Registon ansamblini kelajak avlodga asl holida yetkazib berishimiz kerak

Samarqandning Registon ansambli sharq me’morchiligining barcha jozibasini o‘zida mujassam etgan bebaho inshootdir. 

Registon majmuasi Mirzo Ulug‘bek madrasasi (1417-1420 yil), Sherdor madrasasi (1619-1636 yillar) va Tillakori masjid-madrasasi (1647-1660 yillar)dan tashkil topgan bo‘lib, amalda yer uchastkasining maydoni 6 gektar, shu jumladan, qurilish ostidagi maydoni 1 gektardan iborat.

Majmuadagi Sherdor madrasasining tashqi devorlari xaroba holga kelib qolgani sababli 1991 yildan 1993 yilgacha uning tashqi devorining sharqiy tomoni rangli sirli koshinlar bilan qayta tiklandi. Bundan tashqari, uning boshqa bezatilgan fasad qismining 80 foizi qaytadan ta’mirlandi.

1993 yildan boshlab Registon ansamblidagi madrasalarning tom qismini temir tunuka bilan qoplash ishlari boshlandi. Eng birinchi qadam Tillakori madrasasining masjid gumbazi atrofidagi qismdan boshlandi. Chunki Tillakori gumbazi ostidagi masjidning namligi bois o‘sha yilning bahorida ma’lum sabablar va yerosti suvlarning ko‘tarilishi natijasida poydevori cho‘ka boshladi, devorlarda yoriqlar paydo bo‘ldi. Ushbu ish o‘z natijasini bergandan so‘ng, Sherdor va Tillakori madrasalarining tom qismi oq tunuka bilan qoplandi. 

1994 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni va YuNESKO tashkilotining tashabbusi bilan Mirzo Ulug‘bekning 600 yillik yubeleyini o‘tkazish rejalashtirildi. Unga muvofiq, Mirzo Ulug‘bek bilan bog‘liq barcha tarixiy obidalarda ta’mirlash, restavratsiya qilish va obodonlashtirish ishlari bajarilishi kerak edi. Shu jumladan, Registon ansamblining Mirzo Ulug‘bek madrasasida ham keng ko‘lamli ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borish belgilandi. Madrasa o‘sha davrda juda nochor holatda edi. Samarqand shahri seysmik zonada joylashganligi sababli bu yerda bo‘lib turadigan yer silkinishlari, issiq iqlim sharoiti, kuchli shamol ta’sirida minoralarning tebranishlari va boshqa tashqi muhit ta’sirlari oqibatida madrasaning ikkinchi qavati butunlay vayrona holatga kelib qolgan edi. Madrasani  kompleks ta’mirlash ishlariga respublikamizning Xorazm, Farg‘ona, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan kelgan 250 nafardan ortiq ta’mirlovchi ustalar ishga jalb qilindi. Bu ishlarga bosh me’morlar Rafael Eshmuhamedov va Egamberdi Nurullayev bosh bo‘ldi, ular loyihaga ko‘ra hovlidagi peshtoq va hujralarini rekonstruksiya qilib, qayta bunyod etdi.  

Hozirgacha tashrif buyuradigan ziyoratchi va sayyohlarni qiziqtiradigan savollardan biri, bu madrasalardagi tarnovlardan oqib kelgan qor-yomg‘ir suvlarining qayerga ketishidir. O‘sha yillarda Mirzo Ulug‘bek madrasasi hovlisi o‘rtasidagi suv tortadigan quduqni o‘rganish davomida uning chuqurligi 16,5 metr, diametri 2,2 metr ekanligi ma’lum bo‘ldi. Quduqning atrofi to‘rtburchak g‘isht bilan terilgan bo‘lib, har ikki metrda g‘ishtli bezaklar bilan bezatilgan edi. Yillar davomida tuproq va har xil chiqindilar kelib quyilishi natijasida quduqning tubi ko‘rinmay, uning to‘lishiga  170 sm. qolgan edi. Shunda ustalar quduqni tozalab, g‘isht devorlarini qaytadan ta’mirlab, suvni qochirish maqsadida quduqning past devorining 2,5 metrli qismini konus shaklida terib, to‘rt tomonidan teshiklar qo‘ydi.

