Rejep Tayyip Erdog‘an: Buyuklarimiz tuproqlaridan salom keltirganlarning tashrifi biz uchun juda aziz va qadrli!

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi natijalari to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, iqtisodiyot, savdo, texnologiyalar sohasiga oid hujjatlar imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda Rejep Tayyip Erdog‘an O‘zbekiston Prezidenti tashrifidan mamnun ekanini bildirdi.

– Ilmlari, ijodlari bilan dunyoga ezgulik ulashgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy kabi buyuklarimiz tuproqlaridan salom keltirgan bu insonlarning tashrifi biz uchun juda aziz va qadrlidir. O‘zbekiston bilan munosabatlarimiz kuchli qardoshlik rishtalariga tayangan holda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini e’tirof etamiz, - dedi Turkiya Prezidenti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi do‘stona aloqalar tarixida yangi sahifa ochgani, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, madaniy-gumanitar sohalarga oid ko‘plab masalalar atroflicha muhokama qilinganini ta’kidladi.

– Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasi muloqotimizning markaziy mavzularidan biri bo‘ldi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qiymati bir milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bu jarayonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldik, – dedi davlatimiz rahbari.

Aksariyat mintaqaviy va xalqaro muammolar borasida, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar kengashi doirasidagi hamkorlikka yondashuvlar mushtarak ekani ta’kidlandi. Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ham muloqotni kuchaytirish lozimligi aytildi.

Ma’rifiy Islomni targ‘ib etish, madaniyat, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport sohalarida birgalikda tadbirlar o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

– Qardosh xalqlarimiz taraqqiyoti, tinch va farovon hayoti yo‘lida rivojlanib borayotgan an’anaviy do‘stlik, keng qamrovli hamda istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etishga tayyormiz. Aynan shu tamoyillar muloqotimiz yakunida imzolangan Qo‘shma bayonotda o‘z ifodasini topdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga tashrifi davom etmoqda.