Erdo‘g‘an Netanyahuni Gitler va Stalinga tenglashtirdi
Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 9 mart kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Fanni targ‘ib qilish jamg‘armasi Bosh assambleyasining 53-kongressida aytib o‘tgan.
Turkiya rahbari 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida genotsidda ayblangan Isroilning hujumlari oqibatida 32 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lganini, 72 mingdan ziyodi yaralanganini eslatdi. Erdo‘g‘an qariyb 2 milliard kishilik musulmon davlatlari Falastin xalqi oldidagi birodarlik burchini to‘g‘ri ma’noda bajarmaganidan afsusda ekanini bildirgan.
"G‘azo sektorida sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlar bilan Netanyaxu va uning jamoasi o‘z ismlarini davrimizning natsistlari sifatida Gitler, Mussolini va Stalin nomlariga bog‘ladi", deb ta’kidlagan Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbari Anqaraning Falastin anklaviga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlariga e’tibor qaratgan. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan beri Turkiya G‘azo sektori aholisiga 40 ming tonna gumanitar yordam jo‘natgan bo‘lib, ular jami 19 ta reys va 7 ta fuqarolik kemalari orqali amalga oshirilgan.