Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Samarqand bolalar xirurgiya markaziga keldi
Xabar qilganimizdek, 3-4 iyun kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston-Rossiya tibbiyot forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston va Rossiya sog‘liqni saqlash vazirlari Amrillo Inoyatov va Mixail Murashko, shuningdek, ikki mamlakatning sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari, siyosatchilar, soha mutaxassislari va akademiklari ishtirok etib, sog‘liqni saqlashning muhim masalalarini muhokama qildi. Ilg‘or tajribalar almashdi, hamkorlikdagi loyihalar imkoniyatlarini o‘rgandi.
Forum doirasida Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko Samarqand bolalar xirurgiya markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida bemor bolalarga yaratilgan malakali tibbiy yordam berish borasidagi shart-sharoitlar bilan tanishib, bolalar salomatligini saqlash bo‘yicha fikr va takliflarini bildirdi.
- O‘zbekistonda tibbiyot sohasida, ayniqsa, bolalar salomatligini saqlash bo‘yicha qilinayotgan ishlarga havasimiz ortdi, – dedi M.Murashko. – Buni mazkur markazda yaratilgan sharoit, zamonaviy tibbiy uskunalardan foydalanilayotgani, shifokorlarning yuqori professionalligida ko‘rish mumkin. Rossiyalik shifokorlar samarqandlik tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda ishlash, o‘zaro tajriba almashishga hamisha tayyor.
Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vazirligining bosh bolalar xirurgi, Veltiщyev nomidagi pediatriya va bolalar xirurgiyasi klinik ilmiy tekshirish instituti direktori Dmitriy Morozov markazda davolanayotgan bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, samarqandlik hamkasblari bilan suhbatlashib, zarur maslahat va tavsiyalar berdi. Bolalar xirurgiyasi sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, ikki kunlik forum doirasida sog‘liqni saqlash sohasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.