Ravshan Ermatov hakamlik faoliyatini yakunladi
Ravshan Ermatov o‘zining FIFAdagi hakamlik faoliyatini rasman yakunladi. Bu haqda Alisher Nikimbayev xabar berdi.
OFKda ushbu voqeaga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi. Marosimda so‘zga chiqqan Ravshan Ermatov Osiyo futbol konfederatsiyasida 17 mavsum davomida faoliyat yuritish unga ulkan sharaf bo‘lganini hamda Osiyo Chempionlar Ligasining beshta finali, to‘rtta Osiyo Kubogi va uchta Jahon Chempionatida ishlash unda yorqin xotiralar qoldirganini aytib o‘tdi.
“Men Osiyo futbol oilasining a’zosi ekanimdan faxrlanaman. Endi estafetani yosh kasbdoshlarimga topshirish vaqti keldi. Ishonchim komilki, ular o‘z oldiga eng oliy maqsadlarni qo‘ygan holda yuqori cho‘qqilarga intiladi”, dedi Ermatov tantanali marosimda.
Ravshan Ermatov bir nechta o‘ziga xos rekordlar sohibidir. Xususan, u 2010 yilda JARda bo‘lib o‘tgan JChda eng yosh hakam, 2018 yilda JCh o‘yinlarida hamda OFK finalida eng ko‘p hakamlik qilgani bilan nom qozongan.
Ayni damda Ravshan Ermatov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Ermatov OFK hakamlar qo‘mitasi a’zosi sifatida Osiyoda futbol hakamlarini tayyorlashga hissa qo‘shmoqda.