Respublikamiz sanoati uchun yangi mahsulot – “Artishok bargi choyi” ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilmoqda

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida Respublikamiz sanoati uchun yangi mahsulot – “Artishok bargi choyi” ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining 23 oktyabrdagi xulosasida keltirilgan.

Institutda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarining navbatdagi yutuqlari sirasiga kiruvchi ushbu dorivor choy mahsuloti ovqat hazm qilish, qon aylanish tizimlari, jigar, buyraklar, o‘t pufagi faoliyatini yaxshilash hamda tanadagi ortiqcha yog‘larni yo‘qotishga tavsiya etiladi. Xorijda artishokni qimmatbaho dorivor o‘simlik sifatida yaxshi bilishadi. Bizning dorixonalarimizdagi mavjud artishokdan tayyorlangan preparatlar hammasi import qilingan mahsulotlar hisoblanadi.

Artishok ko‘p mamlakatlar farmakopeyasiga kiritilgan dorivor o‘simlik hisoblanib, respublikamizda bir necha yillardan beri ekilib, biologik xususiyatlari o‘rganilib, muvaffaqiyatli introduksiya qilingan.

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti bir guruh olimlari tomonidan 2021 yildan boshlab ushbu o‘simlikni Samarqand va Buxoro viloyatlarining qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan qurg‘oqchil va sho‘rlangan yerlarida ekish, biomassasini yetishtirish hamda xom ashyosini tayyorlash ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, yetishtirilgan artishok xom ashyosi tarkibida inson organizmi uchun foydali biologik faol moddalar yetarli miqdorda mavjud.

Bu o‘simlik xom ashyosidan dorivor choy mahsulotni tayyorlash va qadoqlash jarayonlari institut laboratoriyalarida amalga oshirildi. 2021 yilda artishok yetishtirish, xom ashyosini olish va undan choy tayyorlash jarayonlari uchun dastlab “Fitochoy – super power” mavzusida startap loyihasi qo‘lga kiritildi. Loyiha asosida fan-ishlab chiqarish integratsiyasi vujudga kelishi natijasida endilikda bu o‘simlikdan sanoat miqyosida mahsulot ishlab chiqarish hamda aholimizni ekologik toza, sifatli, organik mahsulot bilan ta’minlash uchun to‘la imkoniyatlar mavjud.

Yigitali TOShPO‘LATOV,
Samarqand agroinnovatsiyalar va
tadqiqotlar instituti dotsenti.