Rossiyada 100 nafardan ortiq o‘zbekistonlikning pasporti olib qo‘yilib, majburiy mehnatga jalb etilgani aniqlandi
O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi bosh konsulligi xodimlari Tashqi mehnat migratsiya agentligi vakillari bilan hamkorlikda Rossiyaning Ural federal okrugida majburiy mehnatga jalb etilgan o‘zbekistonliklarning vatanga qaytishiga ko‘maklashgan.
Bosh konsullikdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shu yil oktyabr oyida O‘zbekiston fuqarolari X.S., B.S., U.D. Tashqi mehnat migratsiya agentligining Yekaterinburg shahridagi vakiliga murojaat qilib Sverdlovsk viloyatidagi «Reftinskaya ptitsefabrika» korxonasi ish beruvchilari bir guruh vatandoshlarning fuqarolik pasportlarini olib qo‘yganini hamda oylik maoshlarini bermasdan majburiy tarzda ishlatib kelayotganini ma’lum qilgan.
Vatandoshlarning murojaatlari asosida olib borilgan surishtiruvlarga ko‘ra, joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Moskva viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan «Konstanta» MChJ 100 nafardan ortiq o‘zbekistonlikni Sverdlovsk viloyatidagi yirik tovuq yetishtirish xo‘jaligiga olib kelgan. Migrantlar Rossiyada vaqtincha bo‘lish va ishlash huquqini beruvchi hujjatlar bilan rasmiylashtirilmasdan ishga jalb etilgan.
Vatandoshlar bilan muloqot davomida ular 2 oy davomida oylik maoshlarini olmagani, fuqarolik pasportlari tortib olingani aniqlangan.
Korxona rahbariyati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida 53 nafar o‘zbekistonlikning fuqarolik pasport olib berilgan va ularga vatanga yetib olishi uchun ko‘mak ko‘rsatilgan. Qolganlar esa Yekaterinburg, Moskva va boshqa shaharlarida qonuniy tarzda o‘z faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan.