Reanimatsiya bo‘limida sodir bo‘lgan mo‘’jiza
Mana necha kundirki, butun qavmu qarindoshlar bu yigitning ko‘zini ochib, biron nima deyishini ilhaq kutib o‘tirishibdi… Gap shundaki, ham ziyorat, ham sayohat maqsadida o‘rtoqlari bilan toqqa chiqqan bu yigit qaytishda o‘zi haydab kelgan mashinada uyiga emas, afsuski, tez tibbiy yordam mashinasida, to‘g‘ri shifoxonaga olib borildi.
Tez tibbiy yordam bo‘limi tezkorlik bilan og‘ir ahvolda kelgan bemorga birinchi yordam ko‘rsata boshladi. Ahvol juda og‘ir, jigar yorilgan, ichaklar uzilgan, bosh miyaga shikast yetkazilgan, yana bir nechta jarohatlar… Shoshilinch amalga oshirilishi kerak bo‘lgan amallar navbati bilan jarrohlar tomonidan o‘tkazildi. Tog‘ning eng yuqori cho‘qqisiga chiqib, ilkis, hayoti uchun xavfli darajada yiqilgan yigit hamon Samarqand tumani tez tibbiy yordam bo‘limining reanimatsiya xonasida. Hali unga bosh miya bilan bog‘liq muolajalar amalga oshirilishi kerak, mana necha kundirki, yigit hozircha o‘ziga kelgani yo‘q…
Samarqand tumani tibbiyot muassasalariga tashkil etilgan press-tur tuman tibbiyot birlashmasining eng og‘ir va shu bilan birga qaynoq nuqtasidan boshlandi.
Viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari tumanning asosiy shifoxonasidagi sharoitlar bilan tanishar ekan, ko‘proq qaysi kasalliklar avj olayotgani-yu, qaysilari kamayayotgani, kimlarga ko‘proq shoshilinch yordam ko‘rsatilayotgani kabi faktlarga ega bo‘ldilar.
Tog‘ cho‘qqisiga chiqaman deb...
- Afsuski, aynan bahor, yoz oylari tog‘dan yiqilish oqibatida turli jarohatlar olish bilan bog‘liq holatlar ko‘proq uchraydi, - deydi tuman tez tibbiy yordam bo‘limi shifokori Ulug‘bek Karimov. - Shuningdek, ehtimol, tog‘li hududlarimiz ko‘p bo‘lgani uchunmi, ilon, chayon chaqish holatlari, qolaversa, katta trassa mavjud bo‘lgani uchun avtoahalokatlar oqibatida jarohat olgan bemorlar kelishi ko‘proq uchraydi. Shunday paytlari bitta qaltis harakat, birgina beparvolik inson taqdirini soniyalarda o‘zgartirib yuborishi mumkinligidan afsus qiladi odam. Gap shundaki, ular orasida bu avtohalokatdan keyin bir umr nogiron bo‘lib qolganlari ham bo‘ladi. Ammo ba’zida mo‘’jizalar ham sodir bo‘ladi. Hech yodimdan chiqmaydi, o‘tgan yillar nafaqat halokatga uchragan, balki undan keyin ustidan ikkita mashina o‘tib ketgan, uning ahvolini ko‘rgan odam, nafaqat sog‘ayib ketishiga, balki aravachada bo‘lsa-da, tirik qolishiga ishonmagan holatda bir bemorni olib kelishdi. Ko‘rinishi va jarohatlari juda qo‘rqinchli bo‘lgan qashqadaryolik bemorga zudlik bilan yordam ko‘rsatildi, muolajalar amalga oshirildi. Oylab reanimatsiya bo‘limida davolanganidan so‘ng sog‘ayib, uyiga ketdi. Bu kun bemorning nafaqat oila a’zolari, balki biz tibbiyot xodimlari ham bayram bo‘ldi. Shu inson hanuzgacha Qashqadaryodan shifoxonamizga kelib, o‘sha kunni eslab, bizga rahmat aytib ketadi. Qayta tug‘ilgan kunim, deb ko‘zlari yoshlanadi.
Uch tumandan biri
Tuman tibbiyot birlashmasida viloyatdagi bor-yo‘g‘i uchta tumanda mavjud laporoskopiya uskunasi mavjud. Ushbu uskuna orqali mana bir necha yildirki, bemorlar tig‘siz, xalq tili bilan aytganda lazer usulida yiliga yuzlab operatsiyalar amalga oshirilmoqda.
