Rasul Kusherbayev: Kitob uchun QQSning joriy etilgani aholini mutolaadan yanayam uzoqlashtiradi

Kitob tayyorlash, chop etish va realizatsiya qilish bilan bog‘liq ishlar uchun qo‘shimcha qiymat solig‘ining joriy etilgani aholining kitobxonligini oshirish bo‘yicha olib borayotgan harakatlarimizga to‘siq bo‘lishini ko‘pchiligimiz shunchaki jim kuzatib turibmiz. 

Soliq va moliyachilarimiz bu kitob narxiga ta’sir qilmaydi, deb ishontirishga harakat qilgani bilan aslida ancha-muncha ta’sir qilgani ko‘rgayam ma’lum bo‘lib turibdi.

Aholimizning kitobxonlik darajasiga monand dunyodagi bestseller asarlar ham bizda bor yo‘g‘i ming yoki ikki ming nusxada chop etilayotgan bir paytda kitob tannarxining qo‘shimcha qiymat solig‘i hisobiga qimmatlashuvi o‘zidan bir qator asoratlar qoldiradi.

Birinchidan, kitobga to‘lov qobiliyati past aholi qatlami kitobdan yanayam uzoqlashadi. Deyarli o‘qimaydi.

Ikkinchidan, ilm fan yo‘nalishidagi bozorbop bo‘lmagan kitoblarni chop etish yanada kamayadi. Omma o‘rtasida ilm qadri pasayadi. 

Uchinchidan, kitob uchun xaridor topish ilinjida kitoblarni sifatli chop etish, ma’no mazmuni bilan professionallarni jalb etib ishlash kamayadi. Chunki bu ishlar qo‘shimcha mablag‘ talab qiladi.

To‘rtinchidan, "Namangan kitob olami" kabi kitob savdosiga ixtisoslashgan nuqtalar foyda yo‘qligi uchun ular kabi bog‘chaga yoki boshqa daromadbop savdo ob’yektiga aylanadi.

Beshinchidan, daromad ozligi sabab shundoq ham anqoning urug‘idek bo‘lgan tuman va shahar markazlaridagi kitob bilan bog‘liq savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari kamayib, uning o‘rniga ommaviy ko‘ngilochar, o‘yin kulgu maskanlari ko‘payishi avj olishi mumkin.

Oltinchidan, Prezidentning besh tashabbusi doirasida joylardagi maktab va boshqa ta’lim markazlariga mas’ullar tomonidan narxiga mos ravishda ko‘proq kitob berish bahonasida arzon va sifatsiz kitoblar sovg‘a qilish amaliyoti yanada oshadi. Sifatli va klassik asarlardan iborat kitoblar qimmatligi bois rastalarda qoladi yoki umuman chop etilmaydi.

Bu ishlarni kuzata turib tabiiy savol tug‘iladi: yillar davomida milliy maxsulot va milliy g‘urur, degan gaplar bilan avtomobil zavodiga turli to‘lov va soliqlardan imtiyoz berishga rozi bo‘lgan davlat va jamiyatimiz nahot o‘z avlodlarining kelajagi, o‘zligini saqlash yo‘lida xizmat qiladigan kitob uchun shunday qurbonlik bera olmasa. Kitob o‘qimagan avlodda milliy g‘urur, milliy o‘zlik, ajdodlarga hurmat, vatanparvarlik bo‘ladimi? 

Balki oshirvorgandirman. Biroq ayrimlarga yoqmasa ham bu shaxsiy fikrim. Va, haliyam bo‘lsa kitob narxining oshishiga sabab bo‘ladigan omillarni bartaraf qilishga vaqt borligiga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, yana bir bor barcha darajadagi mas’ullarimiz, shu yurt kelajagi, avlodlarining bilim va tafakkuri uchun befarq bo‘lmagan rahbarlar, deputatlar va ziyolilarimizdan kitob uchun imtiyozlar berilishini faol qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman!