Ravshanmi, Rajab? yoki bir qahramon nomini izlab

Xalqimiz o‘z qahramonlarini hamisha e’zozlab kelgan. Yurt ozodligi, el manfaati uchun jon fido qilganlarning nomi mangulikka daxldordir. Ravshan (anig‘i Rajab) Mahmudov ana shunday botirlardan biri edi. U janggohlarda qahramonlarcha halok bo‘ldi. Unga Sovet Ittifoqi unvoni berilgandi.

Ming afsuslar bo‘lsinkim, yuksak mukofot egasiga topshirilmasdan qoldi. Yana bir taassuflanarli joyi shundaki, R. Mahmudovning qarindosh urug‘lari haligacha topilgan emas. Xullas, qahramonga, mabodo u halok bo‘lgan ersa, oila a’zolariga topshirilishi lozim bo‘lgan Oltin Yulduz hamda boshqa mukofotlar hamon sobiq SSSR Mudofaa vazirliging markaziy arxivida saqlanmoqda.   Harbiy xizmatni o‘tab kelgan yillarim Samarqand shahridagi Ro‘dakiy nomli 5-o‘rta maktabda ishladim. O‘sha mavzedagi Ravshan Mahmudov nomli ko‘chada istiqomat qilganman. Xotirasi abadiylashtirilgan bu odam kim bo‘lib o‘tgan ekan, degan savol tez-tez xayolimga kelardi. Ayrimlardan bu haqda so‘radim ham. Lekin hech kim aniq bir javob bera olmadi. O‘z yurtdoshlarimizning o‘tmishini bilmasligimiz meni iztirobga soldi.    

Xo‘sh, kim bo‘ldi ekan bu odam? Qanday xizmatlari, mardliklari tufayli bunday yuksak sharafga muyassar bo‘lgan?  - Inqilobchi bo‘lsa kerak... - Mahmudovmi? Sovet Ittifoqi Qahramoni. Bilganim shu. - Qaysi mahalladan ekani ma’lum emas. - Urushda halok bo‘lganmi, keyinchalik vafot etganmi, aytolmayman... Bu xildagi javoblardan sira qoniqish hosil qilolmadim. O‘zim mustaqil izlanishga, imkoni bo‘lsa qahramonning kimligini  aniqlashga jazm etdim. N. G. Bereznyakning  «O‘zbekiston“ nashriyotida chop etilgan  «O‘zbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlari» (1984 yil) kitobida Mahmudov to‘g‘risida shunday yozilgan: «1925 yilda Samarqand tumanining Siyob qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbek. Sovet armiyasiga 1943 yilda Samarqand viloyatining Siyob tumani harbiy komissarligi tomonidan chaqirilgan. Oddiy askar. 145-o‘qchi diviziyasining 1323-o‘qchi polki 1-bataloni o‘qchisi”. Dastlabki ma’lumotnomada qahramon xizmat qilgan diviziyaning 145-deb noto‘g‘ri ko‘rsatilgani izlanishni ancha chalkashtirib, keyinga surib yubordi. 1988 yilning yozida kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib bo‘lgach, SSSR Mudofaa Vazirligining Podolsk shahridagi Markaziy Arxivida 145-diviziyaga daxldor hujjatlarni sinchiklab o‘rgandim. O‘sha yerdagi mutaxassislardan maslahat so‘ragandim, masala ravshan bo‘ldi: Mahmudovning diviziyasi 145-emas, 415-o‘qchi diviziya ekan!

Darvoqe, keyinchalik kitob muallifi Nikolay Bereznyak bilan uchrashdim. U «Noshirlar tezroq tayyorlab topshiring, deb shoshirishgandi», dedi va uzr so‘radi. Mukofot varaqasida qahramonning nomi «Rojan» deb yozilgan. Aslini olganda Ravshan, Ro‘shan ma’nodosh bo‘lib, keng tarqalgan ismlardandir, Lekin, baribir, Ravshan boshqa, Ro‘shan boshqada. Manzil aniq ko‘rsatilmagandan keyin qahramonning qarindoshlari topilmaganiga shu bois bo‘lganmikin?

 Oradan bir yil o‘tib yana Moskvaga yo‘l oldim. Ta’til kunlarini arxivning o‘quv zalida ertadan kechgacha hujjat o‘rganish bilan o‘tkazdim. To‘plagan ma’lumotlarimning barini birgina maqolada bayon etish dushvor.   Mahmudov xizmat qilgan 415-qizil bayroqdor, 2-darajali Suvorov ordenli Mozir o‘qchi diviziyasi Markaziy frontdagi 61-armiya tarkibida bo‘lgan. U 1941 yilning 18 sentyabrdan e’tiboran Uzoq Sharq fronti qismlaridan bunyod qilingan ekan. 1943 yilning 13 avgust voqealari ko‘z o‘ngimda jonlanadi. Diviziya qismlari ixtiyoridagi jami harbiy texnika pana joylarda tizilib, shox-shabba bilan dushman nazaridan himoyalangan. Uzoqqa otadigan to‘plar qantarilgan aravalarni eslatadi. Shaxsiy tarkib katta tantanaga hozirlik ko‘rmoqda. Qismlarga jangovar Qizil bayroqlar topshiriladi. Qirg‘oqdagi keng sayhonlikda barcha saf tortganda, yo‘lda avtomashinalar paydo bo‘ldi. Ulardan janglarda shuhrat quchgan zobitlar, generallar tushdilar. Tantana boshlandi. Marosim tugagach, 1323-polkdagi o‘t-olov kechib chiqqan o‘zbek jangchilari bilan yangi kelganlarning tanishuvi bo‘ldi. Yarim soat oldin bo‘lib o‘tgan tantanalar taassurotidan qonlari ko‘pirib, ko‘zlari yonib turgan yoshlardan biri shoshmay gap boshladi - Yilning boshida xizmatga chaqirildik. Mening ismim G‘ani, familiyam Alimov. Bulung‘urlikman. So‘ngra boshqalarni bir-bir ko‘rsatib dedi: Bu kishi Mamat Ahmedov, Jizzaxdan, Alimov Jumaqul – G‘allaorol tumanidan. Xolmatvoy ham Jizzaxlik. Ro‘zi bilan anovi Mahmudov Samarqand shahridan. Hammamiz harbiy tayyorgarlik davrini birga o‘taganmiz.  Yangi kelgan jangchilarda qahramon yurtdoshlari bilan faxrlanish tuyg‘usi hosil bo‘ldi. Ularda hal qiluvchi janglarda o‘zini namoyon qilish istagi kuchli edi. Shu oqshom tongotarida butun diviziya bo‘ylab jangovor buyruq taraldi:  «Shaylaning!“.   «Sumsk va Chernigov tuprog‘idagi janglarda muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan g‘alabalar qo‘lga kiritildi, - deyiladi 415-diviziya tarixi qo‘lyozmasida. Ayniqsa, 1323-polk Pridki, Petrika, Manka, Golubovka, Korobki, Dolgunsa, Peschani kabi qishloqlarni ozod etib shuhrat quchdi.

Dneprning sharqiy sohiliga chiqish uchun qilingan janglar shiddatli bo‘ldi. Jangchilarimiz 26 sentyabrga o‘tar kechasi daryoning bu qirg‘og‘ini dushmandan tortib olib mustahkam o‘rnashdilar. Bizning qo‘shilmamizdan birinchi bo‘lib 1323-polkdagi katta leytenant Lebedov batalonining 17 nafar jasoratli  jangchisi Zmeya xutori mavzeidan narigi qirg‘oqqa suzib o‘tib, jang taraddudini ko‘rdilar. Oradan bir soat o‘tmay fashistlarning katta bir to‘dasi hujumga o‘tib bahodirlarni daryoga surib tashlamoqchi bo‘ldi. Bu hujumni barbod etish unchalik qiyin bo‘lmadi. Fritslar o‘lik va yaradorlarni sudrab qochib qolishdi”.     _ O‘rtoqlar! Toki tirik ekanmiz dushmanga omonlik yo‘q!-qichqirdi vzvod boshqaruvini gardaniga olgan serjant Qosim Yoqubov. U xandaq bo‘ylab yugurarkan, dushman to‘dasiga ketma-ket granata uloqtirib tutday to‘kayotgan Mahmudovning yelkasiga qoqib dedi: 

- Barakalla, Rajab! Haqiqiy samarqandlik ekansan. Sen bilan faxrlanaman!   

Rajab?! Bu nom qaydan kelib qoldi? Murakkab jumlalarni bitishda, turli tinish belgilarini til qoidalari asosida joy-joyida ishlatib, o‘ta savodxonlik bilan yozilgan diviziya tarixidan quyidagi parchani aynan keltirmoqchiman:   «Dnepr uchun bo‘lgan jangda diviziyamizning 12 jangchisi o‘chmas shon-shuhrat quchdi. Diviziya bu mard soldatlar nomini o‘z tarixiga bitadi: ularga keyinchalik Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi. Ularning qutlug‘ nomlarini eslatib o‘tamiz: Viktor Lobanov, Pavel Kovtun, Pavel Tomilin, Vladimir Zelenev, Vladimir Kamishov, Pavel Shamayev, Dmitriy ivlyov, Qosim Yoqubov, Pyotr Shumov, Timofey Kirenkov, Radjab Mahmudov. Dnepr qahramonlariga shon-sharaflar!”.

Endi shu alohida guruhlar ro‘yxati jamlanadigan joydan Rajabning manzili, qarindoshlarini aniqlasa bo‘ladi. Izladik, 1941, 1942 yillar uchun ma’lumotlar to‘liq. 1943 yil uchun esa hech qanday ma’lumot yo‘q edi. Surishtirib ko‘rdim. Mudofaa bo‘limlari ajralgan paytda qayga ketgani ma’lum emas, deyishdi. Kishilar taqdirini belgilaydigan hujjatlarga munosabat shumi?! Har gal urush qahramonlari taqdirini o‘rganishga kirishganimda qancha-qancha qog‘ozlarni titkilab, ne-ne odamlar bilan muloqotda bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Ba’zida senga shubha nazari bilan ham qarashadi.  «Bu odam kimingiz bo‘ladi?»,  «Nega surishtirib qoldingiz»,  «Gap tagidan gap chiqarmang, tag‘in» qabilidagi so‘roqlarni ko‘plab eshitganman. Gohida ulardan xafa bo‘lib ketaman.     

Rajab hayotda nima ko‘rdi? Uning qahramonlik Yulduzi hanuzgacha egalariga topshirilmagan bir yarim million orden va medallar orasida turibdi.

Arxiv hujjatlaridan birida “onasi Xalimova Xanisa” tarzida bitilgan. Bu Hanifa, Xolnisa, Xolisa bo‘lishi ham mumkin. Rajabning  ko‘kragiga sig‘magan nishonlar uning oila a’zolariga, el-yurt saodati uchun yonib yashayotgan vorislarga so‘nmas sharaf timsoli bo‘lib qoladi. Biror asos topilarmikin, degan maqsadda Samarqand shahar adreslar byurosiga borib, quyidagi ma’lumotnomani qo‘lga kiritdim. “Yashash manzili haqida ma’lumotnoma. Samarqand adreslar byurosida mavjud ma’lumotga ko‘ra, 1923 yilda tug‘ilgan Mahmudov Radjab Asadovich Dmitrova ko‘chasining 1-proyezdidagi 3-uyda ro‘yxatda bo‘lgan. 23.10. 1990”.

Samarqandning sobiq Lev Tolstoy ko‘chasi nihoya qismidagi mahalla qabristoni oldida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasi uchun o‘rnatilgan yodgorlikda shu ism-familiyani ko‘rganday bo‘lgandim. Darvoqe, Samarqand komissariatidagi ro‘yxatlarning birida uning nomi qarshisida belgi qo‘yilgan edi. Demak kimdir u haqda ma’lumot so‘ragan.

