Respublika ishchi guruhi: Yoshlar markazi hokimlik ixtiyorida, yetakchilar faoliyatida kamchiliklar bor, inshootlar ta’mirtalab...
Avval xabar berganimizdek, Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Feruz Ablayorov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi vazirlik tarkibidagi viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi hamda yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tgan yil amalga oshirilgan ishlar, sohadagi muammo va kamchiliklar, joriy yilgi rejalar va “Besh tashabbus olimpiadasi”ning yangi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini hududlarga borib o‘rgandi.
O‘rganish davomida Payariq, Toyloq, Urgut, Paxtachi va Narpay tumanlaridagi sport inshootlarining holati, yoshlar yetakchilarining faoliyati o‘rganildi, muammo va kamchiliklar tahlil qilindi.
F.Ablayorovga ko‘ra, Payariq tumanida olib borilgan o‘rganishlar davomida bir qator muammolar aniqlangan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 15 iyundagi “2021-2022 yillarda Samarqand viloyatining Payariq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tumandagi 1-bolalar-o‘smirlar sport maktabining Go‘zal mahallasidagi “Yoshlik” futbol o‘yingohini respublika byudjetidan rekonstruksiya qilish va 18x36 hajimdagi yangi sport zali qurish belgilangan bo‘lsa-da, bugungi kungacha amaliy ishga qo‘l urilmagan.
Shuningdek, tumandagi yoshlar markazi binosi yoshlar ishlari agentligi balansiga o‘tkazilmagan. Yoshlar qamrovi, ularning manfaatlari uchun xizmat qilishi belgilangan ushbu ob’yektda hokimlik topshirig‘iga asosan yoshlar siyosatiga aloqador bo‘lmagan tuman tashkilolari faoliyat olib bormoqda. Markazda yoshlarning intellektual salohiyati yuksalishiga taalluqli birorta to‘garak tashkil etilmagan.
Urgut tumanidagi sport zalining pol qismi yaroqsiz holga kelib qolgan. Sport turlari bo‘yicha o‘quv qo‘llanma va shug‘ullanish uchun sport jihozlari yetishmaydi.
Toyloq tumandagi yoshlar yetakchilari faoliyati o‘rganilganda “Besh tashabbus olimpiadasi”da ishtirok etish uchun yoshlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari ayrim mahallalarda sustligi va “Yoshlar balansi” elektron platformasi orqali tahrirlanmagan so‘rovnomalar ko‘pligi aniqlandi.
Paxtachi tumanidagi o‘rganishlar davomida mahallalardagi yoshlar yetakchilarining huquqiy savodxonligini oshirish, tuman va shaharlardagi yoshlar yetakchilari bilan tajriba almashish bo‘yicha doimiy o‘quvlar tashkil etish choralarini ko‘rish belgilandi. Shuningdek, tumandagi sport maktabining 2 ta filiali va ularga qarashli 3 ta sport inshootining holati bilan tanishildi.
Narpay tumanidagi o‘rganishlar respublika ishchi guruhining sayyor qabuli bilan boshlandi. Qabulda yoshlarni qiynab kelayotgan murojaatlar tinglanib, yechimi yuzasidan mas’ullar biriktirildi hamda yetakchilarga “Yoshlar daftari” va “Yoshlar balansi”ni shakllantirish bo‘yicha tushuntirish berildi.
O‘rganishlar yakunida ishchi guruh va boshqarmalar mas’ullari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.