Rossiya Federatsiyasi tomonidan yuk mashinalarining Rossiya va Belarus chegarasidan o‘tishida yangi tartib joriy etildi
2024 yilning yanvar oyidan boshlab, Belarus-Rossiya chegarasidagi «Krasnaya gorka», «Rudnya», «Krasniy kamen» nazorat punktlaridan uchinchi davlat fuqarolarining o‘tishi cheklandi.
Yangi tartibga muvofiq, ikki davlat chegarasidan faqat Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi fuqarolari erkin o‘tishi (kirish va chiqish) mumkin.
Ushbu tartib avtotransportda xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan haydovchilarga ham tegishli.
Uchinchi davlat (shu jumladan, YeOIIga a’zo davlatlar) fuqarolari bo‘lgan xalqaro yuk tashuvlari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar Rossiya Federatsiyasiga kirishi va mamlakatni faqat xalqaro chegara-nazorat punktlari orqali tark etishi mumkin.
Yangi tartibning joriy etilishi ortidan uchinchi davlat, xususan, O‘zbekiston fuqarolari boshqaruvida bo‘lgan yuk mashinalarining Rossiya-Belarus chegarasida to‘planib qolish holati kuzatildi.
Yuzaga kelgan mazkur holat O‘zbekiston va Belarus Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasi transport vazirliklari rahbariyati darajasida muhokama etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi rahbariyati tomonidan ushbu holatda milliy tashuvchilarimiz manfaatlarini inobatga olgan holda hukumat darajasida yechim topish yuzasidan diplomatik kanallar orqali muzokaralar olib borilayotganligini ma’lum qildi.