2001 yilda “Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. 2004-2006 yillar davomida Germaniyaning Potsdam qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti mutaxassislarining tavsiyasi va grantiga asosan Tillakori madrasasi masjidining gumbazi og‘irligini inobatga olib hamda poydevorlari cho‘kishining oldini olish maqsadida masjidning ikki kirish tomonida hozirgi sahndan 12 metr chuqurlikda joylashgan qumli qatlamgacha quduqlar qazib, temir-beton qorishmasidan “etikcha” quyildi. Ajablanarlisi, janubiy-sharqiy quduqning 3 metr chuqurligidan arxeologik topilmalar, ya’ni 60 ga yaqin sopol idish bo‘laklari va madrasa-inshootlarning fasadida ishlatilgan o‘yma dekorativ qismlari topilgan. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, topilmalar XV-XVI asrlarga taalluqli. Hozirgi kunda ushbu topilmalar Tillakori masjidida yaratilgan “Samarqand tarixiy suratlarda” nomli ko‘rgazmadan o‘rin olgan. Demak, ushbu topilmalar shundan darak beradiki, Tillakori madrasa-masjidi Ulug‘bek tomonidan XV asrda qurilgan Karvonsaroyning poydevori ustidan barpo qilingan ekan.

2011 yilda Registon ansambli ma’muriyati yana katta ta’mirlash ishlarini boshlab yubordi, ya’ni Sherdor madrasasi bosh peshtoqining chap tomonida joylashgan darsxonani ta’mirlash, kitobalarni qaytadan tiklash va davomini epigrafik yozuv bilan to‘ldirish ishlari amalga oshirildi. Ushbu mashaqqatli va ijodiy ta’mirlash jarayoni 3 yil davomida samarqandlik ta’mirlovchi ustalar Erkin va Rajab Ma’rupovlar tomonidan olib borildi. 

2012 yilda respublikamizda madaniy meros ob’yektlarini ta’mirlash va konservatsiya qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan Sherdor madrasasining ichki hovlisidagi katta to‘rt peshtoqni ta’mirlash belgilangan edi. O‘sha davrda ushbu mukammal ishni komissiya ko‘p yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan Bahrillo Abdulloyev rahbarligidagi “Samarqand-Ta’mir” korxonasiga topshirdi. 2015 yilgacha davom etgan ushbu keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari davomida peshtoqlarning arab yozuvlarini tiklashda samarqandlik mashhur xattot Abdujalil Ergashevning xizmatlari beqiyos bo‘ldi.

Bundan tashqari, 2013 yilda Registon ansambli Sherdor madrasasining ikkala katta qovurg‘ali gumbazlari sirlangan koshinlar bilan ta’mirlandi.

2014 yilga kelib, Registon maydonida ko‘pgina nufuzli ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi munosabati bilan maydon sathi yangi loyiha asosida qayta qurildi. Eng katta yutuqlardan biri bu maydon o‘t-gazonlardan iborat gulxonalardan tozalanib, katta qayroq toshlardan iborat maydon o‘rniga zamonaviy suv oqova tizimi yaratilib, granit tosh terildi.

Registon majmuasida sayyohlarning kechki bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun 2015 yilda Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo‘lgan 3D shaklidagi Samarqand tarixiga bag‘ishlangan nurli-ovozli shou tizimi o‘rnatildi. Bundan tashqari, Registon majmuasining 2020 yilda yangi ishlab chiqilgan veb-sayti www.registan.uz manzili bilan internet tarmog‘iga joylashtirildi. Ushbu veb-saytda Registon majmuasi tarixiy obidalari haqidagi ma’lumotlar, suratlar, bu yerda bo‘layotgan kundalik yangiliklar, o‘tkazilayotgan tadbirlar, tarixiy va zamonaviy fotosuratlar galereyasi, majmuaga doir ilmiy kitoblar, maqolalar, ma’ruzalar joy olgan.

Hozirgi kunda Registon ansamblini ta’mirlash va undan foydalanish mustaqil direksiyasining oldida turgan asosiy muammolardan biri, bu XV-XVII asrning noyob durdonalaridan bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalarini mukammal ta’mirlash masalasidir. Sababi, ushbu obidalarning ba’zi joylari namlik, issiqlik va shamol ta’sirida xavfli holatga kelib qolgan.

 Maqsadimiz - ajdodlarimizdan meros bo‘lib, sharq me’morchiligining barcha jozibasini o‘zida mujassam etgan me’moriy yodgorlik, ya’ni xalqimizning bebaho boyligi hisoblangan Registon ansamblini kelajak avlodga asl holida yetkazib berishdan iborat.

Xonqul Samarov, Registon ansambli direktori.

Azamat Samatov, direktor o‘rinbosari. 

Rahim Qayumov,  ilmiy xodim.