“ROBOT.UZ - 2023” xalqaro ko‘rik-tanlovi: SamDUning “Robotex” jamoasi gid-robot loyihasi bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi

Samarqand davlat universiteti intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetida bugungi kunda kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari, sun’iy intellekt, dasturiy injiniring ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 600 ga yaqin talaba tahsil olyapti.

Fakultetda sun’iy intellekt va axborot tizimlari, kompyuter ilmlari va texnologiyalari fanlari, dasturiy injiniring kafedralari mavjud bo‘lib, unda 50 ga yaqin professor-o‘qituvchilar talabalarga tahsil beryapti. Fakultet Hindiston, Malayziya, Angliya, AQSh, Rossiya, Koreya, Xitoy, Yaponiya, Qozog‘iston kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

Joriy yilda fakultet qoshida IT markaz tashkil etilib, unda robototexnika, sun’iy intellekt, grafik dizayn, veb-dizayn, 3D modellashtirish, maketlar yasash, mobil qurilmalar uchun dasturlash, moushn grafika kabi savodxonlik kurslari yo‘lga qo‘yildi. Bu mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlaridagi eng zamonaviy va yetakchi IT markazlaridan biri sanaladi. Unda tahsil olayotgan talabalar bir qator xalqaro va respublika ko‘rik-tanlovlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgani ham shundan dalolat berib turibdi.

- Yaqinda Toshkent davlat texnika universitetida o‘tkazilgan “ROBOT.UZ - 2023” xalqaro ko‘rik-tanlovda universitetning “Robotex” jamoasi ishtirok etdi, - deydi dasturiy injiniring kafedrasi o‘qituvchisi Sardor Obloqulov. - Xalqaro tanlovda 10 dan ziyod davlatdan 50 ga yaqin talabgor qatnashdi. Bizning jamoa “Foydali robotlar” yo‘nalishi bo‘yicha gid-robot loyihasi bilan ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni egalladi.

Ushbu robot mikrokontroller va qo‘shimcha qurilmalari orqali yasalgan bo‘lib, boshqaruv dasturlash asosida amalga oshiriladi. Gid-robotga buyurtmachining xohishiga qarab istalgan ma’lumotlarni joylashtirish mumkin. Jamoaning bu kabi xalqaro tanlovlarga olib chiqadigan loyihalari talaygina. Ayni vaqtda ular yanada mukammalroq loyihalar ustida ish olib boryapti.

- Joriy yilning 20 iyun kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan bitiruvchi talabalar uchun o‘tkazilgan olimpiadada qatnashib, informatika va axborot texnologiyalari fani bo‘yicha bilimlarimni sinovdan o‘tkazdim, - deydi universitetning amaliy matematika va informatika yo‘nalishi talabasi Otabek Esanov. – Ushbu tanlovda 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, magistraturaga davlat granti asosida o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bunda albatta, universitetimizdagi IT markazda malakali mutaxassislardan olgan bilimlarim asqotdi.

Abdusattor BOBOYoROV.