 Xayrli ishning kechi bo‘lmaydi. Qahramonga o‘z nomini qaytarib berolsak oliyjanb ish qilgan bo‘lamiz.

Endi qahramonimizning nomi mukofot varaqasida qay tariqa bitilganiga qaytaylik.  «Rojan». Xo‘sh, oxirgi  «n” harfi o‘rnida  «p” yoki unga ohangdosh  «b” tovush belgisini qo‘yib o‘qing: Rojap-Rojab!  Hujjatgohda bo‘lganimda Rajab Mahmudov xizmat qilgan 1323-o‘qchi polkiga daxldor ma’lumotnomalardan uning quroldoshlaridan ba’zi birlari to‘g‘risida belgilar ko‘chirib oldim.  Zmeya xutori uchun bo‘lgan janglarda Rajab Mahmudov bilan qahramonlik unvoniga sazovor bo‘lganlardan Kovtun Pavel Maksimovich urushdan keyingi hayotini Toshkent bilan bog‘lagan, poyafzal fabrikasida injener vazifasida ishlab, 1980 yilda vafot etgan. Qosim Yoqubov g‘alaba bilan qaytib, Farg‘onada yashagan, 1954 yilda vafot etgan. O‘sha jangovor 1-batalonda jang qilgan mard yigitlar safida quyidagilar bo‘lgan: Alimov G‘ani, 1926 yilda tug‘ilgan. Samarqand viloyat, Bulung‘ur tumanining Nebosa ( hujjatda shunday ) qishlog‘idan. Ahmedov Mamat, 1925 yilda tug‘ilgan. Jizzax viloyat, Saroylik qishlog‘idan.  Alimov Jumaqul, 1925 yilda tug‘ilgan. G‘allaorol tuman, Udamali qishlog‘idan. Ular yaralangan va»Jasurligi uchun” medali bilan taqdirlangan edilar.  

Mahmudjonov Xolmat, 1925 yilda tug‘ilgan. Jizzax viloyat, Saroylik qishlog‘idan.  O‘zbekov Ro‘zi, 1925 yilda tug‘ilgan. Samarqand shahar, Lenin ko‘cha, 7-uyda yashagan.  Yuqorida nomlari keltirilgan askarlarning hammasi Zmeya xutori uchun bo‘lgan janglarda qatnashib, 27 sentyabrdagi mardliklari uchun  «Jasurligi uchun» medali bilan taqdirlanganlar. Ular hozirgi kunda hayot bo‘lsalar, biz bilganlarga qimmatli tafsilot qo‘shadilar degan umiddaman. So‘zni shu joyda muxtasar qilmoqchi bo‘lganimda yana bir yangi fikr paydo bo‘lib, yo‘lga tushdim. Samarqand shahar, Siyob tuman mudofaa ishlari bo‘limiga uchradim. Urush davriga oid hujjatlarning bari Temiryo‘l tuman bo‘limida ekanini aytishdi. Temiryo‘l tuman bo‘limida katta leytenant Olimjon Shukurovga murojaat qilishimga to‘g‘ri keldi. Bu zobit meni diqqat bilan tinglagach, oldimga uch-to‘rt hujjat yig‘masini qo‘ydi. 1942-1945 yillar mobaynida harflar tartibi asosida yuritilgan 92-deloni nazardan o‘tkaza turib, xursandlikdan qichqirib yuborayozdim. Ushbu yig‘maning  «M «harfi bilan boshlanuvchi familiyalar qatorida 1943 yil 30 yanvar kunida zahiradagi  9-o‘qchi brigada komandiri ixtiyoriga yuborilganlardan ikki kishining ismi-sharifini sizga peshkash qilmoqchiman: Mirboboyev Tesha,   Mahmudov Rajab...

G‘aybiddin Fazliyev.