- An’anaviy jarrohlikdan ko‘ra, ushbu operatsiya insonga kam jarohat yetkazishi bilan samaralidir, - deydi jarroh Zafar Hodiyev. – Shuningdek, ushbu asbob bilan turli diagnostik amallarni ham o‘tkazish imkoni mavjud. Ushbu asbobda ishlash uchun ikkita shifokorlar qatorida poytaxtdagi tibbiyot muassasasida olti oy tahsil oldik, amaliy jarayonlar bilan tanishdik. Inson tanasidagi hujayralarni 20 marotaba kattalashtirib ko‘rsatish imkoniga ega ushbu asbob orqali amalga oshirilgan jarrohlik amaliyotlaridan so‘ng bemorlar qisqa fursatda normal hayotga qaytishi e’tiborlidir.
Shuningdek, tadbir davomida tibbiyot birlashmasida bu kabi barcha shifo maskanlarida ham mavjud bo‘lmagan zamonaviy rentgen, mammografiya uskunalar kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarning uzog‘ini yaqin qilishga xizmat qilayotir.
- Tibbiyotda oldingi yillardagiga nisbatan sezilarli tarzda o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o‘rinbosari Zamira Mamirova. – Zamonaviy uskunalar tufayli viloyat markaziga borishga ehtiyoj kamaymoqda. Ikki nafar shifokorimiz Rossiya davlatida malaka oshirdi.
Shuningdek, tez tibbiy yordam bo‘limiga ajratilayotgan dori-darmonlar miqdori ham 90 foizdan oshgani quvonarlidir.
2021 yilning birinchi choragi davomida tez tibbiy yordam bo‘limiga jami 26 238 ta murojaat bo‘lgan, 25 417 ta tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan, har bir tez tibbiy yordam chaqirig‘iga o‘rtacha miqdorda 5 924,32 so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda.
«Yegan taomim bilan nima ishingiz bor?»
Press-tur davomida jurnalistlar tumandagi eng yirik, 34-son oilaviy poliklinikasi faoliyati bilan ham tanishdi. 11 mahalla, 47 ming aholiga xizmat ko‘rsatuvchi ushbu poliklinika boshqa hududlar singari yaqindagina aholisini to‘liq xatlovdan o‘tkazdi.
- Xatlov natijalariga ko‘ra, 30 foiz aholi sog‘lom, salomatligiga e’tiborli bo‘lsa, 40 foizida ortiqcha vazni bor, nos, sigaret chekish, alkogol ichish kabi salomatlikka ziyon yetkazuvchi zararli odatlarga egadir, - deydi poliklinika mudirasi Husniya Mahmudova. - 27 foizida esa surunkali xastaliklari bor yoki turli xastaliklarni boshidan kechirgan bo‘lsa, 3 foizi imkoniyati cheklangan, sog‘ayishiga imkon bo‘lmagan aholi ro‘yxati shakllantirildi. Endilikda oilaviy shifokorlar har bir guruhga mansub aholi bilan ishlab, ular o‘rtasida targ‘ibot ishlarini amalga oshirmoqda. Yaxshi bilasiz, ortiqcha vazn bugun ko‘p uchrayotgan gipertoniya, yurak qon tomir kasalliklarini keltirib chiqaradi. Afsuski, bu haqda gapirsak “Qancha va qachon taom yeyishni o‘zimiz bilamiz, sizga nima?” deguvchilarning ko‘pligi bizni tashvishga soladi.
Darvoqe, tuman aholisining faqat 20 foizga yaqinigina sog‘lom, zararli odatlarsiz hayot kechirmoqda.
Xatlov davomida aniqlangan holatlar bo‘yicha o‘rta xavf guruhida 37 763 nafar aholini sog‘lomlashtirish bo‘yicha respublikasi ko‘z mikroxirurgiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari, viloyat ko‘z kasalliklar shifoxonasi, viloyat kardiologiya dispanseri va Samarqand davlat tibbiyot institutining akusherlik va ginekologiya kafedrasi mutaxassislari bilan birgalikda 4009 nafar aholi uyida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, ularning 370 nafariga tuman shifoxonasiga, 125 nafariga viloyat muassasalariga va 1 nafari respublika davolash muassasalariga davolanish bo‘yicha tavsiya berildi.
Kasalliklarni davolash, oldini olish bo‘yicha an’analarga sodiq holda mehnat qilayotgan Samarqand tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari barcha shifokorlar singari bemorlarni sifatli davolash yo‘lida mehnat qilishayotir. Ammo tumanning 40 foiz aholisi kasallikka moyil hayot kechirishi nafaqat shifokor, balki birinchi navbatda hali shifokorga ishi tushmasa-da, ammo yaqin yillarda unga murojaat qilishga majbur bo‘ladigan odamlarni ham o‘ylantirishi kerak.
Gulruh Mo‘minova,
Zamira Boltayeva (foto).