haqida, uning tarixdagi o‘rni va xizmati haqida uzoq suhbat qurdilar. Men Amir Temur haqida ularning qarashlari naqadar yaqinligini anglab, hayratlanib quloq tutardim. “Temur haqida bizning davrimizda jim turish gunoh. Biroq nima qilish kerak? Axir Petr I ko‘klarga ko‘tarilib kino qilinayapti, romanlar yozilgan. Amir Temur oldida u kim?.. — deb suhbatni yakunladilar Sharof aka. Ibrohim Mo‘minovning Amir Temur haqidagi mashhur risolasi ana shu suhbatning mevasi bo‘lsa ajab emas.
— Lev Tolstoy: “Tolstoyni Tolstoy qilgan — Tolstoyning kun tartibidir”, — degan ekan. Sharof Rashidovning “Kun tartibi” qanday edi?
— Sharof Rashidovning kun tartibi qat’iy edi: serharakat va kamuyqulik unga xos edi. Tong soat 4 yarim — 5 da o‘rinlaridan turar va 30-40 minut hovli aylanishidan so‘ng ish stoliga o‘tirardilar. Eng muhim xususiyat — u butunlay ish formasiga kirib, “yasanib”, so‘ng ishga kirishardi. Ish stolidan soat 8 gacha bosh ko‘tarmasdi. Qalam yengil ko‘chganda ijod yurishib ketsa, bu harakat soat 8 yarimgacha cho‘zilardi. Shuncha yil yashab, Sharof akaning biron marta ishga kechikib ketganlarini eslolmayman.
— Sharof Rashidov ko‘chadagi mavqeidan kechib, “oddiy ota” bo‘la olarmidi? Oila davrasida u kishining o‘rni qanday edi?
— Men Sharof akaning uyda va ko‘chada bir xilda kamtarligi va oddiyligi haqidagi ko‘plab misollar va voqealarni eslashim mumkin. O‘ylaymanki, bu ko‘pchilikka ham sir emas. Sharof aka odam turgan joydan qayrilib ketolmas, ko‘rishmay o‘tolmas edi. “Rahbar Rashidov” haqida bugunga kelib ozmi-ko‘pmi haqiqat ro‘yobga chiqib, xotiralar, yodnomalar bitilmoqda. Sharof akaning oiladagi o‘rni ham nihoyatda oddiylik va soddalikka asoslangan edi. U o‘z farzandlarining sevimli otasi, nabiralarining yoqimli bobosi edi. Sharof akaning ishdan qaytishi oilamizda kichkintoylarning, ayniqsa, katta bayrami. Ular otalari va bobolarining har kuni ishdan qaytishini yuvinib, toza bo‘lishib, yasanib-tusanib kutib olishardi. Sharof aka nabiralari bilan har to‘qnash kelganda har qancha charchoq bosganiga qaramay, ularni yerdan ozod ko‘tarib olar, erkalar va kichkintoylar nima o‘qib, nima yodlashganini so‘rab, surishtirardilar. So‘nggi yillarda bizning kichik oilamiz 20 kishiga yetib qolgandi. Ular to‘planganda Sharof aka ularning har biriga xos so‘z topib aytar, nomlarining yoniga shirin sifatlar qo‘shib ko‘nglini ko‘tarar va shodlantirardilar. O‘g‘lim Ilhomjon, qizlarimiz Sayyoraxon, Diloromxon, Gulnoraxon, Svetaxon va kuyovlarimiz Ahtamjon, Tolibjon, Azizjon, Alisherjon va nabiralarimiz Sharof aka o‘tirgan hovlida katta hayot maktabini o‘tardilar. Men buni payqaganim uchun va bu maktab va saboq ularning kelajak hayoti uchun asqotishini bilganim tufayli bir stol ustida ularning boshini qovushtirishga jonim halak edi. Afsuski, biz kamdan-kam buning uddasidan chiqar edik. Bayramlardagina biz to‘planib, hamma stol atrofida o‘z o‘rnini egallaganda, odatda to‘rdagi o‘rin ko‘pincha bo‘sh bo‘lardi. Sharof aka goh Moskvada, goh respublika bo‘ylab komandirovkada, gohida esa majlislarda o‘z dardi, o‘z g‘ami va katta tashvishlari bilan band bo‘lardi. Biz esa buni tushunganimiz uchun u kishini kutib charchamasdik. Hayot bizga kutish va sabr-toqat baxtini mo‘l-ko‘l bergan ekan. Men hamon Sharof aka shu eshikdan mana hozir, mana-mana hozir kirib keladilar, deb kutaman. Qalbingdagi odamni kutish baxti buyuk va maroqli baxt. Men baxtli ayolman. Sharof Rashidovdek buyuk va tabarruk zot bilan umrim birga va hamnafas kechganligidan baxtiyorman. Ha, men baxtli ayolman!...»
Sharof UBAYDULLAYeV.