Rossiya ishchi kuchi tanqisligini bartaraf qilish uchun O‘zbekiston, Tojikiston va Ukrainadan kelgan migrantlar oqimini kutmoqda
Rossiyadagi migrantlar soni yil davomida taxminan yarmiga kamaydi. Bu haqda RIA Novosti agentligiga IIV xabar berdi.
Agentlikning hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda mamlakatda 6 millionga yaqin migrant bor. Shulardan bir millionga yaqin kishi vaqtincha yoki doimiy yashash uchun ruxsatnomaga ega, deya aniqlik kiritdi vazirlik.
15 dekabr kuni Rossiyaning qurilish vazirligi va uy-joy kommunal xo‘jaligi migrantlar yetishmasligi sababli, ularni qurilish maydonlarida ishga joylashtirishning yangi usulini taklif qildi. Ya’ni, “gastrabayter”lar uchun barcha javobgarlikni ularni olib keluvchi tashkilotlarga yuklash taklif qilingan. Qurilish maydonlarida ishchilar yetishmasligi haqida allaqachon Rossiyaning 50 ta viloyati xabar bergan. Bu ishchi kuchiga ehtiyoj 190 ming kishini tashkil etadi, degani. Vazirlik ishchi kuchi tanqisligini bartaraf qilish uchun O‘zbekiston, Tojikiston va Ukrainadan kelgan migrantlar oqimini kutmoqda.
Xullas, Rossiyaning katta shaharlaridan migrantlarning ommaviy chiqib ketgani bois ko‘p korxonalarda ishchi kuchi tanqisligi muammoga aylangan. Ayniqsa, qurilish, tovar yetkazib berish, maishiy xizmat kabi sohalarda ishchilar yetishmayotgani, oqibatda mijozlarning shikoyat va e’tirozi ko‘payib borayotgani haqida oktyabr oyida ham xabar tarqalgan edi.
«Avito.Rabota» analitik markazi ekspertlari taqdim etgan xulosaga ko‘ra, moskvaliklarning deyarli uchdan bir qismi (28 foizi) mehnat migrantlarini siqib chiqarishga tayyor va ularning o‘rniga farrosh yoki quruvchi sifatida ishlashga «shay». Xullas, Moskva aholisining yarmi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun migrantlar oqimi kerak emasligiga amin bo‘lishgan.