Rossiya mudofaa vazirligi NATOni Belarus va Rossiya o‘rtasidagi ittifoqni buzishga harakat qilayotganlikda aybladi

NATO o‘z qo‘shinini Rossiya va Belarus chegarasi yaqiniga joylashtirish va u yerdagi harbiy infratuzilmani rivojlantirish orqali ikki davlatning harbiy ittifoqini yo‘q qilishga harakat qilmoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri o‘rinbosari, Qurolli kuchlar bosh harbiy – siyosiy boshqarma boshlig‘i Andrey Kartapolov ta’kidladi.

“NATO Yevropadagi jangovar holatni va harbiy faollikni oshirishda davom etmoqda. NATO Boltiqbo‘yida jadal sur’atlar bilan harbiy infratuzilmalarni joylashtirish ishlarini olib bormoqda. Harbiy faoliyat kengaytirilishidan asosiy maqsad Belarus va Rossiyaning harbiy ittifoqini tarqatib yuborish”, dedi u Rossiya va Belarus hududlari forumida.

Kartapolov bunga nisbatan javob tadbirlari amalga oshirilayotganini, jumladan, “Ittifoq qalqoni” va “Slavyan birodarligi” o‘quv-mashg‘ulotlari haqida alohida ta’kidladi. U Belarusni nafaqat yon qo‘shni, balki “ishonchli harbiy ittifoqdosh”, deb atadi.